Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasiga kirish pulli boʻldi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Oqsaroy majmuasi”ga kirish uchun pul talab qilinayotgani, bu pullar qonuniy asosda olinayotganiga shubha uygʻonayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. “Shahrisabz” davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh direktori Nabi Xushvaqov bu masalaga oydinlik kiritib, jumladan shunday dedi:
- Birinchidan, bu butun dunyoda mavjud boʻlgan tartibot. Samarqand, Xiva, Buxoroga borsangiz ham har bitta tarixiy yodgorlik muzey-qoʻriqxona tarkibiga kirgan va albatta, pullik xizmat koʻrsatiladi. Bizda ham shunday - sayohatchilardan tushgan pulning 50 foizi Respublika madaniy meros departamentiga ketadi, qolgan 50 foizi tarixiy madaniy meros obyektlarini taʼmirlash uchun muzey-qoʻriqxona hisobraqamida qoladi. Biror soʻmini ham muzey xodimiga mukofot tarzida yoki oylik maoshiga ustama tarzida qoʻshib berib boʻlmaydi. Mumkin emas, moliyaviy intizom buzilgan boʻladi.
Biz ham xuddi mana shunday respublikadagi boshqa davlat muzey- qoʻriqxonalari kabi ishlayapmiz. Oʻzingiz oʻylab koʻring, Samarqanddagi Registon, Bibixonim maqbarasi yoki Goʻri Amir dahmasiga bepul kirib boʻlmaydiku!
Yana bir bor taʼkidlayman, bizda faqat muzey-qoʻriqxonaga kirish uchun pul toʻlanadi, bu pul evaziga ekskursiya xizmati koʻrsatiladi. Masalan, bitta guruh 3 kishidan 15 kishigacha boʻlishi mumkin, shunday guruhga 45 minutlik madaniy servis xizmati koʻrsatish narxi 10 ming soʻm. Bu 10 ming soʻm muzey xodimi choʻntagiga tushmaydi, u kassaga toʻlanib, muzey hisob- raqamiga tushadi va moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun sarflanadi. Bundan tashqari bizda har oyning birinchi yakshanbasida barcha fuqarolar uchun muzey-qoʻriqxonaga kirish bepul. Talabalar va oʻquvchilar 2000 soʻm, kattalar 3000 soʻm toʻlashadi, xolos. Chet ellik fuqarolar 3 AQSH dollari toʻlashadi.
Yana bir izoh: Samarqand darvozasidan kirish joyida kelin -kuyovlardan Shahrisabz obodonlashtirish departamenti 152 ming soʻm pul oladi. Rosti, men ular bu pullarni nima uchun olishining sababini bilmayman, Odatda bunday obyektlarga madaniy servis xizmati koʻrsatilishi uchun pul olinadi. Shahrisabz obodonlashtirish departamenti qanaqa madaniy servis xizmati koʻrsatayapti, buni ham bilmayman. Chunki u bizga aloqador tashkilot emas, Madaniyat vazirligiga qaramaydi. Ana shu holat ham sayohatchilarni chalgʻitayapti.
Maʼlumot uchun, 2019-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan muzey Shahrisabz davlat muzey qoʻriqxonasiga aylantirildi, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi “Moddiy madaniy meros obyektlari va YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan shahar hududidagi YUNESKO roʻyxatiga kirgan 220 gektar qalʼaning ichi, tarixiy hududi va uning 82 gektarlik muhofaza hududi jami 300 gektardan ziyod tarixiy hudud, “Shahrisabz” muzey-qoʻriqxona tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi bilan oʻtkazib berildi.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring