Shunchaki yozmoqqa bormaydi qoʻli...

18:28 14 Dekabr 2024 Jamiyat
568 0

Ayrim toifa ijodkorlarga nisbat berilganda “serqirra” degan taʼrif ishlatiladi. Yaʼni bir emas, bir necha yoʻnalishda qalam tebratadigan ijodkorlar shunday taʼrifga munosib. Men qalamkash Istam Ibrohimovni ana shular sirasiga kiritgan boʻlardim.

Bir umr gazetachilikning nonini yegan jurnalist sifatida ayta olamanki, bosma nashrda ishlash nihoyatda ogʻir va sermashaqqat ish. Maʼlum bir mavzuni yoritish uchun material yigʻish, uni fikrlar bilan boyitgan holda qogʻozga tushirish,sahifada bosilib chiqqunga qadar qayta va qayta ishlov berib, xato- nuqsonlardan tozalash hamda iloji boricha “kurmaksiz” holda gazetxonga yetkazish...Va buning evaziga goh maqtov, goh tanqid eshitish...

Istam Ibrohimov butun umr ana shu qiyin va zalvorli yukni yelkasida ortmoqlab kelayotgan mahoratli ijodkor. Shuncha yukni koʻtarish barobarida sheʼrlar irod qilish, hikoyalar yozishga ham vaqt topadi. Yaʼni yuqorida aytganimday, oʻzidagi noyob qirralarni yozganlarida namoyon qilib, qalam ahli orasida yalt etib koʻzga tashlanib kelmoqda.

U shunchaki yozmaydi, koʻp yozadi va xoʻp yozadi. Bitiklarida, u xoh sheʼr boʻlsin, xoh maqola yoki hikoya – maʼno bor, kitobxon unda qalbi tubida yashirinib yotgan dardni koʻradi,quvonchni his qiladi, “mening ichimdagini topib yozibdi” deydigan darajada xulosa chiqaradi.Aslida ijodkor koʻzlagan pirovard maqsad ham shu emasmi?

Yaqinda muallifning “Oq gul “ deb nomlangan sheʼrlar, maqola va hikoyalar jamlangan toʻplamini oʻqiy turib, ana shu fikrlar xayolimdan kechdi. Baʼzi asarlarni oʻqiy boshlasangiz oxiriga yetkazmaguncha qoʻldan qoʻygingiz kelmaydi. Fikrimcha, bu kitob ham shular sirasiga kiradi. Satrdan satrga, sahifadan sahifaga “hatlab” borganingiz sayin ongingiz yorishayotganini, qalbingizda ajib oʻzgarishlar sodir boʻlayotganini his qilib, asar oxiriga yetganini sezmay ham qolar ekansiz. Muallif ortiqcha tafsilotlar, ikir-chikir gaplar, maydakashlikdan qochib, faqat aniq maqsad- mohiyat yoʻlidan ketgani uchun ham tezda fikringiz bir yerga jamlanadi, xulosalar chiqarasiz. Jumlalar loʻnda, siqiq, ixcham boʻlgani uchun vaqtingizni behuda sarflamaysiz .

Oʻzbek adabiyotining suyanch togʻlari Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Pirimqul Qodirov kabi mashhur adiblarimiz soʻzga nihoyatda xasislik bilan, tejamkorona yondashganlari tufayli ham el nazariga tushgan. Ana shunday zabardast qalamkashlar asarlarini mutolaa qilib ulgʻaygan Istam Ibrohimov ijodida ham ushbu uslub taʼsiri yaqqol sezilib turadi. Shuning uchun ham toʻplamdagi barcha nasriy bitiklarning biror soʻzi ham “nishxoʻrd” boʻlmay oʻqiladi va bundan faqat huzur tuyasiz..

Toʻplamni mutolaa qilaturib chiqargan birinchi xulosam shu boʻldiki, Istam Ibrohimov Buxoro tarixidan anchagina xabardor. Shuning barobarida ushbu mavzuga bemalol munosabat bildira oladi. Bildirganda ham Shodmon Hayitov, Kamol Rahmonov, Rahmat Sharifov, Ahmadjon Gʻaniyev kabi taniqli olim va oʻlkashunoslar bildirgan fikrlarga asoslanib mushohada yuritadi. “Minorai Kalonning 900-yilligi nishonlanadimi?”, “Amirning zindoni”, “Mashhur kitoba qayerda?”, “Nikolay poshshoning sovgʻasi”, Buxoroning “Quyi hovlisi” qayerda?” kabi maqolalari shular jumlasidan.Ularni oʻqiy turib Buxoro tarixining biz bilmagan, eshitmagan goh katta, goh kichik sahifalari koʻz oʻngimizda jonlana boradi.

Atoqli kompozitor Mutal Burhonov nomini eshitmagan, asarlarini tinglamagan kishi bormikan? Istam Ibrohimov ana shu buxorolik buyuk ijodkor, Oʻzbekiston davlat madhiyasi muallifi hayoti haqida bobma-bob hikoya qiladiki, beixtiyor “Nahotki bu nuroniy otaxon shuncha koʻp algʻov-dalgʻovlarni boshidan kechirgan boʻlsa” degan mulohaza tugʻiladi. Muallif qahramoni qiyofasini yoritishda shunchaki tarjimayi holini keltirib oʻtish bilan cheklanib qolmaydi. Undagi ibratli jihatlarni koʻrsatib, xulosasini kitobxon hukmiga havola etadi.

Mana bir misol. Oʻtgan asrning 30-yillarida boʻlajak bastakor Moskvada oʻqib yurgan kezlari bir kuni doʻkonga kirib, “Musiqa tarixi” degan kitobga koʻzi tushadi. Qimmat boʻlsada sotib oladi. Bor pulini kitobga sarflagani bois ikki kun hech narsa yemay och yuradi, oʻqishga tramvayda emas, piyoda borib keladi. Boz ustiga uyidagilarga “Menga yordam kerakmas, juda yaxshi yashayapman” deb xat yozib, ular koʻnglini xotirjam qiladi.

Muallif shu hayotiy misol vositasida kitobga mehr qoʻyish, mashaqqatlarga bardoshli boʻlish, sabr-qanoat insonni kamolotga yetaklashini, buyuklik sari yoʻl ochishini taʼkidlaydi.

Buxoro amiri Sayyid Olimxonning ayanchli taqdiri barchamizga tanish. Amirlik agʻdarilgach u Buxorodan chiqib ketib, Afgʻonistondan boshpana topganidan xabardormiz. Ammo amirning xotinlari, qarindoshlaridan 64 nafari Buxoroda qolib ketgani, ular orasida uch oʻgʻli borligini, bu yigitlarning taqdiri Shoʻro davrida qanday kechganini koʻpchilik bilmasa kerak. Toʻplamdan oʻrin olgan “Otasini oq qilgan oʻgʻil” deb nomlangan maqolada aynan shu haqda, yaʼni uchala oʻgʻilning ayanchli taqdiri haqida soʻz yuritiladiki, tarixiy asosga ega bu maʼlumotlar sizni bir zumda qiziqtirib qolishi tabiiy.

Kitobdan oʻrin olgan maqolalar mazmundorligi bilan ahamiyatga molik. Buxoro jadidchilik harakati ilgʻor vakillaridan biri Qori Yoʻldosh Poʻlatov, Oʻzbekiston Xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov, taniqli shoir Sharif Nurxon haqidagi maqolalar shular jumlasidandir. Ushbu maqolalarni yozish Istam uchun oson kechmaganini unda keltirilgan boy maʼlumotlar ham aytib turibdi. U qahramoni qiyofasini toʻlaqonli ochib berish uchun ularni tanigan , bilgan, muloqot qilgan insonlar bilan suhbatlashadi, kerak boʻlsa arxivga murojaat qilib, hujjat titkilashdan erinmaydi. Alal oqibat muayyan bir shaxs qiyofasini ochib beruvchi portret chizgilari yuzaga keladi. Koʻzlagan maqsadi yoʻlida pirovard natijaga erishish faqat oʻz kasbini sevuvchi , ishga yuksak masʼuliyat bilan yondashuvchi ijodkorlargagina nasib etadi. Toʻplamni oʻqib, Istamni ana shunday ijodkorlar safida koʻrdim.

Aslida men Istam Ibrohimov bilan “Buxoronoma” viloyat gazetasida oʻn yildan ziyod birga ishlagan hamkasb sifatida undagi bu fazilatlarni allaqachon ilgʻaganman. “Oq gul “ toʻplami orqali u yuzlab kitobxonlarga buni isbotlay oldi.

Kitobdan oʻrin olgan sheʼrlarga toʻxtalish niyatim yoʻq edi. Ammo meni hayratga solgan “qadimiy karvon--tunning sudralib odim otishi”, “shaftolining shoxiga qoʻnib, bogʻlar bagʻriga yiqilayotgan Avgust”, “parishon sochlari yoziq namozshom”, “arqonini uzun tashlagan qish”, “bahor misli suvga choʻkkan tosh” kabi tashbehlarni oʻqib, hayratlanganim uchun tilga olib oʻtishni istadim. “Sogʻinch” sheʼridagi sabr kosasi toshganini anglatuvchi “Sabr bir kun simyogʻochdagi simlar kabi ketar uzilib”, kiprikdan uzilgan yoshni koʻrsatuvchi “Va sogʻinchning soʻnggi zarbasi kipriklar safini yoradi” kabi misralarni oʻqigan har qanday kitobxon muallifni tasavvur doirasi keng, badiiy oʻxshatishlar ustasi sifatida tan olishi tabiiy. Men Istam Ibrohimovning shoirlik mahoratiga munosib baho berishga ojizlik qilaman. Zabardast qalamkash Toshpoʻlat Ahmad bergan taʼrif bilan yakunlamoqchiman: “U sheʼr yoʻli ogʻir va mashaqqatli yoʻl ekanini, shoirlik shunchaki havas emas, taqdir ekanligini yaxshi biladi. Shu boisdan ham oz va soz yozishga harakat qiladi”.

Zuhra QURBONOVA,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер