Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi faoliyatini boshlaydi

17:09 11 Sentyabr 2024 Jamiyat
569 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, 2023-yil 16-20-oktyabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilgan.

Ayni paytda amaliy tashrif bilan yurtimizda boʻlib turgan BMT Turizm bosh kotibi Zurab Pololikashvili Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasi bilan tanishdi.

Ushbu akademiyaning oʻquv dasturi Shveysariya mehmondoʻstlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi.

Oʻzbekiston akademiyaga oʻquv dasturlarini mahalliy sharoitga moslashtirish va koʻpaytirish, oʻqituvchilarga trening oʻtish, ularning malakasini oshirish dasturlari orqali mentorlar tayyorlash, loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, talabalarni ishga joylashtirish kabi masalalarda koʻmaklashadi.

Akademiyada turizm sohasi tadbirkorlik subyektlari buyurtmalariga koʻra, bir yilda bir necha marotaba taʼlim guruhlari shakllanishi bilan oʻquv kurslari tashkil etiladi. Xalqaro turizm akademiyasi 3-yilda 2740 nafar oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini qayta tayyorlaydi.

— Dastlab qayta tayyorlash kursini tashkil etib, 20 nafar turizm yoʻnalishida dars berayotgan oʻqituvchining malakasini oshiramiz, — deydi Xalqaro turizm akademiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Akmaljon Odilov. — Buning uchun Butunjahon turizm tashkilotidan mutaxassislar jalb qilinib, amaliy va nazariy darslar tashkil etiladi. 2025-yilning yanvar oyidan ushbu tashkilot hamkorligida yana 200 nafar yosh turizm sohasi vakillari bir oydan bir yilgacha qisqa muddatli kurslarda oʻqitiladi. 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab esa akademiyada davlat buyurtmasi asosida bakalavr va magistratura yoʻnalishlarida oʻqish mumkin. Darslar xalqaro TOP darajadagi xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamkorligida qoʻshma taʼlim shaklida olib boriladi. Har bir modulni tugatgandan soʻng talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot oʻtash orqali tajriba orttirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер