Senatda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash holati muhokama qilindi
Joriy yil 14-dekabr kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Senat Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yigʻilishda Kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, 2023-yil davomida mamlakatimiz uchun ustuvor boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid 9 ta, siyosiy-huquqiy sohada 10 ta xalqaro reyting natijalari eʼlon qilindi. Xususan, “Transparency International” xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida Oʻzbekiston 14 pogʻonaga koʻtarilib, 180 ta davlat orasida 126-oʻrinni egalladi.
Logistika samaradorligi indeksida Oʻzbekiston oʻz pozitsiyasini 11 pogʻonaga yaxshilab, 138 ta mamlakat orasida 88-oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida respublikamiz koʻrsatkichlari 8 pogʻonaga yuqorilab, 166 ta davlat orasida 69-oʻrin, Iqtisodiy erkinlik indeksida ham koʻrsatkichlarimiz 8 pogʻonaga yaxshilanib, 176 ta mamlakat orasida 109-oʻrin qayd etildi.
Tadbirda Hududlarning huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil natijalari ham muhokama qilindi. Tahlillarga koʻra, eng yaxshi koʻrsatkich Surxondaryo viloyatida (72,5 ball) qayd etilgan boʻlsa, eng quyi koʻrsatkichlar Fargʻona (66,3 ball), Samarqand (66,4 ball) va Buxoro viloyatlarida (67,7 ball) qayd etilgan.
Hududlarda qonun hujjatlariga rioya qilinishi indikatorida ijobiy koʻrsatkichlarga (2022-y. 81 ball, 2021-y. 73 ball) erishilgan boʻlsa, Mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati (-15 ball), Hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligi (-5 ball) indikatorlarida umumiy natijalar pasaygan.
Yigʻilishda Prezidentning 2022-yil 18-maydagi “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat va amaliy faoliyat uygʻunligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–246-sonli qarori ijrosi koʻrib chiqildi.
Jumladan, xalqaro reytinglarning tarkibiy indikatorlarida muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish boʻyicha qabul qilinishi kerak boʻlgan oʻrta va uzoq muddatli strategiyalar loyihalari muhokama qilindi.
Qolaversa, xalqaro reytinglarning past koʻrsatkichli indikatorlari uchun masʼul davlat organlari tomonidan soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini ishlab chiqish uchun ilmiy grantlarga buyurtma berishi holati tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan reytinglar metodologiyalarining tez-tez oʻzgarib turishi, ularning vaqtinchalik yoki mutlaqo tugatilishi amaliyotda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotganligi sababli xalqaro reytinglar bilan ishlash tizimini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” ekani belgilanib, aholining ijtimoiy himoya qilinishi mamlakatimiz siyosatining bosh mezoni sifatida koʻrilayotganligidan hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan keng chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligidan kelib chiqib, Ijtimoiy taraqqiyot indeksi va Ekologik samaradorlik indeksi bilan ishlash maqsadga muvofiqligi muhokama qilindi.
Tadbirda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti eshitilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Xususan, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohaga oid xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga, jumladan, Global innovatsiya indeksining 2023-yil hisobotida qayd etilgan past indikatorlar boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.
Yigʻilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring