Shohimardon – xushniyat dillarning murodbaxsh oshyoni

14:15 17 Sentyabr 2025 Jamiyat
78 0

Fargʻona viloyatining purviqor togʻlari bagʻrida joylashgan Shohimardon va Yordon qishlogʻi yetti iqlimda mashhur. Fusunkor tabiati tufayli Shohimardon ramziy maʼnoda “Oʻzbekiston Shveysariyasi” sifatida eʼzozlanadi. Bu manzilga qadami yetgan inson uning sollanib oqayotgan oq suvi, koʻk suvi, qoya-toshlar saltanatidagi tarixiy-madaniy yodgorliklariga mahliyo boʻladi. Har qarich yeri muqaddas, aziz qadamjolar ekanini anglab yetadi. Yilning toʻrt faslida ham bu maskan oʻziga sayyohlarni jalb etadi.

Abdusattor Oripov Shohimardon nuroniylari yetakchisi. Otaxon koʻp yillik hamfikr doʻsti Bahodir Marahimov bilan birga qadrdon qishloqning birda shodumon, birda qaygʻuli tarixidan soʻzlaydi. Shohimardon haqida qomusiy bilimga ega bu otaxonlarning suhbatini eshitgingiz kelaveradi.

– Shohimardon – Xizr nazar solgan yurt, — deydi Abdusattor ota. — Bu qishloq ahli asrlar mobaynida tarixning turli soʻqmoqlaridan mardonavor oʻtib kelmoqda. Hazrat Ali maqbarasi kabi oʻnlab tarixiy obidalar, ochiq osmon ostidagi muzeylar, soʻlim tabiat qoʻynidagi oromijon turizm manzillari hududning beqiyos ramziga aylangan. Bu tabarruk maskan oʻz bagʻrida xalqimizning necha ming yillik tarixi, xonliklar, sultonlar hayoti, taqdiri, inson va tabiat oʻrtasidagi uzviy rishtalar, dehqonchilik madaniyati bilan bogʻliq qadriyatlar hamda boy merosni asrab-avaylab kelmoqda.

Ardoqli shoiramiz Malika Mirzo “Shohimradon togʻlarining havosi yaxshi, oq suvining, koʻk suvining navosi yaxshi” deya yozgan sheʼrini sevimli qoʻshiqchimiz Oxunjon Madaliyev ijrosida haligacha hayajon bilan eshitamiz. Muhammad Yusuf ham oʻz vaqtida “Bizda bori qayda bor, Shohimardon qayda bor...” deya lutf qilgan. Milliy sport oʻyinlarimizning faol targʻibotchisi Tursunali polvon ham Shohimardon turizmi rivojiga juda katta hissa qoʻshgan.

Prezidentimizning 2024-yil 11-12-iyul kunlari Fargʻonaga tashrifi davomida viloyatda turizm salohiyatini oshirish maqsadida qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi bilan 30 kungacha vizasiz kirib chiqish hamda chegara nazorat postlarini 24/7 rejimiga oʻtkazish boʻyicha topshiriqlar berilgandi. Ayni yoʻnalishda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Fargʻona viloyati hokimligining qoʻshni Batken viloyati rahbariyati bilan olib borgan muloqotlari natijasida Fargʻona tumanida joylashgan “Vodil” chegara nazorat posti ish tartibi 24 soatlik rejimga oʻtkazildi. Natijada Shohimardon va Yordonga keluvchi mahalliy dam oluvchilar soni oʻtgan qisqa davrda uch barobarga koʻpaydi.

— Joriy yilda kuniga oʻrtacha 5-6, shanba-yakshanba kunlari 11-12 ming sayyoh keldi, — deydi “Shohimardon” MFY hokim yordamchisi Muzaffar Muxpirov. — Yaqin yillargacha chorvachilik va bogʻdorchilik bilan mashgʻul boʻlgan hudud aholisi endilikda toʻliq turizm xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashmoqda. Bir necha zamonaviy mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etildi. Yuzdan ortiq aholi xonadonlarida uy mehmonxonalari ish boshladi. “Turonbank”dan biriktirilgan mahalla bankiri koʻmagida mahalliy tadbirkorlarning bu kabi istiqbolli loyihalari faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Shohimardon markazida qurib bitkazilgan amfiteatr, Hazrat Ali maqbarasi va boshqa tarixiy maskanlarda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari quvonarlidir.

Xitoy investitsiyasi ishtirokida “Shohimardon – Yordon”, “Shohimardon – Koʻli qubbon” yoʻnalishida osma dor yoʻlaklari barpo etilmoqda. Fargʻonalik tadbirkor tomonidan puxta biznes-reja asosida hayotga tatbiq etilayotgan yangi loyihalar yanada salmoqlidir.

— Turizm yoʻnalishida faol tadbirkorlik, raqobat muhiti shakllandi, — deydi Shohimardonda turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻygan mahalliy tadbirkor Hamidjon Abdurahimov. — Dastlab ushbu sohadagi faoliyatni bir binoni ijaraga olishdan boshlagandim. Hozirgi kunda zamonaviy mezonlar asosida faoliyat koʻrsatuvchi mehmon uylari tashkil etganmiz.

Bugungi kunda Shohimardondagi 635 ta xonadonda 3565 nafar aholi istiqomat qiladi. Qariyb 85 aholi xonadonlari shisha tolali internet tarmogʻiga ulandi. Hududda efirga uzatiladigan telekanallar soni oshdi. Shohimardon markazida muhtasham xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari qad rostladi. Sharqirab oqadigan soylar boʻyida milliy uslubdagi choyxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari tunu kun xizmatda. Oʻtgan yilda Shohimardon va Yordon MFYda 17 ta yangi obyektlar ishga tushirilib, bir kunda qoʻshimcha 400 nafar mehmonga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

— Oʻtgan yilda mazkur ikki mahalla hududidagi avval korxona va tashkilotlar tasarrufida boʻlgan, hozirda xususiy mulk sifatida tadbirkorlarga tegishli 80 dan ortiq dam olish maskanlarini zamonaviy koʻrinishga keltirish maqsadida hamkorlikda loyihalar ishlab chiqildi, — deydi Abrorbek Rahmonov. — Joriy yilda 14 ta loyiha doirasida 24,8 mlrd soʻmlik mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish belgilandi. Turizm rivojiga xizmat qiluvchi umumiy qiymati qariyb 19 mlrd soʻm boʻlgan 10 ta istiqbolli loyiha tanlab olindi. Bu loyihalarning 10,4 mlrd soʻmi tashabbuskor tadbirkorlarning oʻz mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi hamda 8,5 mlrd soʻm tijorat banklari kredit mablagʻi yoʻnaltiriladi.

Hozirgi kungacha viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh aʼzolari ishtirokida ikki hududdagi 100 ga yaqin dam olish maskanlari hamda 70 dan ortiq uy mehmonxonalari xatlovdan oʻtkazildi. Bu jarayonda aniqlangan muammo va takliflar joyida oʻrganilib, oʻz oʻrnida ijroga qaratilmoqda. Oʻrganishlar jarayonida ishchi guruh tomonidan qoʻshimcha 35 dan koʻproq loyihalar aniqlanib, tadbirkorlar loyihalarini hayotga tatbiq etish uchun 5 mlrd soʻm mablagʻ jalb etish belgilab olindi.

“Shohimardon” va “Yordon”da turizmni rivojlantirish maqsadida vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududning master rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu yaqin istiqbolda mamlakatimizning Zomin, Boʻstonliq kabi mashhur dam olish zonalarida amalga oshirilgan ishlar singari yirik loyihalarni yuzaga chiqarish imkonini beradi. Bu borada ikki hududda ichki yoʻllar toʻliq asfalt qilinib, koʻchalarga tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Yuzga yaqin dam olish maskanlari WI-FI tarmogʻiga ulandi. Turizm marshrutlari 10 ga yaqin yangi manzillar hisobiga kengayishiga erishildi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер