Senat raisi navbatdagi Oʻzbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etdi

23:12 04 Noyabr 2022 Siyosat
1096 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yilning 3-noyabr kuni Samarqand shahrida yana bir xalqaro, nufuzli anjuman “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzusidagi II Oʻzbekiston iqtisodiy forumi oʻz ishini boshladi.

“Silk Road Samarkand” turistik markazida boʻlib oʻtayotgan forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari, Matbuot kotibi Sherzod Asadov, Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde va Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shixin Chen ishtirok etdi.

Oʻz navbatida, Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilarga yoʻllagan murojaatnomasini oʻqib eshittirib, xalqaro hamkorlar bilan oʻzaro aloqalar va fikrlar almashinuvini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishiga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, birinchi Oʻzbekiston iqtisodiy forumidan beri oʻtgan yil davomida geosiyosiy keskinliklar, taʼminot zanjirlarining buzilishi, iqlim oʻzgarishi oqibatida kelib chiqqan tabiiy ofatlar, yuqori inflyatsiya va boshqa muammolar jahonning eng kuchli iqtisodiyotlari uchun ham koʻplab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.

Shuningdek, Senat Raisi ham iqtisodiy forum ahamiyati, yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, T.Narbayeva «Oʻzbekiston uchun mazkur forumning ahamiyati beqiyos. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda oqilona, ochiq va pragmatik siyosat olib borilishi natijasida jahondagi eng nufuzli yetuk iqtisodchilar, yirik xalqaro tashkilot vakillari hamda davlatimizda mazkur sohada tizimli ishlarni amalga oshirayotgan mutasaddilarni bir davraga yigʻib, muloqot va fikr almashish uchun yirik xalqaro maydon-platformaga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbari hamisha barcha islohotlarning zaminida inson qadri, inson manfaati yotadi, degan yuksak gʻoyani ilgari suradi.

Aynan mana shu asosiy vazifani amalga oshirish uchun ham iqtisodiy islohotlarni yanada izchillik bilan rivojlantirib, jahonga hamnafas ravishda olib borishimiz zarur.

Iqtisodiy islohotlar aniq manzilli ijtimoiy siyosat va inson huquqlari ustuvorligini taʼminlashning ishonchli mexanizmi bilan uygʻun boʻlishi kerak» deya alohida taʼkidlab oʻtdi.

Ochilishi marosimidan soʻng forum panel yigʻilishlarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi.

Iqtisodiy forum doirasida oʻtkazilgan “Gender tenglik, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va kelajakka sarmoya” mavzusidagi panel muhokamasida Oliy Majlis Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi.

Senat Raisi oʻz soʻzida «bugungi kunda normativ huquqiy bazani xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish ishlarini tizimli davom ettiramiz. Gender ekspertizasidan samarali foydalangan holda xotin-qizlar uchun imkoniyat va kafolatlarni yanada kengaytirish, iqtisodiy tazyiqlarning oldini olishga oid normalar tatbiq etib boriladi.

Gender tengligini taʼminlashga oid turli stereotiplarning oldini olish, unga oid meʼyorlarni aholi orasida keng targʻib qilishda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan keng foydalanish zarur.

Shuningdek, xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga, ayniqsa, axborot texnologiyalari, dasturlash, onlayn tijorat qilish sohalarida oʻqitish, ushbu sohada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun imkoniyatlar yaratish masalalariga eʼtibor qaratish lozim» deya taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?