“Tashabbus — 2021”: Eng ilgʻorlar bir joyda jam boʻldi

18:36 14 Iyun 2021 Iqtisodiyot
416 0

Oʻzbekistonda fermerlik harakati va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar nechogʻlik samara bermoqda? Soha vakillari oʻz imkoniyatlaridan qanchalik foydalanmoqda? Bu kabi savollarga javob olishni istasangiz poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”ga borishni tavsiya qilamiz. Chunki bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkaziladigan “Tashabbus — 2021” koʻrik-tanlovning final bosqichi boʻlib oʻtmoqda va unda butun respublikamizning eng sara 69 nafar fermeri, tadbirkor va hunarmandi yigʻilgan.

Yana majmuada yer egalari tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, tadbirkorlik subyektlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy mahsulotlar, usta hunarmand qoʻlida sayqal topgan turli hunarmandlik buyumlari koʻrgazmasi namoyish etilganki, bu ham tashrif buyuruvchiga yana-da toʻliqroq maʼlumot olish imkonini beradi.

Qisqasi, ushbu maydon barcha ochiq. Ishtirokchilar faoliyati bilan yaqindan tanishish barobarida, ularning har biri bilan suhbatlashish, fikr almashishingiz mumkin.

Bilasiz, mazkur koʻrik-tanlov anʼanaviy tus olgan. Uni oʻtkazishdan asosiy maqsad esa hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantiruvchi biznes muhiti yaratish, mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektorning ahamiyatini oshirish, tadbirkorlik yoʻnalishidagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, ular tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlarni targʻib qilish, oʻzaro manfaatli hamkorlikka koʻmaklashish va ragʻbatlantirishdir.

— Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26-maydagi farmoyishi asosida oʻtkazilayotgan bu yilgi tanlovda ilk bor barcha bosqichlarda gʻoliblarni aniqlashda shaffoflik va adolat prinsipini taʼminlash maqsadida unda ishtirok etish uchun arizalar elektron platforma orqali qabul qilindi, — deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov. — Bundan tashqari, bu yilgi tanlov doirasida mamlakatimizdagi ilgʻor tadbirkorlik subyektlari tajribasi aholi oʻrtasida keng targʻib qilindi. Taniqli va yetakchi ishbilarmonlar bilan yoshlar oʻrtasida muloqotlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, galdagi koʻrik-tanlovning yana bir muhim yangiligi bor. Gap shundaki, tanlovning asosiy beshta yoʻnalishi qatorida, bu yil respublika bosqichi ishtirokchilari orasidan “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli” nominatsiyasi gʻolibiga ham Prezident sovrini — yengil avtomobil taqdim etiladi.

Aytish kerak, joriy yilgi talovda ham ishtirokchilar koʻp boʻldi. Xususan, tumanlardan 13164 kishi ishtirok etish uchun ariza topshirgan boʻlsa, shundan 970 nafari koʻrik-tanlovning viloyat, 69 nafari esa respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shulardan biri Namangan shahrida joylashgan “Namangan rorloq tamirlash servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati qurilish uchun zarar boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonaning quruq qurilish mollari, rangli boʻyoqlari, yelim mahsulotlari, gulqogʻozlari ichki va tashqi bozorda “Kok saroy” brendi bilan yaxshi tanish.

Korxona ish yurituvchisi Muhammadniyoz Sobirovning aytishicha, korxonaning joylarda filiallari ham mavjud va shu yili ishga tushiriladigan loyihalar ham mavjud. Xususan, Sirdaryo viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasida korxonalari barqaror ishlab turibdi. Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi joriy yilda amalga oshirilishi kutilayotgan 3 million dollarlik loyiha asosida esa yana 200 kishi doimiy ish bilan band qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilayotgan “Tashabbus — 2021” koʻrik-tanlovning respublika bosqichi bayramona kayfiyatda boshlandi. Tadbirning asosiy qismida, shuningdek, hayʼat aʼzolari tarkibi ham aniqlab olindi. Koʻrik-tanlovning bosh hakami sifatida Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi E. Gadoyev saylandi.

Koʻrik-tanlov ishtirokchilari koʻnglidagi, umuman, barchani qiziqtirayotgan “Prezident sovrinini kim qoʻlga kiritar ekan”, degan savolga esa ertaga soat 16-00 da boshlanadigan gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida javob olamiz.

Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).
Sardor MULLAJONOV olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?