Seysmolog Istanbuldagi zilzila kuchliroq yer silkinishlarining xabarchisi ekanini aytdi

13:14 24 Aprel 2025 Dunyo
180 0

Arxiv foto

Turkiyalik seysmolog Ahmad Erjon shu yilning 23-aprel kuni Turkiyada sodir boʻlgan zilzila 2045-2075-yillar oraligʻida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan 7-7,2 magnitudali yirikroq seysmik hodisaning xabarchisi ekanligini aytdi.

“Yangi zilzila oʻchogʻi xuddi shu joyda, 7 dan 13 kilometrgacha chuqurlikda joylashgan boʻladi, ammo silkinishlar 22 barobar kuchliroq boʻladi”, — deydi olim.

Uning qoʻshimcha qilishicha, 1999-yildan keyin qurilgan uylarda yashovchilar kamroq tashvishlansa boʻladi, chunki oʻsha yili qurilish boʻyicha qatʼiy qoidalar qabul qilingan.

Avval xabar berganimizdek, chorshanba kuni Istanbul hududida bir nechta zilzila sodir boʻldi. Turkiyaning tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, ulardan eng kuchlisi 6,2 magnitudada boʻlgan. Zilzila epitsentrdan 300 km uzoqlikda, Anqarada ham sezilgan. Favqulodda xizmatlar yuqori ogohlantirish rejimiga oʻtdi. Shu fonda seysmologlar Jalol Shengor va Naji Geryur shaharga yaqinlashib kelayotgan “katta zilzila” haqida ogohlantirdi va rasmiylarni bunga tayyorgarlik koʻrishni boshlashga chaqirdi.

Oʻz navbatida, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan “X” ijtimoiy tarmogʻida Istanbul qirgʻoqlarida sodir boʻlgan zilziladan soʻng fuqarolar tinch dam olishlari mumkinligi haqida yozdi.

Uning soʻzlariga koʻra, rasmiylar favqulodda holat haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni olgan va yer silkinishlari oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan va koʻrilishi lozim boʻlgan choralarni baholagan.

“Olib borayotgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida yer silkinishi sezilgan shaharlarda muammoli vaziyat yoʻq”, — dedi Erdogʻan. Uning qoʻshimcha qilishicha, zilziladan hech kim jabrlanmagan, ammo mamlakat 24/7 rejimida «jangovar hushyor turishda” davom etadi.

OAV xabarlariga koʻra, zilzila tufayli baʼzi sayyohlar Istanbulga turlarini bekor qila boshlagan. Turoperatorlar esa bu vaqtinchalik holat boʻlishiga umid qilmoqda.

2023-yil 6-fevral kuni Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida toʻqqiz soat farq bilan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir boʻlgan edi. Mamlakat hukumati “asr falokati” deb atagan ushbu yer silkinishlari oqibatida 53 mingdan ortiq odam halok boʻlgan, 107 mingdan ortiq kishi jarohat olgandi. Oʻshanda turkiyalik seysmolog Naji Geryur Istanbulda 7 va undan yuqori magnitudali zilzila ehtimoli 60 foizdan oshishini aytgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?