“Samarqand: uch ming yillik meros”
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Samarqand: uch ming yillik meros” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Ushbu anjumandan koʻzlangan maqsad — shaharning boy tarixiy-maʼnaviy va madaniy merosini har tomonlama tahlil qilish, arxeologik va tarixiy tadqiqotlar natijalarini taqdim etish hamda Samarqandning dunyo sivilizatsiyasi va ilm-fani taraqqiyotida tutgan oʻrnini keng yoritishdan iborat.
Unda YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Oʻzbekiston-Fransiya xalqaro arxeologlar assotsiatsiyasi aʼzolari, mamlakatimiz va xorijlik arxeolog, tarixchi olimlar ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori oʻrinbosari Elmurod Najimov, YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazare Eloundou Assomo, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev soʻzga chiqib, Samarqandning azaldan Sharq va Gʻarb tamadduni kesishgan, fan, hunarmandchilik, savdo va meʼmorchilik rivojlangan, maʼnaviyat va madaniyat markazi boʻlib kelganini taʼkidladi.
Keyingi yillarda bu qadimiy shahar tarixini oʻrganish borasida olib borilgan izlanish va tadqiqotlar natijasida Samarqandning oʻtmishi bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar aniqlandi. Ular shahar hududidagi ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi ikki ming yillikka borib taqalishini isbotlamoqda. Bu esa nafaqat ushbu kent, balki mintaqa xalqlari shaharsozlik madaniyati, davlatchilik tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.
Arxeologik qazishmalar jarayonida Samarqanddagi Koʻktepa, Afrosiyob va boshqa yodgorliklarda qadimgi shahar madaniyatiga oid turli arxitektura inshootlari, xoʻjalik va diniy binolar, moddiy madaniyat namunalari aniqlangan. Bu topilmalar Samarqand va uning vohasida shahar sivilizatsiyasi uzluksiz rivojlanganini koʻrsatmoqda.
Anjumanda arxeologik va tarixiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi. Muhokamalar davomida Samarqandning boy tarixiy-maʼnaviy va madaniy merosi har tomonlama tahlil qilinib, bu boradagi ishlarni davom ettirish zarurligi bildirildi.
YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazare Assomo Samarqandning tarixi va madaniy merosini keng koʻlamda oʻrganishda davom etish, ularni hujjatlashtirish kerakligini taʼkidladi hamda 2026-yilda Samarqandda madaniy meros boʻyicha xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazishni taklif qildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring