Shavkat Mirziyoyev: Biznes uyushmalari qancha koʻp boʻlsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi

15:49 20 Avgust 2025 Siyosat
226 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida sanitariya, veterinariya va karantin organlarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha nazorat-laboratoriya funksiyalari yagona tizimga birlashtirilib, toʻliq raqamlashadi. Bu haqda Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida maʼlum qilindi.

Endilikda tadbirkorlar idorama-idora sarson boʻlmasdan, barcha hujjatlarni “yagona darcha” prinsipi asosida bir joydan oladigan boʻladi.

Bu ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish va mahalliy korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshiradi.

Prezident tadbirkorlarimizda davlat xaridlari va birja savdolarida ishtirok etish boʻyicha ham koʻplab savollar toʻplanib qolganini taʼkidlab, yaqin orada bu masalaga puxta tayyorgarlik koʻrilib, barcha muammolarga yechimlar berilishini qayd etdi.

Davlat organlari va tabiiy monopoliya subyektlari bilan shartnoma tuzishda tadbirkorlar huquqlarini teng himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi.

Bunda, barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobat qoʻmitasi tomonidan majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi.

“Biznes uyushmalari qancha koʻp boʻlsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi.

Shu bois, oʻz sohasining jonkuyari boʻlgan eng ilgʻor 10 nafar biznes egalari birlashib, atrofiga yosh tadbirkorlarni toʻplab, ortidan ergashtirsa, ularga biznes sirlarini oʻrgatsa, yangi bilim va texnologiyalar olib kirsa, tadbirkorlikdagi koʻp muammolarni biznes hamjamiyatni oʻzi hal qila oladigan boʻladi.

Bunday yoʻldan borib, tadbirkorlarga koʻmakchi boʻladigan uyushmalarni doim qoʻllab-quvvatlashga tayyorman”, dedi davlatimiz rahbari

Ularning aniq natijaga qaratilgan dasturlari, loyiha va tadbirlarini moliyalashtirish uchun har yili 10 million dollar ajratiladi.

Ayni paytda davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilmoqda, ularning qoʻshimcha takliflari va fikrlarini tinglamoqda.

Ochiq muloqot yakunida Prezidentimiz yana bir bor tadbirkorlarga murojaat qildi:

“Sizlar bilan boʻladigan har bir uchrashuv, muloqot menga alohida quvonch, kerak boʻlsa, gʻayrat-shijoat bagʻishlaydi.

Chunki, sizlarning timsolingizda men Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida olib borayotgan ishlarimizning amaliy natijasi va yutuqlarini koʻraman.

Bugun bemalol ayta olamizki, mamlakatimizda kichik va oʻrta biznes “islohotlar katalizatori”ga aylandi. Buni siz – tadbirkorlar yaratdingiz. Bundan faxrlansangiz arziydi.

Hech narsadan qoʻrqmang, intilish va izlanishdan charchamang, faqat oldinga, katta marralar sari dadil qadam tashlang!

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini, istiqbolini taʼminlaydigan kuch – bu tadbirkorlar. Davlatimizni boy qiladigan kuch – bu tadbirkorlar. Xalqimiz, oilalar hayotini farovon qiladigan kuch – bu tadbirkorlar”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер