Sheroboddan 10 ming tonna anor eksportga chiqadi

09:05 04 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1159 0

Sherobod tumani oʻzining shirindan shakar anorlari bilan mashhur. Bugun tuman aholisi Sherobodning zar tuprogʻida oʻsgan anor koʻchatlarini parvarish qilib, uni kerak boʻlsa eksportga chiqarib hayotini farovonlashtirmoqda.

Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ham bunga oʻzi amin boʻldi va tumandagi anor bogʻlari bor xonadonda boʻldi. Xoʻsh bu anorlar qayerda saralanyapti va qanday tarzda mahsulot eksport qilinyapti?

Tashrif chogʻida mazkur savollarga «Sherobod anor impeks» korxonasi misolida javob olindi. 5 million dollarlik loyiha natijasida anorni qadoqlash va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilgan korxonada uskunalar Janubiy Koreya va Sloveniyadan keltirilgan.

Anor boʻlmagan paytda ham korxona toʻxtab qolmaydi. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini saralab, bozorga chiqaradi. 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan taʼminlangan.

Anor mevasi aholi va bogʻdorchilik xoʻjaliklaridan sotib olinadi. Sherobod tumanida bir yilda qariyb 30 ming tonna anor yetishtiriladi. Shundan 8 ming tonnasi eksportga chiqarilmoqda.

Yaqingacha tumanda 2 ming 400 gektar anorzor bor edi. Joriy yilda hosildorligi past boʻlgan 3 ming gektardan ziyod paxta va gʻalla maydonlari oʻrnida fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlar tomonidan anor bogʻlari tashkil etildi. Buning natijasida qoʻshimcha 3 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Uch yildan keyin bu yangi koʻchatlardan 18 ming tonna hosil olish mumkin. Uning 8 ming tonnasi qayta ishlanishi va 10 ming tonnasi eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, «Sherobod agro impeks» masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxonani borib koʻrar ekan u yerda yetishtirilayotgan pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, baqlajon kabi bozorbop mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. 29 gektarlik issiqxonada 200 nafar mahalliy yoshlar mehnat qilmoqda.

Bu misollar aslida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali shunday katta natijalarga erishish mumkinligiga bir isbotdir. Quvonarlisi, ekkan mevasi, sabzavoti boshqa viloyatlarga qaraganda 50 kun oldinroq tayyor boʻladigan Surxon vohasining imkoniyatlaridan unumli foydalanilmoqda. Natijada odamlar ishbilarmonlikka oʻrganyapti, yaxshi yashash uchun harakat qilyapti va erishyapti ham.

Faxriddin SAMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?