Senat Raisi Jizzax viloyatining shahar va tumanlaridagi rivojlanish tendensiyalari bilan yaqindan tanishdi

13:38 29 Fevral 2024 Siyosat
351 0

Xabaringiz bor, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz hududlarida sogʻliqni saqlash va taʼlim muassasalari, iqtisodiy obyektlar, mahallalarda boʻlib, aholi vakillari va mahalliy Kengashlar deputatlari bilan bevosita muloqotlar oʻtkazib kelmoqda.

Senat Raisining bu galgi tashrif manzili Jizzax viloyatining Sharof Rashidov, Zomin, Doʻstlik tumanlari hamda Jizzax shahri boʻldi.

Tashrif doirasida Senat Raisi Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzax” EIZda ishga tushirilgan yengil avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning faoliyati bilan tanishdi.

Zavod yillik 100 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Qayd etish joiz, loyiha doirasida yiliga 130 mln dollarlik import oʻrnini bosuvchi 314 turdagi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi hamda 4 mingta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Zavod ish faoliyati bilan tanishish asnosida u yerda ishchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilganligiga, ularga mehnatiga yarasha munosib ish haqi toʻlanayotganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Keyingi manzil tumandagi “Oqtosh” MFYda bunyod oʻtilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi boʻldi.

Shu oʻrinda aytish joizki, bu kabi massivlar barcha viloyatlarda Prezidentimizning 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan bunyod etilmoqda.

41 gektardan kattaroq hududda 1 300 ta xonadonli 19 ta qoʻp qavatli uy, 1680 oʻrinli umumtaʼlim maktab binosi, 120 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, 200 qatnovli poliklinika binosi, 12 ta bolalar maydonchasi, avtoturargohlar qurilmoqda.

Bu yerda “Yangi Oʻzbekiston” massividagi qurilish ishlari holati, ularning belgilangan standart talablar asosida qurilayotgani, farmonda koʻzda tutilgan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Senat Raisi tumanning “Qangʻli” mahallasida istiqomat qilayotgan Yulduz Jabborova xonadonida boʻlib, u bilan yaqindan suhbat qildi. Qayd etish joiz, Yulduz Jabborova mahalla faollarining qoʻllovi bilan olgan kredit mablagʻlari evaziga Koreya tajribasi asosidagi issiqxonada stellajlarda qulupnay yetishtirish orqali yaxshigina daromad koʻrib kelmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, yilning 8 oyi davomida ana shu usul orqali muntazam ravishda qulupnay yetishtirish mumkin. Senat Raisi ushbu tajribani mahallaning boshqa xonadonlarida ham joriy qilish taklifini bildirib oʻtdi.

Sharof Rashidov hamda Paxtakor tumanlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda asosiy eʼtibor Prezidentning “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonidan kelib chiqadigan vazifalarga qaratildi.

Muloqot davomida mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, bu borada deputatlik soʻrovlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari hisobotlarini eshitish institutlaridan toʻlaqonli foydalanish kabi masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Shuningdek, deputatlarga tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini doimiy tarzda nazorat qilib borishi kerakligi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Senat Raisining hududlarga tashrifi davomida ijtimoiy obyektlar xususan, sogʻliqni saqlash hamda taʼlim muassasalari faoliyati doimiy eʼtiborda boʻladi. Tumanning markaziy shifoxonasiga tashrif davomida kompleksning kattalar, bolalar, tugʻuruq boʻlimlarida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Onalik va bolalikni himoya qilish, ularning salomatligi borasidagi ishlar tahlil qilindi. Shifokorlar bilan suhbat jarayonida mutaxassislarning malakasini doimiy ravishda oshirib borish, kasalliklar profilaktikasi yoʻnalishida qilinadigan ishlar boʻyicha qator takliflarni bildirdi.

Viloyatning Zomin tumaniga tashrif davomida esa Ijtimoiy himoya milliy agentligining Zomin “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ayollar internat uyidagi shart-sharoitlarni oʻrgandi.

Mazkur “Muruvvat” uyi 47 mlrd soʻm evaziga qayta rekonstruksiya qilinib, shu yilning yanvar oyida toʻliq foydalanishga topshirilgan. Hozirda mazkur ayollar internat uyi bir vaqtning oʻzida 350 nafar nogironligi boʻlgan ayollarni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Chunki u yerda 350 oʻrinli yotoqxona, maʼmuriy bino, oshxona, kir yuvish hamda yozgi pavilyon binosi toʻliq rekonstruksiya, mukammal taʼmirlandi.

“Muruvvat” uyida Senat Raisi ayollarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, shifokorlar va bemorlar bilan suhbat qurdi.

Tumandagi oʻrganishlar davomida Tanzila Norboyeva “Qayirma” MFYda amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi va mahalla yettiligi bilan suhbatlashib, ularning oldiga qoʻyilgan vazifalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, suhbat davomida Yoshlarning taʼlimi, ularni kasbga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Mahalladagi masalalarni mahalliy kengashlar muhokamalariga kiritish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, Senat Raisi mahalla aholisi, xotin-qizlar bilan suhbat oʻtkazib, mahallada ayollarni tadbirkorlikka faol jalb qilish, oilalar farovonligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Ayollar bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat davomida mahalla xotin-qizlar faoli Gulchehra Mahsudova mahalladagi ayollarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi, munosib ish topishiga har tomonlama koʻmaklashilayotganini, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 12 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlik yoʻnalishida oʻqitilib, ularga subsidiya va imtiyozli kreditlar olinishida yordam berilganini aytib oʻtdi.

Shunday soʻng Zomin tumanida turizmni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami bilan tanishdi. Tumandagi turistik zonaning zamonaviy turizm infratuzilmasi, mehmonxonalar va sayyohlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Qayd etish joiz, turizmni rivojlantirish hisobiga yaratilayotgan yangi ish oʻrinlariga asosan mahalliy aholi vakillari jalb etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер