Singiljon, ekaver rayhonlaringni...
Foto: Arxiv surat
Nigoraga eri Rasuljon tanbeh berdi:
— Tushuna olmayapman, seni! Qanaqa xotinsan? Koʻpqavatli uyda yashaysanku, tashqari senga begona joy. Hech kimdan soʻramasdan, yoʻlak chetiga rayhon ekibsan, kim senga ruxsat berdi! Axir bu yer shahar, qishloqdagidek, istagan ishingni qila olmaysan. Ichkarida bolangga qarab oʻtirsang boʻlmaydimi?
Nigora yerga qaradi, yuzi duv qizardi. Xuddi gunoh ish qilib qoʻyganday oʻngʻaysizlandi. Va eriga yalinqiroq ovozda dedi:
— Dadajonisi, bilasiz rahmatli qaynonam hovlini toʻldirib, rayhon ekardi. Uning hidi qoʻshni mahallalarga ham taralib turardi. Onajon aytardiki, hovlingga rayhon eksang, farishtalar uchib keladi. Rayhon hidi ufurib turgan xonadondan balo qazo qochadi, inson ruhiyatini koʻtaradi, nafas yoʻllarini tozalaydi. Juda farishtali ayol edida, rahmatli. U ekkan rayhonlardan olib qoʻygan urugʻ bor edi, shuni katta yoʻl chetiga sepib, suv qoʻydim, nima qipti, shunga.
Rasuljon hech narsa deya olmadi. Bir xotiniga, bir uning qoʻlidagi belkurakka qarab turdida.
— Xotin, shu qoʻshnilar ustimizdan kulmasin, deymanda, shaharni qishloq deb oʻylab allambalolarni ekib yurishibdi, deb.
Oradan bir necha kun oʻtganidan soʻng, Nigora koʻchadan chopqillab kelib, eriga “suyunchi bering” dedi. Rasuljon hang-mang boʻlib, xotiniga qaradi. Uning yuz-koʻzida quvonch oʻynar edi. Qandaydir xushxabarni aytish uchun chogʻlanardi.
— Bilasizmi, dadajonisi, men ekkan rayhonlar unib chiqibdi!
Rasuljon pastga tushib, jimirlab, nish urgan rayhon koʻchatchalarini koʻrib, dili yayradi. Uni qoʻllari bilan silab, koʻziga surtdi: “Onam ekkan rayhonning urugʻi shaharda barg yozyapti, deb ich-ichidan quvondi.
Nigora ekkan rayhonlar tizza boʻyi boʻlib, atrofga anvoyi boʻy tarata boshladi. Bir kuni Nigorani mahalla raisi izlab keldi.
— Aytmadimmi senga, bu rayhonlaring boshingga bitgan balo boʻladi deb, — dedi Rasuljon xotiniga. — Ana mahallaning raisi kelibdi, chiq, endi! Nigora qoʻrqa-pisa rais yoniga borar ekan, xayolida “hamma rayhonlarni sugʻurib tashla” desa nima qilaman, deb oʻyladi.
— Kelin, shu koʻchadan oʻtganimda rayhon hidini tuyib, biram kayfiyatim koʻtariladiki, asti qoʻyaverasan, — dedi rais. — Toʻgʻrisini aytsam, onam ekkan rayhonlar boʻyini his qilaman, oʻsha xotiralar jonlanadi, xayolimda. Qishlogʻimizda har bir hovlida rayhon ekilardi, uni hidi bilan katta boʻlganmiz, kelin. Bugun ana shu tuygʻu meni sening eshigingga yetaklab keldi. Mahallamizda yashaydigan turli millat vakillari uning hidi oʻtkir ekan, koʻpaytirish kerak, deyishyapti. Aslida rayhon ekish milliy qadriyat. Sen shu qadimiy qadriyatlarni davom ettiryapsan. Albatta, buni mahallaga yoyamiz.
— Togʻajon, rahmat, — deya Nigoraning yuziga qon yugurdi. — Urugʻini sentyabr oyi oxirlarida olsa boʻladi. Koʻryapsizmi, mening rayhonlarim juda koʻp, urugʻining olsak, butun mahallaga yetadi.
— Barakalla, umringdan baraka top, tagʻin oʻylama, rais tanbeh berdi deb, singiljon, ekaver rayhonlaringni!
Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- “Soxta tetiklikning haqiqiy halokati”: energetik ichimliklarning sekin, ammo muqarrar yiqitish jarayoni haqida
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring