Sanoat “zanjiri” — iqtisodiy oʻsish kaliti

16:00 27 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
2768 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirish borasida oldimizda turgan vazifalarni belgilab berdi. Bu vazifalar turmushimizning barcha jabhasini, xususan, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarini, jamiyatda yoshlar va ayollar mavqeini yana-da yuksaltirish kabi masalalarni qamrab oldi. Ularni hal qilish uchun milliard-milliard soʻm mablagʻlar ajratilishi belgilab qoʻyildi.

Ijtimoiy rivojlanishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun respublikaning iqtisodiy qudratini yuksaltirish zarurati birinchi rejaga chiqadi. Shuning uchun Yurtboshimiz iqtisodiy oʻsishga, avvalo, raqobatdagi sanoat “zanjir”larini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni koʻpaytirish orqali erishishimiz lozimligini taʼkidlab, shu yilning 1-apreligacha istiqbolli sanoat klasterlari roʻyxatini aniqlab, ularning jadal ravnaqi uchun alohida dastur ishlab chiqish haqida hukumatga topshiriq berdi.

Aytish joizki, ushbu roʻyxatni tuzish va dastur ishlab chiqish uchun masalaga chuqur ilmiy-nazariy, uslubiy yondashuv hamda katta amaliy tajriba talab qilinadi. Jahon iqtisodiyot fanini rivojlantirish tarixida amerikalik olim, Garvard universiteti professori Maykl Porter ustunlikni taʼminlovchi raqobat strategiyalarini ishlab chiqish uslubiyotini yaratib, biznesni klasterlashtirish nazariyasining muallifi sifatida dunyoga tanilgan. Maykl Porterning “Raqobat ustunligi: yuqori natijaga erishish va uning barqarorligini taʼminlash” nomli asari Amerikada 1985-yilda eʼlon qilingan.

Bugungi kunda kompaniyalar tovarlar, sarmoyalar, kerakli axborotlarni dunyoning istalgan nuqtasidan kompyuter klaviaturasidagi bir necha tugmani bosib topa olishi mumkin. Shuning uchun nisbatan ochiq bozorlar, tezkor aloqa va transportirovka imkoniyatlari raqobatda joylashish oʻrnining ahamiyatini nazariy jihatdan pasaytirishi mumkin. Agar joylashish oʻrni ahamiyatga ega boʻlmasa, unda nima uchun boshqa mintaqalarga nisbatan Bostonda jamoaviy investorni topish imkoniyati yuqori? Nima uchun Shimoliy Karolina va Janubiy Karolinada joylashgan toʻqimachilik sanoati kompaniyalari, janubiy Germaniyadagi yuqori unumli avtomobil kompaniyalari, shimoliy Italiyadagi zamonaviy poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyalar dunyo bozorida raqobat ustunligiga ega?

Ushbu savollarga javob topish maqsadida Porter rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotini tashkil etish shakllaridagi oʻziga xos xususiyatlarni oʻrgangan va muvaffaqiyatning asosida biznesni klasterlashtirish yotganligini isbotlab bergan. Klasterlar milliy, mintaqaviy, mamlakat iqtisodiyotining alohida xususiyatlarini oʻzida mujassamlashtiradi. Masalan, Silikon vodiysi yoki Gollivud dunyodagi eng muhim klasterlardir. Biroq innovatsiyalar va raqobatdagi muvaffaqiyat maʼlum jugʻrofiy makonlarda toʻplanishiga qaramay, kompaniyalar joylashgan makonning ahamiyati uzoq vaqtgacha yetarli baholanmagan.

Biznesni klasterlashtirish modellarini tanlashda qulay joyga ega boʻlishning oʻzi yetarli emas. Buning uchun ushbu makonda tabiiy moddiy resurslar, infratuzilma obyektlarining borligi, mahalliy aholi maʼlum bir kasbiy mahoratga ixtisoslashgan boʻlishi lozim. Ana shundagina jugʻrofiy jihatdan yaqin, oʻzaro bogʻlangan kompaniyalar va shu sohada faoliyat yuritayotgan tashkilotlardan iborat klaster tashkil etish mumkin.

Bunga misol sifatida Kaliforniyadagi vinochilik klasterini keltirib oʻtish maqsadga muvofiq. U bir necha ming mustaqil uzumchilarni jamlagan 680 tijorat vino korxonasini birlashtiradi. Uning tarkibida uzumchilik va vinochilikni qoʻllab-quvvatlaydigan qator sanoat korxonalari bor. Ular — uzum xom ashyosi, irrigatsiya va tayyorlash jihozlari yoki bochka hamda yorliqlar yetkazib beruvchi tashkilotlar, jamoatchilik bilan aloqalarni yurituvchi hamda reklama kompaniyalari, isteʼmolchilar va savdo auditoriyalariga moʻljallangan xilma-xil nashrlardan iborat. Bulardan tashqari, Devisdagi Kaliforniya universitetining dunyoga mashhur vinochilik va enologiya dasturi, Vinochilik instituti, Kaliforniya Senati va Assambleyasining maxsus qoʻmitasi ham klaster tarkibiga kiradi.

Italiyadagi charm kiyim va poyabzal klasterining tuzilishi ham oʻrganishga arziydi. U koʻpchilikka maʼlum boʻlgan “Ferragamo Gucci” poyabzal kompaniyasi, koʻplab ixtisoslashtirilgan uskunalar, shablonlar, dizayner xizmatlari va oshlangan teri yetkazib beruvchilardan iborat. Uning tarkibida charmdan tayyorlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi turdosh tarmoqlar ham bor. Kiyimlar, sharflar, aksessuarlar kabi toʻqimachilik buyumlari ishlab chiqaruvchi turdosh tarmoqlardan iborat Italiya klasteri ham faqat Yevropa emas, boshqa qitʼalarda ham isteʼmolchilarga yaxshi tanish.

Klaster uning tarkibidagi har bir korxonaga ishlab chiqarish hajmining miqyosini kengaytirish evaziga yuqori foyda olish imkonini beradi. Chunki korxonalar oʻrtasida xom ashyo, jihozlar va boshqa resurslarni sotib olish, ishlab chiqargan mahsulotini esa sotish xarajatlaridan ozod.

Klasterlashtirish zarurati muayyan mamlakatning alohida xususiyatlaridan ham kelib chiqadi. Masalan, Isroilda irrigatsiya va boshqa qishloq xoʻjaligi texnologiyalari klasteri suv tanqisligi, shuningdek, issiq, quruq iqlim sharoitida barcha resursdan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradigan uskunalar ishlab chiqaradi. Finlyandiyadagi ekologik klaster atrof-muhitni buzadigan metallurgiya, oʻrmon xoʻjaligi, kimyo va energetika kabi qayta ishlovchi sanoat korxonalarida yagona ekologik meʼyorlarni oʻrnatishga qaratilgan.

Har qanday klasterni tashkil qilish uchun vertikal integratsiya strategiyasidan foydalaniladi. Bu shunday usulki, uning yordamida kompaniya texnologik “zanjir”da oʻz chiqish bosqichlarini (orqaga integratsiya) yoki uning kirish bosqichlarini (oldinga integratsiya) yuzaga keltiradi.

Integratsiya toʻliq va tor boʻlishi mumkin. Toʻliq integratsiyada barcha kirish yoki chiqishlar birlashadi. Tor integratsiyaga kompaniyaning kirish unsurlarining bir qismini sotib olish, qolganlarini oʻz kuchi bilan ishlab chiqarish misol boʻla oladi.

Vertikal integratsiyadan foydalanadigan kompaniya odatda oʻzining asosiy dastlabki biznesiga xos raqobatchilik mavqeini kuchaytirish istagi bilan izohlanadi.

Bunga quyidagilar sabab boʻladi:

xarajatlarni tejash;

integratsiyalanayotgan ishlab chiqarishda bozor qiymatidan chetlanish;

sifat nazoratini yaxshilash;

oʻz texnologiyasini himoyalash.

Ammo vertikal integratsiyaning salbiy tomonlari ham bor. Ularning ichida eng muhimi quyidagilar:

texnologiyalar tez almashgandagi yoʻqotishlar;

talabning mavhum boʻlgandagi yoʻqotishlar.

Agar kompaniyaning tashqi arzon taʼminot manbalari mavjud boʻlsayu, oʻz ishlab chiqarishidan foydalansa, vertikal integratsiya xarajatlarini koʻpaytirib yuborishi mumkin. Bu kompaniya ichida raqobatning yoʻqligi sababli ham yuz berishi mumkin boʻlib, u shuʼba korxonalarni (yetkazib beruvchilarni) ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga undamaydi.

Texnologiya keskin oʻzgarganda kompaniyaning eskirgan texnologiyaga bogʻlanib qolishi xavfi vujudga keladi. Talab doimiy boʻlganda yuqoriroq integratsiya darajasi mahsulot ishlab chiqarishni ishonchliroq himoyalash va muvofiqlashtirishga imkon beradi. Talab beqaror va mavhum boʻlsa vertikal integratsiyada muvofiqlashtirish qiyin kechadi. Bu boshqaruv qiymatining oʻsishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda tor integratsiya toʻla integratsiyaga qaraganda xavfsizroq boʻlib chiqishi mumkin.

Shuni ham qayd etish lozimki, tor integratsiya toʻla integratsiyaga qaraganda xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi. Bu esa ayrim sharoitlarda kompaniyaga vertikal integratsiyani kengaytirish imkonini beradi.

Umuman olganda, tor integratsiya boshqaruv xarajatlarini kamaytirishi mumkin boʻlsa-da, u xarajatlarni batamom bartaraf qila olmaydi.

Kompaniya bunga teskari strategiya sifatida yetkazib beruvchilar yoki isteʼmolchilar bilan uzoq muddatli shartnomalardan foydalanishi mumkin. Bunday aloqalar kredit majburiyatlaridan yoki ishlab chiqarishni rivojlantirishga garov investitsiyalaridan foydalanishda, ayniqsa, katta samara beradi. Bu boshqaruv xarajatlarini oshirmay turib, vertikal integratsiya samarasiga erishish imkonini yaratadi.

Vertikal integratsiya asosida korxonalarni klasterlarga birlashtirishning yana bir muammosi bor: uyushadigan ishlab chiqarish quvvatlari bir-biriga mutanosib boʻlishi kerak, aks holda ular ishlamay, boʻsh turib qoladi, quvvatlardan foydalanish koʻrsatkichlari pasayib ketadi. Bu holatni aniq tasavvur qilish uchun diametri turlicha boʻlgan quvurlardan yasalgan suv oʻtkazgichni koʻz oldingizga keltiring. Suv oʻtkazgichning quvvati eng ingichka quvur diametri bilan cheklanadi.

Yuqorida asoslangan nazariy qarashlar va ilmiy yondashuvlarga rioya qilish tuzilayotgan klasterlarning yuqori samaradorligini taʼminlashga kafolat boʻladi. Masalaning amaliy jihatiga kelsak, mamlakatimizning Buxoro va boshqa viloyatlarida tashkil etilgan paxtachilik-toʻqimachilik, dorishunoslik klasterlari qisqa vaqt ichida ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, yuqori samaradorlikka erishishda namuna boʻlyapti. Ushbu tajribani iqtisodiyotimizning boshqa tarmoqlariga ham tatbiq etib, meva-sabzavot, chorvachilik, pillachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi, ularga zarur uskunalar va qadoqlash ashyolari yetkazib beruvchi korxonalardan, ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik tuzilmalaridan, oʻquv muassasalaridan iborat klasterlar tuzilsa, milliy iqtisodiyotimizning dunyo bozorida raqobatbardoshligi yana-da oshadi.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер