Shavkat Mirziyoyev marhum akademik Behzod Yoʻldoshevning oilasiga hamdardlik bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi Behzod Yoʻldoshev kecha, 28-avgust kuni vafot etgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun taʼziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi.
Davlatimiz rahbari marhumning ezgu ishlarini, Vatanimizga xizmatlarini yodga oldi.
Behzod Yoʻldoshev 1945-yil 9-mayda Toshkent shahrida tugʻilgan. Mehnat faoliyatini 1968-yilda Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti stajyor-tadqiqotchisi sifatida boshlagan. Yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilgan olim Yadro fizikasi instituti direktori, Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimlarida oʻzining yuksak ilmiy va tashkilotchilik salohiyatini namoyon etgan. Yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy natijalarni iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻllash ishlariga munosib hissa qoʻshgan. U Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikda va universitetlarda ishlagan, koʻplab yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.
B.Yoʻldoshev Oliy Majlis deputati, keyingi vaqtda Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib borib, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda fidoyilik koʻrsatdi.
Akademik B.Yoʻldoshevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Davlatimiz rahbari marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Ular tashrifi va dalda soʻzlari uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring