Sargʻaygan maktub

12:14 28 Mart 2025 Jamiyat
159 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Masguda Girfanovaning bisotida oʻtgan asrning suronli qirqinchi yillaridan yodgor koʻplab sargʻaygan hujjatlar, yozishma va suratlar bor. Onaxon uchun har biri qadrli. Ular quvonch-u iztiroblar girdobida kechgan yoshligini, yaqinlarini yodga soladi. Xotiralar uygʻonadi.

— Tataristonning Kulbaymarasa qishlogʻida tugʻilganman, — deydi u. — Akam Shabozni yoʻllanma bilan ishlagani Buxoroga yuborishgani yodimda. Yurtda ocharchilik, qahatchilik boshlandi-yu ikki oʻt orasida qoldik. Shunda ahvolimiz tangligidan xabar topgan akam maktub yoʻllab, huzuriga chorladi. Shu tariqa yoʻlga chiqdik. Ne-ne azoblarni torta-torta Oʻzbekistonga yetib keldik. Romitandan boshpana topdik. Oʻzbeklarning bagʻrikengligi, tantiligi, mehr-u oqibati jonimizga oro kirdi. Men oʻshanda 13 yoshda edim. Oradan toʻrt yilcha oʻtib, noming oʻchgur urush boshlandi.

Masgudaning toʻrtala akasi frontga otlandi. Oʻzi davlat tashkilotlarida mehnat qildi. Minglab xotin-qizlar qatori kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishladi. Bir burda nonga qanoat qilib yashadi. Urush tugagach ikki akasi birin-ketin uyga kirib kelishdi. Qolgan ikkisi esa...

Masguda Ikkinchi jahon urushi nogironi Fayzirahmon Nagayev bilan turmush qurdi. Ikkovlon uch farzandni oq-yuvib, oq tarashdi. Bu orada qahramonimiz Karmanadagi bolalar uyida, Buxoro shahridagi uysozlik kombinatida mehnat qildi. Nafaqaga chiqqanidan soʻng ham uyda oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi. Shahardagi urush va mehnat faxriylari xotira–muzeyida oʻn besh yilcha jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatdi.

— Et bilan tirnoqni ajratib boʻlmaganidek, hayotimni Buxorosiz tasavvur eta olmayman, — deydi onaxon. — Mening Vatanim bu Oʻzbekiston. Shu yurtda umrguzaronlik qilayotganimga shukronalar aytaman. Taqdirimdan mingdan-ming roziman.

Darvoqe, Masguda buvi tabarruk yuz yoshda. Buxoro shahridagi Jalol Ikromiy mahallasida istiqomat qilayotgan onaxonning xonadoniga yaqinda viloyat tatar – boshqird milliy-madaniy markazi faollari kelib, uni tugʻilgan kuni munosabati bilan samimiy tabriklashdi.

— Ayni paytda Buxoroda qavmimizning 12 ming nafardan ziyod vakili bor, — deydi markaz rahbari Ravil Zabirov. — Barcha millat va elat vakillari bilan ahil, inoq yashab kelyapmiz. Markazimiz “Doʻstlik uyi”da joylashgan. Masguda buviga kelsak, u qavmimizning yoshi eng ulugʻ vakili. Undan mahalladagilar, yon-atrofdagi maktablarning oʻquvchilari ham tez-tez xabar olib turishadi...

Yana Masguda Girfanova tishining kavagida asrab kelayotgan rasmlar-u sargʻaygan maktublarga qaytamiz. Onaxon uchun bu xatlarning biri juda ham qadrli. Uni akasi Shaboz bundan 84 yil muqaddam, aniqrogʻi, 1941-yilning yozida yoʻllagan. Maktubda “Bizga hordiq chiqargani bir soat vaqt berildi. Mendan xavotir olmanglar. Sogʻ-salomatman”, degan soʻzlarni oʻqish mumkin. Taqdirning achchiq kechmishini qarangki, bu maktub harbiy qism pochtalyoni qoʻliga tekkan pallada Shahbozlar qoʻnim topgan goʻshaga dushman samolyotlari kalxatdek yopiriladi. Yer-u koʻk larzaga keladi. Nari borsa oʻn daqiqacha avval uylariga sogʻinch toʻla maktublarni bitgan, hali oʻn gulidan biri ham ochilmagan yigitlarning koʻpchiligi halok boʻladi. Ular orasida Shaboz ham bor edi. Afsuski, undan yodgor boʻlib, sargʻaygan shu soʻnggi maktub va suratlargina qoldi. Maktubni oʻqirkansan, farzandining, jigargoʻshasining yoʻliga koʻz tika-tika rangi somondek sargʻaygan Masguda buvi kabi onalar haqqi-hurmati dunyoda urush boʻlmasin, deya hayqirging keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер