Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi

19:48 25 Noyabr 2025 Siyosat
283 0

25-noyabr kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat jamoatchiligi bilan koʻrishib turganidan mamnunligini taʼkidlab, erishilgan yutuqlar va hali ishga solinmagan imkoniyatlarga toʻxtaldi.

– Oʻzida koʻp ming yillik tarix va qadriyatlarni mujassam etgan, zamonaviy meʼmorchilik anʼanalari asosida kundan-kunga chiroy ochib borayotgan bu ulugʻ zamin dunyo sivilizatsiyasida oʻz oʻrnini tobora mustahkamlab bormoqda, – dedi Prezidentimiz.

Xususan, “Boqiy shahar” majmuasi barpo etilgani, 40 dan ziyod muqaddas ziyoratgohlar obod boʻlgani, “Samarqand” xalqaro aeroporti yangidan qurilgani, oʻnlab xalqaro brend mehmonxonalar ish boshlagani viloyat turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Samarqand soʻnggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markaziga, koʻplab yirik xalqaro tadbirlar, forum va anjumanlar uchun muloqot maydoniga aylandi.

Shu yilning oʻzida bu yerda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjuman tashkil etilgani, ayniqsa, yaqinda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazilgani chindan ham ulkan voqea boʻldi.

Umuman, turizm va unga turdosh sohalarga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgani uchun viloyatga sayyohlar oqimi 2016-yilgidan 7 karra oʻsdi, turizm xizmatlarining eksporti 600 million dollarga yetdi.

Bugun viloyat nafaqat turizmdagi, balki sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishdagi ulkan salohiyati bilan investor va tadbirkorlar uchun chinakam jozibador maskanga aylanib bormoqda.

Oʻtgan sakkiz yilda viloyatga 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 600 ming doimiy ish oʻrni yaratildi, tadbirkorlar 2 karra koʻpaydi.

Ishlab chiqarish korxonalarining soni 1,5 barobar, sanoat hajmi 1,7 barobar oʻsdi. Yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan oshgan korxonalar soni 81 taga yetdi. 55 ta davlatdan xorijiy investorlar ish boshladi, chet el ishtirokidagi korxonalar soni 700 taga yaqinlashdi.

Xizmatlar yiliga oʻrtacha 15 foizdan oʻsyapti, bu yil servis hajmi 75 trillion soʻmga yetadi.

Shuningdek, 2024-yil va joriy yilning 10 oyida 15 million kvadrat metrli uy-joy va tijorat obyektlari barpo etildi. Samarqandlik quruvchilar respublika boʻyicha yiliga 4,5 million kvadrat metrli bino-inshootlar quryapti.

Viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 2016-yilda 23 trillion soʻm boʻlgan boʻlsa, bu yil 120 trillion soʻmga yetadi.

Odamlar viloyatda amalga oshirilgan ishlar hisobiga oilasida katta ijobiy oʻzgarishlar boʻlganini aytmoqda.

Masalan, oʻtgan davrda 2 trillion soʻmlik 3 ming 200 kilometr ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi.

– Bir soʻz bilan aytganda, Samarqandni aholi va tadbirkorlar uchun ham, turistlar va investorlar uchun ham jozibador hududga aylantira oldik, – dedi Prezidentimiz.

Respublika tumanlari ichida aholisi eng koʻp Urgutda 600 mingdan ortiq odam istiqomat qilyapti.

– Urgut tumani uzoq yillardan beri viloyat qishloq xoʻjaligida yetakchi. Adir va toshloq yerda Urgut erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilganimiz, 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushgani natijasida Urgut sanoatlashgan hududga aylandi, – dedi davlatimiz rahbari.

Sanoat rivojlanishi savdo va servisga ham katta turtki berdi. Hozir Urgut viloyat sanoatida 3-oʻrinda, servisda esa 4-oʻrinda.

Bugun Urgutda yana bir tarixiy voqea – 55 kilometr temir yoʻl liniyasi ishga tushirildi. Ushbu tarmoqni elektrlashtirish ishlari kelasi yil toʻliq yakuniga yetkaziladi. Bu, avvalo, aholiga yanada qulay sharoit yaratish bilan birga sanoat, qishloq xoʻjaligi va servisda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Hududdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suv, maktab, bogʻcha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bogʻliq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shuning uchun Prezidentimiz Urgut markaziga “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va koʻrkam shaharlardan biriga aylantirish boʻyicha alohida qarorni imzoladi.

Tumanning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi Oʻzbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qoʻshimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga moʻljallangan zamonaviy ekoshahar barpo etilishi eʼlon qilindi.

Yangi shaharda yoʻl, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bogʻcha, shifoxona va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.

Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona maʼmuriy markaz qurib beriladi. Ularning boʻshagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.

Yana bir yangilik – Oqdaryo, Payariq, Pastdargʻom, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qoʻshib beriladi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga oshadi.

Shu bois, aholisi va daromadi kundan-kunga oʻsib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga boʻlgan talabni taʼminlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi. Jumladan, “Shirin” massivida 180 ming, “Temir yoʻlorti” hududida 100 ming, “Qorasuv-2” massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy koʻp qavatli uylar barpo etiladi.

Bu yerlarda maktab, bogʻcha, oliygoh va shifoxona, zamonaviy biznes va savdo markazi, mehmonxona va restoran, koʻngilochar maskanlar ham quriladi. Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning kanalizatsiya tizimi yangilanadi.

Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan oʻtuvchi magistral yoʻl boʻyida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari Urgut misolida imkoniyatlarni tahlil qilib, vazirlar va hokimlar oldiga keyingi yil uchun aniq vazifalarni qoʻydi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida tashkiliy masala ham koʻrib chiqildi.

– Biz yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, iqtisodiyotni barqaror oʻstirish orqali aholi farovonligini oshirish boʻyicha katta-katta marra va rejalarni olyapmiz.

Bu ishlarni tashkil qilish uchun viloyatga zamonaviy fikrlaydigan, muammolarni tizimli tahlil qilib, innovatsion yechim bera olishga salohiyatli rahbar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Samarqand viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Adiz Boboyev nomzodini tavsiya etdi.

Viloyat faollarining nomzod haqidagi fikrlari tinglangach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Adiz Boboyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz yangi hokimga u ish oʻrni yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, investitsiya va eksportni koʻpaytirish, tannarxni kamaytirish hamda energiya tejamkorlikni oshirish boʻyicha Samarqandni namunali hududga aylantirishi shartligini koʻrsatib oʻtdi.

Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari masʼullarning hisobotlari va rejalarini tingladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер