Samarqand davlat universiteti kuni keng nishonlandi

16:09 24 Sentyabr 2024 Jamiyat
248 0

Samarqand davlat universiteti XV-XVI asrlarda – Amir Temur va temuriylar davrida yurtimizda roʻy bergan Ikkinchi Renessansning mahsulidir. Bu oliy taʼlim maskani oʻz davrida dunyoda tengi yoʻq taʼlim, bilim va fan dargohi boʻlmish Ulugʻbek oliy madrasasining vorisidir va unda taʼlim bergan, oʻqigan, ilmiy tadqiqotlar olib borgan olim va fuzalolar xalqimizning hamda insoniyatning ilmiy-texnik va madaniy-maʼrifiy taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan.

1420-yil 21-sentyabrda Registon maydonidagi muhtasham binoda Ulugʻbek madrasasida mashgʻulotlar jarayoni boshlangan edi. Bu qutlugʻ sana Samarqand davlat universiteti tashkil topgan kundir. Shu sababli 2021-yildan boshlab 21-sentyabr kuni har yili Samarqand davlat universiteti kuni sifatida xalqaro miqyosda keng nishonlanadi. Bugun erta tongdan boshlangan anjuman qizgʻin kechdi. Universitet xiyoboni boʻylab, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, turli xil koʻrgazmalar, intellektual oʻyinlar boʻlib oʻtdi. Kuy-qoʻshiqlar ijro etilib, talaba va oʻqituvchilarga kayfiyat ulashildi.

Kunning ikkinchi qismida Samarqand Yoshlar markazida universitet kuniga bagʻishlab tantanali marosim oʻtkazildi. Dastlab, Samarqand viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Mirzo Ulugʻbek madrasasidagi ilk dars jarayoni aks etgan sahna koʻrinishi namoyish etildi.

Tantanali tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov kirish soʻzi bilan ochib, barchani qutlugʻ sana bilan samimiy tabrikladi.

Anjumanda Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Husan Toʻxtayev, Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova, Italiyaning Bolonya universiteti rektori, professor Govani Molari, Hindiston Texnologiya instituti professori Kamal Kishore Pant, Hindiston Vellore texnologiya instituti xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, professor Sed Ibrahim, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Azizbek Nasimovlar soʻzga chiqib, SamDU haqida oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilari universitet faoliyatiga yuqori baho berib, xalqaro hamkorlik aloqalarini alohida eʼtirof etdi.

Sankt-Peterburg Politexnika universiteti rektori, professor Andrey Rutskoy, Xitoyning Changchun fan va texnologiya universiteti prorektori Fu YUEGAN, Oltoy davlat universiteti rektori, Sergey Bocharovlarning qutlovlari eshittirildi.

Undan soʻng Samarqand davlat universiteti va uning yutuqlari aks etgan videofilm namoyish qilindi.

Anjuman davomida ilm-fanda yuqori natijalarga erishgan, universitetning xalqaro nufuzini koʻtarishda oʻz hissasini qoʻshgan bir qator professor-oʻqituvchilar hamda fan olimpiadalarida va sport musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar universitet rektorining qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mazkur yoshlar orasida SamDU geografiya va ekologiya fakulteti magistranti, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, para-dzyudo boʻyicha Jahon va Osiyo chempionati sovrindori, “Shuhrat” medali sohibi Uljon Amriyevaning sportdagi gʻalabalari va matonati eʼtirof etilib, universitet rektori tomonidan kompyuter jamlanmasi sovgʻa qilindi.

Tadbir yakunida ijodkor talabalar tomonidan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер