Senat tomonidan “Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun maʼqullandi

11:21 28 Oktyabr 2023 Siyosat
178 0

Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Anqara, 2023-yil 16-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining Turkiy investitsiya jamgʻarmasidagi ulushini Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimda (Anqara, 2023-yil 16-mart) nazarda tutilgan muddatlarda shakllantirish, shu jumladan uning boshlangʻich kapitalidagi 2000ta aksiyaga obuna boʻlish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbai ekanligi belgilanmoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning bajarilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilanib, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli mablagʻlarni oʻtkazish boʻyicha buyurtmanomalar taqdim etib boradi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitim boʻyicha depozitariy funksiyasini bajaradi.

Turkiy investitsiya jamgʻarmasi doirasida hamkor davlatlar, jumladan, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya bilan investitsiyaviy loyihalarni, xususan, elektrotexnika, yengil sanoat, avtosanoat, charm sanoati, qurilish materiallari sohalarida qoʻshma sanoat kooperatsiyasi kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.

Jamgʻarmaning mablagʻlari mintaqalararo savdo, qoʻshma loyihalar, yashil iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, transport, logistika va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratiladi.

Senatorlar Bitimni ratifikatsiya qilish Oʻzbekistonga yangi muhim moliyaviy mexanizmning teng huquqli ishtirokchisiga aylanish imkonini berishini, undan esa oʻzaro savdo aylanmasi hajmini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida investitsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, turkiy davlatlar bilan infratuzilma va transport-logistika aloqalarini rivojlantirishda uchun foydalanilishini taʼkidladilar.

Muhokama yakunlari boʻyicha senatorlar Qonunni maʼqulladilar.

Foto: Xasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?