Senat Surxondaryo viloyatida chiqindi suvlarni tozalash masalasini nazoratga oldi

13:31 28 May 2021 Jamiyat
730 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 14-yalpi majlisida senator A. Soatov tomonidan Surxondaryo viloyati «Suvoqava» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli “Chiqindi suvlarni tozalash inshooti” talab darajasida ishlamasligi sababli chiqindi suvlarni tozalashga imkoniyati yetmasdan Amudaryoning Afgʻoniston bilan chegara sohilidagi qamishzorga tez-tez oqizib yuborilishi, natijada qamishzorda turli xil zararli pashsha va chivinlar koʻpayib, shahar aholisi “Pashshaxoʻrda” yarasidan muntazam aziyat chekib kelishi taʼkidlangan edi.

Mazkur masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, senator A. Soatov bilan birgalikda joyiga chiqqan holda Surxondaryo viloyati «Suvoqava» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli chiqindi suvlarni tozalash inshootining texnik va ekologik holati oʻrganildi.

Termiz shahar oqova suv tozalash inshootining samaradorligi 50-55% ni tashkil etib, sinov laboratoriyalarning soʻnggi kimyoviy tahlillariga asosan, oqavadagi muallaq moddalar belgilangan meʼyordan 1,5 barobar, azotli nitrit esa qariyb 2 barobar ortiq meʼyorda oqizilayotganligi maʼlum boʻldi.

Bundan tashqari, chiqindi suvlarni tozalash inshootining havo tozalash jihozlarini taʼmirdan chiqarish, avtomatika qismlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish va il uzatish nasoslarini qayta taʼmirdan chiqarish kabi bir qator muammolar ham mavjudligi, inshootning havo haydash uskunasiga oʻrnatilgan 3 ta dvigatel ishdan chiqqanligi, uskuna sutkasiga oʻrtacha 5-8 soat ishlatilayotgani aniqlandi.

Oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha mutasaddi tashkilot rahbarlari va mutaxassislar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar inshootni bosqichma-bosqich taʼmirlash va yangi jihozlar bilan taʼminlash rejalashtirildi. Ushbu dasturni bajarilishi Senat tomonidan nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?