Senat Raisi AQSHning Yuta shtati delegatsiyasi bilan uchrashdi

19:55 24 Aprel 2024 Siyosat
403 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva 24-aprel kuni AQSHning Yuta shtati Senati raisi Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara oʻtkazdi.

Oʻzbekiston va AQSH hamkorligining muhim yoʻnalishlari xususan, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida aloqalarni rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Muloqot davomida investitsiyaviy, tovar va xizmatlar bozori, togʻ-kon sanoati, energetika, axborot texnologiyalari sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashildi. Bunda Yuta shtati biznes doiralari bilan oʻzaro manfaatli aniq loyihalarni amalga oshirish, hududlarimiz oʻrtasida sheriklikni yoʻlga qoʻyish va aloqalarni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida shuningdek, gender tenglikni taʼminlash, mehnat munosabatlari va migratsiyasi, sogʻliqni saqlash, taʼlim sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ijtimoiy loyihalarni faollashtirish masalalari tomonlar eʼtibor markazida boʻldi.

Styuart Adams Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib borayotgani va ularni yuksak baholashini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, qator yoʻnalishlar xususan, biznes va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarda hamkorlikda istiqbolli loyihalarni yoʻlga qoʻyish borasida Yuta shtati Senati bor imkoniyatlarni jalb qilishga tayyorligini, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bunga qiziqish bildirayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish, mahalliy vakillik organlarining hamkorligini yoʻlga qoʻyish va oʻzaro tajriba almashishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?