Shoir yashagan xonadonda xotira lavhasi o‘rnatildi
O‘zining ibratli hayoti, serqirra faoliyati bilan yosh avlodga namuna bo‘lgan insonlarning nomi unutilmaydi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, publisist, tarjimon Toshpo‘lat Ahmad ana shunday yurtdoshlarimizdan edi.
“Tabassum bog‘i”, “Gavhari jonim”, “Qutlug‘ ostona”, “Imon qal’asi” kabi o‘nlab kitoblar muallifi bo‘lgan ustozning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, “Buxoronoma” viloyat gazetasi bosh muharriri, respublikamizda nomi tilga tushgan “Buxoro mavjlari” jurnalini tashkil etish tashabbuskori va shu nashr bosh muharriri sifatidagi faoliyati to‘g‘risida uzoq to‘xtalish mumkin.
Taqdirning inoyatini qarangki, Toshpo‘lat aka Buxoro shahrining ulug‘ alloma Muhammad Narshaxiy nomi bilan ataluvchi mahallasida, shu hududda joylashgan Fitrat nomli ko‘chada umrguzaronlik qildi. Bir umr yurtimizni, Buxoroni, shu muqaddas zaminda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimizni madh etuvchi she’ru dostonlar bitdi.
Bugun ustozning yor – birodarlari, mahalladoshlari,shogirdlari, ziyolilar, she’riyat, adabiyot muxlislari Toshpo‘lat Ahmad xonadonida to‘plandilar. Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan chora – tadbirlar doirasida shoir yashagan xonadonda xotira lavhasi o‘rnatishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoir Shodmon Sulaymon, viloyat hokimligi vakillari Akbar Rustamov, Olimjon Jo‘rayev va boshqalar Toshpo‘lat Ahmedovning insoniy fazilatlari, uning ma’naviy merosi haqida so‘z yuritdilar.
- Toshpo‘lat aka yurtimizning faxru iftixoriga sazovor ijodkorlardan biri edi,- deydi marosimda so‘z olgan “Nuroniy jamg‘armasi Buxoro shahar bo‘limi rahbari U. Nosirov. - Xuddi kechagidek esimda. Bundan bir necha yil muqaddam biz, bir guruh faollar Turkiyaning Buxoro bilan birodarlashgan Malatiya shahrida bo‘lgandik. O‘shanda ustoz bir kechada o‘zbek – turk birodarligiga oid sermazmun she’r bitib, uchrashuvlarda o‘qib bergandi. Bu she’r turk matbuotida e’lon qilingan va e’tiroflarga sazovor bo‘lgandi. Toshpo‘lat akani chin ma’noda Buxoro kuychisi deb aytish mumkin. Bunday ulug‘ insonlar nomini yod etish, ularning ibratli ishlarini targ‘ib qilish yoshlarimizni ona – yurtga, milliy qadriyatlarimizga mehr – muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, albatta.
Tadbirda Buxoro davlat universiteti talabalari hamda mahalla hududida joylashgan 22 – umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan shoir she’rlari yod aytildi.
Shu kuni ijodkorlar, adabiyot muxlislari, yoshlar Toshpo‘lat Ahmad tahsil olgan Shofirkon tumanidagi 4 – umumta’lim maktabida bo‘ldilar. Mazkur bilim dargohida ham taniqli ijodkor xotirasiga lavha o‘rnatildi.
Viloyat hokimligining tegishli chora – tadbirlar dasturiga ko‘ra, buxorolik ardoqli ijodkorlar – Tilak Jo‘ra, Samandar Vohidov, Sadriddin Salim Buxoriy, Gʻulom Shomurodov yashab o‘tgan xonadonlarda ham xuddi shunday marosimlar o‘tkazilib, ular xotirasi yod olinadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring