Sirdaryoda ota va qiz talaba boʻldi

20:27 22 Avgust 2023 Jamiyat
1330 0

Foto: Arxiv surat

Guliston tumanining Beshbuloq mahallasida yashovchi oilaning ikki aʼzosi talabalikka qabul qilindi. Eʼtiborlisi, ulardan biri bundan 31 yil oldin umumtaʼlim maktabini bitirgan 48 yoshli Abdumalik Salamov. Ikkinchisi esa uning qizi – Diyoraxon Hamidova.

Abdumalik Salamov Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining falsafa yoʻnalishi sirtqi boʻlimiga, Diyoraxon esa Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining filologiya fakulteti koreys tili yoʻnalishiga oʻqishga kirdi.

Shunday qilib, ushbu oiladagi talabalar 4 nafarga yetdi. Negaki, Abdumalikning yana ikki farzandi davlat granti asosida, yaʼni Madinabonu Toshkent kimyo–texnologiyalari institutining Yangiyer filialida, Temurmalik esa Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida taʼlim olib kelmoqda. Hozir 9-sinfda oʻqiyotgan eng kichik farzand Intizor kelgusida xorijiy til yoʻnalishi boʻyicha oliy oʻquv yurtida oʻqishni niyat qilgan.

Abdumalik Salamovning turmush oʻrtogʻi Yulduzxon koʻp yillik boy tajriba va malakaga ega hamshira. Abdumalikning oʻzi esa oddiy ishchi. Shundan boʻlsada, bolaligidan kitob va gazeta-jurnal oʻqishni kanda qilmay keladi. Uning xonadonida ham kitobxonlik eng asosiy mashgʻulotlardan biri. Buni mazkur oilaning 2021-yilda “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovining viloyat bosqichida ikkinchi oʻrinni egallagani ham tasdiqlab turibdi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?