Samarqand tajribasi: tomorqadan samarali foydalanish keng ommalashadi

22:43 12 Fevral 2025 Jamiyat
146 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Avval xabar qilganimizdek, bugun Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari mavzusida respublika koʻrgazmali seminari oʻtkazildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari hamda qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, sharoiti ogʻir 71 tuman hokimlari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Markaziy bankning hududiy boshqarmalari boshliqlari, har bir hududdan 10 nafardan mahalladagi hokim yordamchilari ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari Samarqand tumanidagi Shoʻrboicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida, Dehnav mahallasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili boʻyicha mahsulot yetishtirish jarayonlari bilan tanishdi. Ushbu mahallalarda Samarqand tumani hokimligi, Markaziy bank viloyat boshqarmasi rahbarlari tomonidan tomorqadan samarali foydalangan holda yiliga bir necha marta hosil olish, mahsulotni ichki bozorga va eksportga chiqarish, bozorda narx barqarorligini taʼminlash, mahallaning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.

— 2019 — 2025-yillar davomida mahallada tomorqachilikni rivojlantirish boʻyicha fuqarolarga 3 milliard soʻm kredit ajratilgan, — deydi “Dehnav” MFY mahalla bankiri Azizbek Kamolov. — Shu asosda koʻpchilik tomorqa yerlaridan samarali foydalanib, daromad topib kelyapti. Ayni paytda kreditlarni qaytarish boʻyicha ham muammo yoʻq.

— Shoʻrboicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda mahsulot yetishtirish, Dehnav mahallasida tomorqachilikni rivojlantirish boʻyicha qilingan ishlarni koʻrib, tajriba orttirdik, — deydi Olot tumani hokimi Nargiza Neʼmatova. — Yetishtirilayotgan mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish bilan birga eksportga ham chiqarish yoʻlga meni hayratlantirdi. Bulardan oʻrganish kerak boʻlgan jihatlar koʻp ekan.

Seminar qatnashchilari Samarqand tumanidagi Qoʻshtamgʻali mahallasi hududida, M-37 avtomobil yoʻli boʻyida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt koʻchatlari oʻtqazdi. Konigil mahallasi Siyobcha kanali boʻyida olib borilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Samarqand tumanida tomorqa va dehqon xoʻjaligi yoʻnalishlarida aholini oʻqitish, yerga ishlov berish, mahsulotlarni yetishtirish va sotishga koʻmaklashish bilan shugʻullanayotgan “SAM AGRO CENTER” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishuv barchada katta qiziqish uygʻotdi. Tomorqa xoʻjaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar yarmarkasi ham taassurotlarga boy boʻldi.

— Seminar doirasida oʻtkazilgan tadbirlarda qatnashib aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishda Samarqand tajribasidan koʻp jihatlarni oʻrgandik, — deydi Sirdaryo tumanining “Ulugʻbek” MFYdagi hokim yordamchisi Sardor Isarov. — Tomorqachilikni rivojlantirish, yerdan unumli foydalanish, agrotexnik tadbirlarni qanday qilib oʻz vaqtida bajarish bilan bogʻliq qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlib, oʻzaro tajriba almashdik.

Qoradaryo boʻyida joylashgan “Shirin” direksiyasida oʻtkazilgan tadbirda Samarqand viloyatida yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish, mahalla ixtisoslashuvi hamda “kompaniya — kooperativ — dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida kooperativlar tashkil etish mexanizmlari tahlil qilindi. “Sifatli va kafolatlangan mevali va tok koʻchatlarni yetkazib berish tadbirlari”, “Aholi tomorqalarini suv bilan taʼminlash, tomchilatib sugʻorish tizimi orqali ekinlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyishning afzalliklari” haqida maʼruza va taqdimotlar oʻtkazildi.

Respublika seminari aholi tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish va daromadlarini oshirish borasidagi ijobiy tajribalarni keng ommalashtirishda, pirovard natijada yurtdoshlarimiz turmush darajasi yanada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер