Senator Farhod Boqiyev: Tarbiyada tanaffus boʻlmasligi kerak

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”
Internet insonlar hayotiga shunchalik singib ketganki, zamonaviy jamiyatni usiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, Internet, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda axborotning oʻrnini keskin oshirib yubordi.
Bu axborot makonida insonlarning dunyoqarashini oʻzgartirish qudratiga ega eng kuchli vositaga aylandi. Chunki har kim xohlagan maʼlumotini shu makondan olishi yoki oʻzi istagan talqinda axborotni unga joylashtirishi mumkin.
Oddiy qilib aytganda, axborotning rangi ham, ogʻirligi ham yoʻq yoki chemodanga oʻxshash ushlagichi ham yoʻq, u havo kengliklarida erkin suzuvchi xarakterga ega. Shuning uchun dunyoning bir burchagida yuz bergan voqea-hodisa haqida oʻsha vaqtning oʻzida xabardor boʻlish mumkin. Buning ijobiy xususiyatlari bilan birga, tanganing ikkinchi tomonidagi, koʻzga koʻrinmas salbiy jihatlari ham bor.
Chunki bir qarashda beozor tuyulgan ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni oxir-oqibat jinoyatgacha yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat.
Shu bois Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida parlament soʻrovini yuborish masalasi nihoyatda jiddiy, kerak boʻlsa, masalalarning masalasidir. Kelajagimiz boʻlgan yoshlarning dunyoqarashi, vatanparvarligining qanday boʻlishi bugun biz birgalikda qabul qiladigan qarorimiz va amaliy chora-tadbirlarimizga bogʻliq.
Sababi, bugungi globallashuv davrida fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi faqat gʻoya bilan amaliy harakatlarimizni tizimga aylantirsak, natija boʻladi.
Bu borada maʼrifatparvar bobomiz Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. sogʻlom tan, oʻtkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan soʻzlarining mazmun-mohiyati har qachongidanda dolzarb ekanini taʼkidlash oʻrinlidir.
Endi mazkur parlament soʻrovini yuborishimizga sabab boʻlgan muammolar xususida toʻxtalib oʻtsam.
Birinchidan, taraqqiyotning bugungi shiddatida Internet jahon axborot tarmogʻining global va milliy segmenti rivojlanishi tendensiyalarini muntazam oʻrganish hamda milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish masalasiga yetarli eʼtibor qaratilmasdan kelinmoqda.
Misol uchun, «Vikipediya» Internet ensiklopediyasiga Oʻzbekistonning mashhur sportchilari va sport tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Turizm va sport vazirligi tomonidan joylashtirilishi, Madaniyat vazirligi tomonidan esa oʻzbek adabiyoti va sanʼati mumtoz namoyandalarining asarlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun veb-portal tashkil qilinishi kerak. Bu boradagi ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.
Ikkinchidan, keyingi vaqtlarda Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan targʻibot materiallarini berib borish, bolalarni Internetdagi turli axborot xurujlaridan himoyalashga qaratilgan elektron shaklda illyustratsiya qoʻllanmalari yaratish borasidagi ishlar ham sust olib borilmoqda.
Masalan, «Vikipediya» platformasida Oʻzbekiston haqida maʼlumotlar toʻliqmasligi yoki maʼlumotlar eskiligi, ommabop onlayn platformalarda mamlakatimiz haqidagi sifatli kontentlar kamligi oqibatida yoshlarning Internet jahon axborot tarmogʻidagi turli maʼnaviyatga zid kontentlarga qiziqishi tobora ortmoqda.
Oqibatda esa, mafkuraviy tahdidlar orqali aholining maʼlum bir qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini oʻzlariga maʼqul boʻlgan yoʻnalishda oʻzgartirishga, axloqsizlik kabi buzgʻunchi gʻoyalarni singdirishga urinishlar boʻlmoqda.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan samarqandlik 8-sinf oʻquvchisining videotasviri ham shular sirasidandir. Biron-bir sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq “yulduzi” boʻlish ilinjida qasddan yoshi ulugʻ insonga qilingan bunday xatti-harakatni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Afsuski, bunday holatlar juda koʻp sodir boʻlmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, tarbiyada tanaffus boʻlmasligi kerak.
Uchinchidan, Internet va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni yildan-yilga oʻsib bormoqda. Mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook«da 4.7 mln, “Instagram” da 3.7 mln, «Telegram»da 18 mln, “Odnoklassniki«da 16.7 mln foydalanuvchi mavjud. Internet tarmogʻidagi “.UZ” domenida roʻyxatdan oʻtgan domenlar soni hozirgi kunda 98 mingtadan oshgan.
Afsuski, Internet tarmogʻi orqali tarqatilayotgan gʻarazli maʼlumotlar, turli buzgʻunchi gʻoyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar har bir ongli kishini tashvishga solmoqda.
Birgina 2021-yilning dekabr holatiga koʻra, milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda behayolik va maʼnaviy buzuqlik targʻibotiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlangan boʻlib, 2097 ta qonunbuzarlik holati qayd etilgan.
Yoki shu kunlarda telekanallarda efirga uzatilgan serial va kinolardagi holatlar va unga jamoatchiligimizning keskin eʼtirozlarini aytib oʻtish mumkin.
Toʻrtinchidan, qimor (totalizator) va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni Internet va ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda oʻynashni taklif etuvchi turli reklamalar, bundan tashqari, jangari, vahshiylikni targʻib qiluvchi materiallar koʻpaygani natijasida yoshlar va voyaga yetmaganlarning ushbu oʻyinlarga qiziqishi ortidan turli huquqbuzarliklar kelib chiqmoqda.
Masalan, respublikada 2021-yilda sodir etilgan jinoyatlarning har beshinchisi yoshlar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Yoki boʻlmasam, 2021-yilda 39 426 nafar fuqaro koʻcha va jamoat joylarida hayot va sogʻliq uchun xavfli boʻlgan buyumlar olib yurgani aniqlangan. Shundan hech qanday maqsadsiz 30 444 nafari pichoq, 438 nafari kastet, 592 nafari bita, 7952 nafari boshqa xavfli buyumlar olib yurishgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida maʼnaviy buzuqlikni targʻib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan boʻlsa, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgan. Internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holatlarga barham berish ishlarida aniq choralar belgilanmasdan qolmoqda.
Birgina “Telegram” messenjerining Oʻzbekiston auditoriyasi uchun yoʻnaltirilgan resurslarida fahsh kontent orqali auditoriya toʻplash va reklama hisobidan daromad topishga qaratilgan obunachilari 120 mingdan koʻp boʻlgan kanallar aniqlangan.
Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni bunday yot gʻoyalardan asrashning eng maqbul yoʻli, yaʼni yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan besh muhim tashabbus ilgari surilgan. Shu bois yoshlarimiz dunyoqarashini toʻgʻri shakllantirish borasida mazkur formulani yoshlarimiz orasida rivojlantirishimiz zarur.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatdir.
Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, oʻquvchi-yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axloqsizlikni targʻib qiluvchi kontentlar, diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn oʻyinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib etadigan veb-resurslarga qarshi kurashish – birgalikdagi ustuvor vazifa hisoblanadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida senatorlar Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qildilar.
Farhod BOQIYEV, Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring