Shu yil yakunigacha mingdan ortiq mahalla tibbiyot punkti tashkil etiladi

10:54 13 Avgust 2022 Jamiyat
827 0

Illustrativ foto

Prezidentimizning tegishli Farmon va qarorlarida 2022-yilda 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika, shuningdek, 1 002 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilishi belgilangan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Bugun davlatimiz rahbari tomonidan sogʻliqni saqlash tizimi mutasaddilari oldiga qoʻyilgan eng ustuvor vazifa — tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirishdan iborat. Bunga, avvalo, birlamchi tibbiyot tizimini takomillashtirish orqali erishiladi.

Ammo mahallalar kesimida oilaviy shifokor punkti joylashgan masofani inobatga olsak, ayrim hududlar aholisi bu boʻgʻin xizmatidan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Masalan, Dehqonobod tumanining Oqirtma mahallasida 3,5 ming nafar aholi yashaydi. Biroq bu manzildan hudud polikinikasigacha boʻlgan masofa 46 km.ga teng.

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Shu bois, birlamchi tibbiyot tizimini xalqqa yaqinlashtirish maqsadida joriy yil davomida 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinikani ishga tushirish reja qilingan.

Hozirgacha shundan 76 ta oilaviy shifokor punkti va 20 ta oilaviy poliklinika faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Lekin bu mavjud ehtiyojni toʻliq qoplay olmaydi.

Shundan kelib chiqib, yil yakuniga qadar 1002 ta mahalla tibbiyot punktini ishga tushirish koʻzda tutilgan. Ayni paytda joylarda 505 ta shunday muassasa aholiga tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.

Mahalla tibbiyot puktlarida oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi tomonidan qon bosimi hamda tana haroratini oʻlchash, zarur hollarda shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish, koʻrsatmaga muvofiq vena va mushak orasiga inyeksiyalar yuborish kabi birlamchi tibbiy xizmat amalga oshiriladi.

Qolaversa, bu yerda rejaga muvofiq, bolalarda emlash ishlari, aholi orasida keng tarqalgan endokrin kasalliklarining dastlabki skrining tadbirlari amalga oshiriladi.

Homilador ayollar, yangi tugʻilgan chaqaloqlar va toʻshakka mixlanib qolgan bemorlar patronaji, shuningdek, sogʻlom turmush targʻiboti ushbu muassasalar tomonidan olib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?