Senat raisi Namanganda
Foto: Xalq so'zi
Jamoatchilik vakillari, faollar, deputatlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun Namangan viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva safarini Uychi tumanidagi Yorkatay kichik sanoat zonasidan boshladi. Dastlab Senat raisi Yorkatay mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mazkur kichik sanoat zonasida tadbirkorlik sub’yektlari hamda hunarmand xotin-qizlar faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda oldingilar qatorida ish boshlagan tadbirkor ayol, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi Mohidil Bo‘ronova xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida olib borayotgan faoliyati haqida so‘zlab berdi. KSZda “Ustoz-shogird” yo‘nalishida tadbirkor va hunarmand xotin-qizlarning tayyorlagan mahsulotlari mehmonlar e’tiborini tortdi.
Sanoat zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan “Agro sof zaxira” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishuv chog‘ida bu yerdagi tikuv - tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni va korxonaning istiqboldagi rejalari ham mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Shundan so‘ng Senat raisi Yorkatay MFYning yangi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, mahalla beshligi – MFY raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi va profilaktika inspektori bilan suhbatlashdi, hududda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Navbatdagi tashrif manzili – Namangan davlat universitetida T. Narbayeva viloyatning yetakchi oliy ta’lim muassasasida talaba yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoit, zamonaviy tahsil imkoniyatlari bilan qiziqdi. Ayni jarayonda universitetda o‘tkazilayotgan “Referendum va yoshlar” tadbirida ishtirok etib, talabalar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.Suhbat asnosida yangilanayotgan Konstitusiyamizga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati, hususan, kelajagimiz egalari huquqlari yanada kengaytirilayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” yoshlar kichik sanoat zonasi mahalliy tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni ishga solish maydoniga aylangan. Jami 10 gektardan iborat majmuada 46 nafar tadbirkor 612,3 milliard so‘mlik qiymatdagi loyihani amalga oshirib, 6470 ta yangi ishchi o‘rni yaratishni maqsad qilgan. Hozirgi vaqtga qadar ishga tushirilgan sub’yektlarning ko‘pchiligi o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishni boshladi. Oliy Majlis Senati raisiga yaqin vaqt ichida ijrosini topadigan istiqbolli loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Viloyat markazidagi “Ishga marhamat” monomarkaziga tashrif paytida Tanzila Kamolovnaga bu yerda 6 ta soha, 28 ta kasbiy yo‘nalishlar va beshta chet tillarga o‘qitish rejalashtirilib, yil davomida 3240 nafar yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yilganligi haqida so‘zlab berishdi. Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish maskanida hozirga qadar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 5782 nafar fuqaro o‘qitilib, ko‘pchiligining bandligi ta’minlandi.
Senat raisining Namanganga tashrifi davom etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring