Sherzod Asadov: Bugun Fargʻona vodiysi “porox bochkasi” emas

15:30 17 Aprel 2025 Jamiyat
132 0

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bundan 28-yil muqaddam Fargʻona vodiysi vaqtlar oʻtib geosiyosiy keskinlik oʻchogʻiga aylanishi bashorat qilingani, koʻpchilik mazkur bashorat sodir boʻlishiga ishongani, ammo bu roʻyobga chiqmagani haqida yozdi.

1997-yilda oʻz davrining yirik geostrateglaridan biri boʻlgan Zbignev Bjezinskiy oʻzining «Buyuk shaxmat taxtasi« kitobida Fargʻona vodiysini geosiyosiy keskinlik oʻchogʻiga aylanishini bashorat qilgan, ayrim ekspertlar esa hatto «porox bochkasi«ga oʻxshatgan edi. Darhaqiqat, uchta mustaqil mamlakatga daxldor bu qadimiy hududda yaqin-yaqingacha shunday voqealar roʻy berdiki, koʻpchilik bu mashʼum bashorat haqiqatdan unchalik ham yiroq emasligiga ishongandi.

Ammo bugun biz butunlay boshqacha voqelikda yashamoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra biladigan rahbarligi, tizimli va chuqur oʻylangan islohotlari tufayli Fargʻona vodiysining uchta viloyati va uning yuragi boʻlmish Andijon butunlay oʻzgarib ketdi.

Bugungi kunda Andijon iqtisodiy oʻsish, tadbirkorlik tashabbusi, innovatsiya ruhi, intellektual taraqqiyot va madaniy tiklanishning qudratli markaziga aylangan. Bu shunday zaminki, har bir yangi loyiha kelajak poydevorini mustahkamlaydigan tamal toshidir. Bu yerda odamlar orzu qilyapti va oʻz maqsadlariga erishyapti. Oʻqiyman, izlanaman, daromad topaman va boshqalarga ham daromad manbai yarataman deganlarga – keng yoʻl. Yangi – Bobur shahri qurilmoqda.

Tan olish kerak, Andijon — ilm, intilish, mehnatsevarlik va toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan davlat siyosati butun bir hududni naqadar oʻzgartirib yuborishi mumkinligining yorqin namunasidir. Aholisi zich, yer resurslari cheklangan, yaqingacha sanoati faqat Asaka zavodidan iborat boʻlib kelgan viloyat ahli Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar kuchidan, yaratilgan har bir imkoniyatdan toʻliq, maksimal darajada foydalanyapti, har jabhada real, kundalik hayotda sezish mumkin boʻlgan natijalarga erishyapti. Bundan quvonsak va ibrat olsak arziydi, albatta.

Eski bashoratlarni unutish vaqti keldi. Endilikda, shu jumladan uch davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari va doʻstligi tufayli bugun Fargʻona vodiysi «porox bochkasi« emas, balki imkoniyatlar, farovonlik, tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va bunyodkorlik makoniga aylandi. Andijon, Fargʻona va Namanganga kelsak, ular ertangi kunga ishonch va kuchli, adolatli Davlat rahbarining eʼtibori bilan xalqimiz nimalarga qodir ekanini isbotlamoqda, deb yozdi Prezident matbuot kotibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер