Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga tashrifini viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yoʻli bilan bogʻlagan yoʻl oʻtkazgich hamda energetika va shaharsozlik loyihalari bilan tanishishdan boshladi

13:20 02 Dekabr 2025 Siyosat
197 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab zamonaviy va qulay yoʻl infratuzilmasini barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yoʻliga bogʻlash maqsadida qariyb 290 milliard soʻm hisobidan 700 metrlik yoʻl oʻtkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yoʻli qurildi.

Yangi yoʻl har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Shu paytgacha mazkur yoʻnalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yoʻldan foydalanishga majbur edi. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yoʻldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Bu nafaqat haydovchilar, balki tadbirkorlar, logistika va xizmat koʻrsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan oʻtkazgichning xizmat muddati 100-yil deb baholanmoqda. Anʼanaviy temir-beton oʻtkazgichlar odatda 50-yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.

Loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yoʻlovchi va yuk poyezdlar oʻtgan paytda avtomobillar temir yoʻl kesishmasida toʻxtab qolishga majbur edi, endilikda esa yoʻl oʻtkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, oʻt oʻchirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga atom energetikasi loyihalarining borishi toʻgʻrisida axborot berildi.

Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan.

Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura oʻrnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.

Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.

Boʻlajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida maʼlumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga moʻljallangan boʻladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish obyektlari koʻzda tutiladi.

Prezidentimiz Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish boʻyicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.

Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar oʻrnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum koʻchalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.

– Jizzaxga kelishimizdan maqsad – viloyatni yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash va roʻyobga chiqarish. Bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Viloyatni salohiyati, imkoniyati karrasiga oshdi, odamlarning hayotga, ishga munosabati tubdan oʻzgardi. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, – dedi Prezident.

Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?