Shifokor: “Oziq-ovqat allergiyasining davosi ham, profilaktikasi ham — parhez”

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova oziq-ovqat allergiyasiga xos asosiy alomatlar va uning profilaktikasi haqida toʻxtaldi.
— Oziq-ovqat allergiyasi belgilari odatda taomlangandan bir necha daqiqadan ikki soatgacha rivojlanadi, — deydi shifokor. — Simptomlar bemorning yoshi va immuniteti holatiga bogʻliq. Asosiy alomatlar esa terida toshma, qichishish, shish yoki achishish bilan namoyon boʻladi.
Ogʻiz boʻshligʻida esa shilliq pardaning shishishi, allergik rinit, yaʼni burun bitishi, aksirish va burundan suv kelishi, yoʻtal, nafas qisishi, koʻzlarning yoshlanishi va qizarishi, koʻngil aynishi kuzatilishi mumkin. Baʼzan bu turdagi allergiya belgilariga koʻngil aynishi va qayt qilish, ich ketishi, qorin sohasidagi ogʻriqlar ham xos.
Allergiya mahali odatda toshma — eshakemi koʻrinishida paydo boʻlib, qattiq oʻzakli qizil tusli toshma, shish va qichishish bilan kechadi.
Emizikli bolalarda ovqat allergiyasi atopik dermatit sabab qator qoʻshimcha alomatlarga ega. Masalan, teri qurishqoqligi, bolaning anal sohasida emizgandan keyin kuchayadigan qizarish shular sirasidan.
Baʼzi odamlarda oziq-ovqat allergiyasi jiddiy alomatlar — bronxial obstruksiya, koʻkrak qafasidagi siqilish, nafas olishning qiyinlashishi, qon bosimining keskin pasayishi, bosh aylanishi yoki xushni yoʻqotish kabi hayot uchun xavfli alomatlar bilan kechishi mumkin.
Shu sababli oziq-ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan yoki bunga moyil kishilar mutaxassislar koʻrigidan oʻtib, ularning tavsiya va koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilishlari shart.
Umuman, allergiyaning tabiiy davo usuli, avvalo, toʻgʻri ovqatlanishdir. Bemor allergen chaqiruvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan tiyilishi va voz kechishi lozim.
Parhez orqali sekin-asta, ammo ishonchli ravishda allergiyani yengish mumkin. Qolaversa, allergiya profilaktikasining yagona yoʻli — toʻgʻri ovqatlanish. Bunga kattalar ham, bolalar ham amal qilishi zarur.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring