“Shoʻrtan” ligani tark etdi, “Neftchi” yaqqol yetakchi

10:28 04 Noyabr 2025 Sport
253 0

30-oktyabrdan 3-noyabr sanaga qadar Oʻzbekiston Superligasining 27-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

27-tur bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi:

“Dinamo” 3:1 “Xorazm”

“Navbahor” 0:0 “Nasaf”

“Shoʻrtan” 4:3 OKMK

“Andijon” 1:1 “Buxoro”

“Soʻgʻdiyona” 3:0 “Qizilqum”

“Paxtakor” 4:2 “Bunyodkor”

“Mashʼal” 1:0 “Qoʻqon-1912”

“Neftchi” 2:1 “Surxon”

Jami 8 ta oʻyindan 6 tasida mezbonlar gʻalaba qozondi, 2 ta bahsda durang natija qayd etildi. Tur doirasida boʻlib oʻtgan birorta oʻyinda mehmonlar gʻalaba qozona olmadi. Endi ayrim oʻyinlarga toʻxtalamiz.

Toshkent derbisi

Turni yakunlab bergan bahsda tomoshabinlar Toshkent derbisiga guvoh boʻlishdi. “Jar” stadionida boʻlib oʻtgan bahsda “Paxtakor” klubi “Bunyodkor” jamoasini qabul qildi.

Har ikki jamoada Superligada uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritish imkoniyati bor edi. Biroq ushbu oʻyindan keyin “Bunyodkor” klubi bu mavsum sovrindorlar qatorida boʻla olmasligi maʼlum boʻldi.

«Paxtakor« safida ushbu oʻyin oldidan 2 ta asosiy oʻzgarish koʻzga tashlandi. Soʻnggi oʻyinlarda asosan zaxiradan maydonga tushgan Doston Hamdamov va Bashar Resan bu safar asosiy tarkibda oʻyinni boshladi.

“Paxtakor” birinchi boʻlimning oʻzidayoq oʻyin taqdirini hal qildi. Uchrashuvning 5-daqiqasida Doston Hamdamov hisobni ochdi. Oradan 8 daqiqa oʻtib, Hojiakbar Alijonov oʻz uslubida yana bir chiroyli gol kiritdi. Birinchi boʻlimning soʻnggi daqiqasida Ibrohim Ibragimov hisobni 3:0 koʻrinishiga keltirdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda “Paxtakor” ancha sustlashdi. Bundan unumli foydalangan “Bunyodkor” 52-daqiqada Matiya Krivokapich tomonidan kiritilgan gol orqali hisobni qisqartirdi. Oradan 5 daqiqa oʻtib, Temurxoʻja Abduxoliqov jamoasining ikkinchi golini kiritdi.

Shundan soʻng, durangga intilayotgan “Bunyodkor” raqib darvozasi oldida qator imkoniyatlar yaratdi. Ammo, yakuniy gol “Paxtakor” tomonidan kiritildi. 90+7 daqiqada Hojimat Erkinov hisobni 4:2 koʻrinishiga keltirdi.

Shu tariqa “Paxtakor” klubi sovrinli oʻrin sari jiddiy qadam tashladi. “Bunyodkor” esa bu mavsumni medallarsiz yakunlashi maʼlum boʻldi.

Gollarga boy bahs

Turda eng koʻp gol kiritilgan bahs Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida boʻlib oʻtdi. Unda maydon egasi «Shoʻrtan« klubi Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMKni qabul qildi.

Ushbu oʻyinda magʻlubiyatga uchrash “Shoʻrtan” klubini muddatdan avval Pro ligaga ravona qilishi mumkin edi. Shuni his qilgan jamoa bu safar mutlaqo boshqacha oʻyin koʻrsatdi.

Uchrashuvda hisob 39-daqiqada Xurshid Gʻiyosov tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 0:1 hisobida yakunlandi. Tanaffusda “Shoʻrtan” bosh murabbiyi Asror Aliqulov jamoasiga nimalar degani nomaʼlum, lekin ikkinchi boʻlimda jamoa butunlay oʻzgardi.

49 va 57 daqiqalarda Poʻlatxoʻja Xoldorxonov ikki marta raqib darvozasini ishgʻol etdi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. 70-daqiqada Abubakirrizo Turdialiyev “Shoʻrtan”ning uchinchi golini kiritdi.

Bundan keyin hammasi yakunlangandek tuyuldi. Ammo 84-daqiqada Ali Abdurahmonov hisobni qisqartirdi. Ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan uchinchi daqiqada Naoki Senaga hisobni tenglashtirdi.

90+6 daqiqada oʻyin qahramoni Poʻlatxoʻja Xoldorxonov oʻz oʻrnini Jasur Hakimovga boʻshatdi. 90+9 daqiqada esa endigina maydonga tushgan Jasur Hakimov jamoasining gʻalaba toʻpini kiritdi.

Shu tariqa “Shoʻrtan” klubi Superligadagi “umrini bir kunga uzaytirdi”. Biroq 2-noyabr kuni “Mashʼal” jamoasi “Qoʻqon-1912”ni magʻlub etganidan soʻng, “Shoʻrtan” klubi Superligadan rasman chiqqani maʼlum boʻldi. Gʻuzorliklar 2026-yilgi mavsumni Pro ligada oʻtkazadi.

Chempionlik uchun kurash

Tur doirasida vodiyda oʻtgan ikki bahsdan soʻng, turnir jadvalida yetakchi oʻzgardi. Oʻtgan turda “Nasaf” bilan ochkolarini tenglashtirib olgan “Neftchi” bu turda “Surxon”ni 2:1 hisobida magʻlub etib, qarshilik klubdan 2 ochkoga oldinlab ketdi.

Bunga sabab, bu turda “Nasaf” jamoasi Namanganda “Navbahor” bilan golsiz durangga imzo chekdi. Shu tariqa soʻnggi turlar oldidan “Neftchi”da “match poynt” paydo boʻlmoqda.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

27-tur oʻyinlarini jami 31 614 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 3 952 nafar futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Neftchi” va “Surxon” oʻyini boʻldi. Ushbu bellashuvni koʻrish uchun “Istiqlol” stadioniga 13 509 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyin esa “Mashʼal” va “Qoʻqon-1912” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan ushbu uchrashuvni jami 369 nafar muxlis jonli tomosha qildi.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 28-tur uchrashuvlari 7–10-noyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Quyidagi bahslar kutilmoqda:

“Xorazm” — “Soʻgʻdiyona”

“Buxoro” — “Neftchi”

“Qizilqum” — “Andijon”

“Nasaf” — “Mashʼal”

“Qoʻqon-1912” — “Paxtakor”

OKMK — “Navbahor”

“Bunyodkor” — “Dinamo”

“Surxon” — “Shoʻrtan”

Muhammadamin Zuhriddinov “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер