Shavkat Mirziyoyev va Ashraf Gʻani telefon orqali muloqot qildi. Navoiy tavalludiga bagʻishlab Hirotda oʻtkaziladigan  tadbirlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etadigan boʻldi

15:30 10 Fevral 2021 Siyosat
1134 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Prezident Ashraf Gʻani davlatimiz rahbariga Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalarida koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak uchun birodar Afgʻoniston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston hamda yetakchi xalqaro moliyaviy institutlarning yuqori darajadagi vakillari ishtirokida oʻtgan Transafgʻon transport yoʻlagini qurish loyihasini ilgari surish boʻyicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli boʻlganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu loyihani amalga oshirishni, shu jumladan texnik hujjatlarni tayyorlashni va qurilish ishlarini boshlash muhim ekani taʼkidlandi.

Prezidentlar saʼy-harakatlarni birlashtirib, yangi «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda rejalashtirilgan ishlarning bajaralishini muvofiqlashtirishning ikki tomonlama mexanizmi yaratiladi, uning doirasida har oy videoanjumanlar oʻtkazib boriladi.

Shuningdek, koʻp qirrali Oʻzbekiston-Afgʻoniston munosabatlarini, shu jumladan neft-gaz tarmogʻida, taʼlim sohasida, texnik ixtisosliklar boʻyicha malakali afgʻonistonlik kadrlarni tayyorlash borasida kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bagʻishlab joriy yil mart oyida Hirot shahrida oʻtkaziladigan bayram tadbirlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Boʻlajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar va muloqotlar rejasi yuzasidan ham fikr almashildi.

Prezidentlar “Yoʻl xaritasi” va ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish va samarali ilgari surish maqsadida qoʻshma hukumat guruhini shakllantirish topshirigʻini berdilar.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, konstruktiv va doʻstona muhitda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?