Sherobodda yirik sement zavodi ishga tushirildi

18:20 20 Avgust 2018 Jamiyat
10494 0
Foto: Ilhom Rahmatov / “Xalq so‘zi”

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bunyod etilgan yangi sement zavodi ishga tushirildi. Bu haqda “Xalq so‘zi“ muxbiri Ilhom Rahmatov xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B. Po‘latov, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati raisi A. Xursandov, Turkiyaning “Dal texnik makina tigaret ve sanayi a.s.” firmasi vakillari hamda viloyat, tuman jamoatchiligi ishtirok etishdi. Unda qayd etilganidek, Prezidentimizning 2016 yil 10 oktyabrdagi “Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sement zavodi qurilishi investitsion loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bunyod etilgan zavodning texnologik qismini Turkiyaning “Dal texnik makina tigaret ve sanayi a.s.” firmasi amalga oshirdi.

- Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili viloyatimizga tashrifi chog‘ida tumanimizning Vandob qishloqida barpo etilayotgan sement zavodi loyihachi va quruvchilari bilan uchrashib, qurilish sur’atini jadallashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan edilar, - deydi Sherobod tumani Hokimi O‘. Boboqulov.– O‘shanda Surxondaryo viloyatida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnik va texnologik yangilashga doir istiqbolli loyihalar qatorida mazkur investitsion loyiha alohida urg‘u berilgandi. Darhaqiqat, mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida ishga tushirilgan yirik sement zavodi nafaqat viloyat, balki, mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishishi shubhasiz.

Foto: Ilhom Rahmatov / “Xalq so‘zi”

Ushbu investitsion loyihani amalga oshirish uchun aynan Sherobod tumani tanlangani bejizga emas. Bu yerda ulkan xom ashyo zaxirasiga ega sement, ohaktosh va tuproq(glina) konlari mavjud. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 212,8 million dollarni tashkil etib, korxonada yiliga 1,5 millon tonna sifatli portland sement ishlab chiqariladi. Endilikda 1200 nafar mahalliy aholi doimiy ish ta’minlanadi.

Korxonada ishlab chiqariladigan yuqori sifatli sement mahsulotlari nafaqat ichki bozorda sotiladi, balki, uning ma’lum qismi qo‘shni Afg‘onistonga ham eksport qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakatimizdagi ta 14 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 9,1 million tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar 3 million tonnadan ziyod bo‘lgan 8ta, kelgusi yilda ishlab chiqarish quvvati 4,7 million tonna bo‘lgan yana 9 ta loyiha amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер