Samarqandda viloyatdagi ish va taʼlim beruvchilar integratsiyasi innovatsion forumi oʻtkazildi

17:25 01 Iyun 2024 Jamiyat
157 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizda kechayotgan keng miqyosdagi islohotlar samarasi oʻlaroq, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari jadal rivojlanib bormoqda. Yurtimiz boʻylab yangi va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilib, yirik ijtimoiy, texnologik infratuzilma rivojlanyapti.

Fan va texnikaviy taraqqiyot professional taʼlim muassasalari oldiga sifatli taʼlim berish, mehnat bozori ehtiyoji va istiqbolini inobatga olgan holda malakali kadrlar tayyorlashni dolzarb masala sifatida qoʻymoqda.

Shubhasiz, yaratilayotgan yangi va zamonaviy ish oʻrinlari malakali oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga boʻlgan talabni oshiradi. Chunki har bir sohaning rivoji, loyihalarning ijrosi aynan yetuk kadrlarga bogʻliq.

Shu maʼnoda, professional taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, taʼlim dasturlarini xalqaro taʼlim standartlari asosida joriy etish, mehnat bozoriga malakali oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini yetkazib berish hamda ish beruvchi malaka talablari asosida taʼlim jarayonlarini tashkil qilish bugunning bosh maqsadidir.

Bu borada ish beruvchilar bilan oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlovchi taʼlim muassasalari integratsiyasini yoʻlga qoʻyish gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu maqsadda tashkil etilgan Forumda oliy oʻquv yurtlari, professional taʼlim muassasalari rahbarlari, ish beruvchilar, kollej va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari ishtirok etdi.

Bugungi kunda viloyatda 73 ta professional taʼlim muassasasi (37 ta kasb-hunar maktabi, 14 ta kollej va 22 ta texnikum) faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu professional taʼlim muassasalarida 162 ta kasb va mutaxassisliklar boʻyicha 48 ming 706 nafar oʻquvchi taʼlim olyapti. Jumladan, kasb-hunar maktablarida 23 ming 468 nafar, kollejlarda 5 ming 186 nafar,texnikumlarda 20 ming 52 nafar oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlanmoqda.

Hozirgi kunda Germaniya, Angliya, Yaponiya va shu kabi bir qator rivojlangan davlatlarda elektrik, payvandchi, chilangar, haydovchi kabi texnik kasblar, maishiy xizmat koʻrsatish, mehmonxona va turizm xizmatlari, umumiy ovqatlanish, sogʻliqni saqlash kabi kasbiy taʼlim boʻyicha minglab ishchilarga ehtiyoj bor. Jumladan, Germaniya Federativ Respublikasida yuqoridagi mutaxassisliklar boʻyicha 562,6 mingta ish oʻrni ajratilgan.

— Bizning texnikumda farmatsiya ishi, hamshiralik ishi, feldsher laborant, feldsher akusher, stomatologiya yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda, — deydi Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi maxsus fani oʻqituvchisi Nasiba Oʻroqova. — Ikki mingdan ortiq talabamiz oʻttizga yaqin davolash-profilaktika muassasalari bilan shartnoma asosida oʻquv ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotlarini oʻtab kelmoqda. Texnikumda Germaniya standartlari asosida hamshiralarni qayta tayyorlash va til oʻrgatish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil qilingan. Biz oʻquvchilarni kasbga va tilni oʻrgatishga tayyorlayapmiz. Bugungi kunda yuzdan ortiq talabamiz Germaniyaning nufuzli klinikalari bilan shartnoma imzolagan, ishlashga tayyor, faqat diplom olishlari kerak. Talabalarimizni raqobatbardosh, yetuk, malakali, deb ayta olaman.

Tadbirda tumanlardagi kasb-hunar maktablari oʻquvchilari ham oʻz yoʻnalishlarida berilgan topshiriqlarni bajarishdi. Masalan, quruvchilik yoʻnalishida oʻqiydigan talabalar bino maketini qurib koʻrsatdi, duradgorlik yoʻnalishi talabalari uy-roʻzgʻor mebellarini yasashdi.

— Men quruvchi kasbi boʻyicha 2-kursda oʻqiyman, — dedi Urgut tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabi talabasi Dilshod Abdusattorov. — Forumda bizga ramziy Sherdor madrasasini qurish topshirilgan. Ushbu topshiriqni ish beruvchilar oldida bajarib, oʻz malaka va mahoratimizni koʻrsatdik.

Forumda Samarqand tumanida joylashgan “SITONNI” xususiy korxonasining ishlab chiqarish jarayonlari, charm poyabzal tikish texnologik liniyasi boʻyicha yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari taqdimoti oʻtkazildi. Taqdimot jarayonida charmdan erkaklar poyabzalini tayyorlash, har bir ish oʻrni mehnat xususiyatlari, malaka darajalariga qarab klassifikatsiya qilinishi hamda malaka darajalarini belgilash jarayoni namoyish etildi.

Mamlakatimizda ham iqtisodiyot tarmoqlariga kiritilayotgan innovatsion texnologik jarayonlar, tadbirkorlik, kichik biznes sohalarida yaratilayotgan yangi texnologik ish oʻrinlari uchun oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlovchi professional taʼlim muassasalari tarmogʻini shakllantirishda jahonning ilgʻor tajribalarini puxta oʻrganish va taʼlim jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil etish lozim. Shuning uchun ham forumda professional taʼlim tizimida kompetensiyaviy yondashuv masalasi kun tartibiga qoʻyildi hamda bu jarayonni oʻquv-metodik taʼminlash maqsadida professional taʼlim muassasalari pedagoglari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari uchun М.Холмуҳаммедов, С.Санақуловлар muallifligida tayyorlangan “Professional taʼlimda kompetensiyaviy yondashuv” oʻquv qoʻllanmasi taqdimoti oʻtkazildi.

Forum doirasida yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar hamda professional taʼlim muassasalari ishtirokida “Dual taʼlimni tashkil etishning afzalliklari” mavzusida muhokamalar tashkil etildi. Unda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Feruz Abilov turizm, mehmonxona, restoranlarda oʻrta boʻgʻin mutaxassislarining xizmat koʻrsatishi yaxshi emasligini qayd etdi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Professional taʼlim tizimini rivojlantirish departamenti boshligʻi Oʻtkir Alijonov Germaniya tajribasiga asoslanib, dual taʼlimni Oʻzbekistonga moslashtirish kerakligini aytdi. Shuningdek, tadbirda Mehnat bozori tadqiqotlari instituti direktori Murodulla Xolmuhammedov dual taʼlim, uning afzalliklari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihasi eksperti Ж.Курт Germaniya tajribasi haqida oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Tadbirda ish beruvchilar bilan dual taʼlimni samarali tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?