Senatorlar “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunni maʼqulladilar

11:46 03 May 2019 Iqtisodiyot
1955 0

Illyustrativ foto

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan senator M. Jumagaldiyev maʼruza qildi.

Ushbu Qonunga koʻra davlat-xususiy sheriklik bu davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun oʻz resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligidir.

Mazkur qonun davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asosini yaratish bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik bilan bogʻliq qoida va jarayonlar, institutsional tizimini tartibga soladigan va qoʻllanilishi mumkin boʻlgan tamoyillar va davlat-xususiy sheriklik bilan bogʻliq boshqa masalalarni qamrab olgan.

“Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonun 10 ta bob va 44 ta moddadan iborat.

Qonunda umumiy qoidalar, davlat-xususiy sheriklik sohasini davlat tomonidan tartibga solish, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari, xususiy sherikni tanlash, davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashabbus qilish va ushbu loyihani amalga oshirish, loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring va hisobdorlik hamda davlat-xususiy sheriklikni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari belgilab berilgan.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari bilan belgilangan hollarda, davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini taʼminlashda hamda intellektual faoliyat natijalariga doir mutlaq huquqlar, boshqa mutlaq huquqlar, yer uchastkasi,koʻchmas mol-mulk obyekti va oʻzga mol-mulk muayyan shaxsga tegishli boʻlganda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish asosida tender oʻtkazmasdan bitim tuzish mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning asosiy shartlari, amal qilish muddati, bitimni oʻzgartirish, toʻldirish yoki bekor qilish asoslari, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun jalb qilingan mol-mulk, yer uchastkalarini berish, bitim taraflarining mulkiy javobgarligi, davlat-xususiy sheriklik obyektiga boʻlgan mulk huquqini oʻtkazish tartibi belgilangan.

Unga koʻra, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam boʻlmasligi va qirq toʻqqiz yildan oshmasligi kerak.

Savol javoblardan soʻng mazkur qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер