Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigini yoʻlladi

Qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, siz azizlarni, butun xalqimizni ulugʻ ayyom – muborak Ramazon hayiti bilan chin yurakdan samimiy tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu saodatli damlarda bu yilgi Ramazon oyini har tomonlama munosib oʻtkazib, Iyd-al-Fitrni el-yurtimiz bilan birga mana shunday shodu xurramlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz.
Albatta, tub mohiyatida insonparvarlik gʻoyasi mujassam boʻlgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uygʻun va hamohang ekani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Bu haqda soʻz yuritganda, avvalo, maʼnaviy poklanish, sabr-qanoat, shukronalik, xayru saxovat fazilatlari ulugʻlanadigan ushbu oyni milliy anʼana va qadriyatlarimizga mos tarzda, yuksak saviyada oʻtkazish, yurtimiz musulmonlari ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidlash lozim.
Ayniqsa, bu muborak oyning “Ramazon – saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” degan gʻoya asosida oʻtkazilgani jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu maqsadda kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolgʻiz insonlar holidan xabar olish, kambagʻal kishilarning ogʻirini yengil qilish, uylar va mahallalarni obod etish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy daraxt ekish, yangi bogʻu rogʻlar barpo etish boʻyicha koʻplab xayriya tadbirlari oʻtkazilganini qayd etish zarur. Jumladan, respublikamiz boʻylab koʻpmillatli, koʻpkonfessiyali mamlakatimiz jamoatchiligi vakillarini birlashtirgan iftorlik marosimlari bizning kuchimiz birlikda va hamjihatlikda ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Oʻylaymanki, keyingi yillarda yaxshi anʼanaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini ulugʻlash, mehnatkash va olijanob xalqimizni yagona, ahil oila sifatida birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega boʻlib, biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta davom ettiramiz.
Hurmatli doʻstlar!
Barchangizga maʼlumki, islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va maʼrifat, ezgu fazilatlarni ulugʻlash taʼlimotidir.
Shu borada mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi va madaniyati asosida yaratilgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni toʻplash, oʻrganish va keng targʻib etishga soʻnggi yillarda ulkan eʼtibor berilmoqda. Ayni shu maqsadda yurtimizda yangi-yangi ilmiy-maʼrifiy markazlar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim maskanlari, qutlugʻ ziyoratgohlar barpo etilib, samarali faoliyat olib bormoqda.
Hech shubhasiz, bularning barchasi goʻzal diyorimizda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-maʼrifiy hayot ham uzluksiz rivojlanishda ekanidan dalolatdir. Bu ishlarda yurtimiz moʻmin-musulmonlari, butun xalqimizning munosib hissasi borligini taʼkidlab, buning uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Mana shu shukuhli ayyomda chet ellarda ona yurtga sadoqat tuygʻusi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham Ramazon hayiti bilan chin dildan qutlab, ularga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Ushbu sharofatli kunda dunyoning uzoq-yaqin oʻlkalaridagi musulmon ummatini ham qizgʻin tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga doʻstlik salomimizni yoʻllaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga mustahkam sogʻliq, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ramazon oyida qilgan barcha ezgu niyat va duolarimiz ijobat boʻlsin!
Alloh taolo jonajon Vatanimiz va xalqimizni oʻz panohida asrasin!
Iyd-al-Fitr ayyomi barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring