Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar doirasida Mirzaobod tumanidagi Turgʻun Ahmedov mahallasida shoirning uy-muzeyi tantanali ravishda ochildi.
Eʼtiborlisi, uy-muzey qoshida kutubxona ham tashkil qilindi. Shoirning ijodiy ish qurollari, qoʻlyozmalari, maktublari, shaxsiy buyumlari muzeydan noyob eksponatlar sifatida joy oldi. Shuningdek, bu yerda Toʻra Sulaymon haykalining ochilish tadbiri ham boʻlib oʻtdi.

— Yurtimizda Mirza vohasining oddiy qishloqlaridan birida yashab, ijod qilgan ustoz ijodkor Toʻra Sulaymonning sheʼrlari kirib bormagan xonadon yoʻq, desak, hech ham mubolagʻa boʻlmaydi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari vazifasini bajaruvchi Noriniso Qosimova. — Uning juda koʻplab sheʼrlari xalqimiz sevib tinglaydigan qoʻshiqlarga aylangan. Xususan, “Umr oʻtmoqda”,“ Topolmasman”, “Bahor ketma, mening bogʻimdan” singari taronalar bugungi kunda milliy musiqa sanʼatining durdonalari sirasidandir. Shuni mamnuniyat bilan aytish lozimki, shoirning xalqimiz adabiy-maʼnaviy xazinasiga qoʻshgan ana shunday ijodiy hissasi va ona yurtning fidoyi ijodkori sifatidagi ibratli faoliyati davlatimiz tomonidan yuksak eʼtirof etilayotganidan barcha ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, Toʻra Sulaymon ijodi muxlislari va albatta, shoirning avlodlari cheksiz minnatdorligini izhor qilishmoqda.

Uy-muzeyning ochilish tantanasidan soʻng Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida “Quyoshga intilgan shoir” deb nomlangan adabiy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar Toʻra Sulaymon ijodining yosh avlodni ona yurtga yanada mehr-muhabbatli va sadoqatli qilib tarbiyalashda hamda maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda munosib oʻrni borligini alohida taʼkidladi.

Toʻra Sulaymon tavalludining 90-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, Oliy Majlis Senati aʼzosi, shoir va jurnalist Abdusaid Koʻchimov, filologiya fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldoshev va boshqa taniqli olim hamda ijodkorlar ishtirok etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring