Saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi

Alloh taologa beadad hamd-u sanolar, suyukli Paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga salavot-u salomlar boʻlsin!
Xalqimizni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va oʻz nomimdan Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman. Haq taolo ushbu fazilatli, fayzli damlarni dunyo moʻmin-musulmonlari uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin.
Bu borada kecha Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingani nur ustiga nur boʻldi, deyish mumkin. Unda xalqimiz uchun ezgulik, mehr-oqibat va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ oyni qator tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʻtkazishga doir bir qancha chora-tadbirlar belgilangani yurtdoshlarimizni juda mamnun qildi.
Darhaqiqat, ushbu qutlugʻ oyda yaxshilik, xayr-u saxovat eshiklari yanada keng ochiladi. Allohning afv va magʻfirat xazinasidan har bir kishi oʻz nasibasini olishga intiladi.
“Ramazon — saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” shiori ostida oʻtishi tavsiya etilgan mazkur oyda ehtiyojmandlar, ilm-maʼrifat yoʻlida izlanayotgan yoshlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, oila rishtalarini mustahkamlash kabi xayrli ishlar olib boriladi. Shuningdek, mahallalarda oʻzaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, atrof-muhitni asrab-avaylash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, koʻchat ekishdek dinimiz ham, anʼanalarimiz ham yoqlaydigan goʻzal ishlar bajariladi.
Iftorlik singari tadbirlarda meʼyorga amal qilish, isrofga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor berish belgilandi. Bu esa fazilatli oyning shukuhli oʻtishida katta omil boʻladi, insha Alloh.
Yaratganga shukrki, yangi Oʻzbekistonda barcha soha qatori diniy-maʼrifiy jabhada ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, emin-erkin ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar berilayotgani, masjid-madrasalar obod qilinayotgani, haj-umra qiluvchilar soni oshayotgani moʻmin-musulmonlarni birdek quvontirmoqda.
Eslab oʻtish oʻrinliki, oʻtgan yili yurtimizda oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda qatnashgan xorijlik muftiylar, taniqli ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Yaqin kelajakda zaminimizdan yana Buxoriylar, Termiziylar, Forobiylar, Beruniylar chiqishiga ishonch bildirdi.
Ayni maqsadlarni koʻzda tutgan holda poytaxtimizda bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizdagi bir necha ming yillik oʻtmish va ulugʻvor maqsadlarimizni bir joyga jamlagan muhtasham majmua boʻladi. Ushbu maskan bilan tanishgan odam islom, avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini yaqqol anglaydi. Shuningdek, Samarqand viloyatida qaytadan taʼmirlanayotgan Imom Buxoriy majmuasi allomalarimizga koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromning oliy namunasi boʻldi.
Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, milliy qadriyatlarni eʼzozlash, xalqimizni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning yorqin ifodasidir. Har yili Yurtboshimiz tomonidan Ramazon oyining kirib kelishiga, hayitlarga alohida eʼtibor qaratilishi ham hamyurtlarimizning bu oyni yanada koʻtarinki kayfiyatda, chin ixlos va oʻzgacha tayyorgarlik ila kutib olishlariga sabab boʻlmoqda.
Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar koʻpdan-koʻp ajr-savoblarga ega boʻladi. Chunki tabarruk oyda Alloh taoloning rahmat-u magʻfirati har qachongidan-da koʻproq yogʻiladi.
Ramazon xayr-u saxovat oyidir. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrogʻi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy boʻlib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).
Shunday ekan, qoʻli ochiq insonlarimiz nogironligi borlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashishi, bemorlar holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtarishi eng savobli amal ekanini eslatib oʻtish oʻrinli.
Taʼkidlash kerakki, Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga manzilli yordamlar koʻrsatish, ularni oʻqitish, kasb-hunarga oʻrgatish, ishga joylashtirish borasida ham xayrli ishlar qilinyapti.
Ana shunday savobli ishlarga hamohang ravishda hojilar ishtirokida oʻtkazilgan qariyb yetmish mingta targʻibot tadbirlarida 430 mingdan ziyod ehtiyojmand kishilarga moddiy-maʼnaviy koʻmak berildi. Bunday xayrli ishlar qutlugʻ oyda yanada qizgʻin davom etadi. Chunki biz, ulamolar bu yil Ramazon oyini mehr-muruvvat, xayr-saxovat mavsumiga aylantirishni oʻzimizga shior qilib oldik. Toki qutlugʻ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin.
Ramazon — Qurʼon oyidir. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil boʻlgan. Haq taolo Baqara surasining 185-oyatida bunday deydi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat manbai va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir”.
Anʼanaga koʻra bu yil ham mamlakatimizdagi jome masjidlarda taroveh namozlari boshlandi. Ularda 27 kun davomida xatmi Qurʼon ado etiladi. Alloh nasib qilsa, barcha masjidlarda Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, yaʼni Qadr kechasida xatmi Qurʼonlar yakunlanib, bir vaqtning oʻzida bir necha million xalqimiz Haq taologa duo qilishadi. Mana shunday jamuljam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon boʻladi. Oʻlkamizga ilohiy nur, baraka yogʻiladi, insha Alloh.
Ramazon — duo oyi. Bu haqda Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bir qancha oyat-u hadislar kelgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Qachon bandalarim sendan Men haqimda soʻrasalar, bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman. Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyadki, toʻgʻri yoʻlni topsalar” (Baqara surasi, 186-oyat).
Ulamolar mazkur oyatning roʻza haqidagi oyatlardan keyin zikr qilinishida Ramazon oyining duo oyi ekaniga dalil va ishora bor, deyishadi. Quyidagi hadisi sharifda ham Ramazon duo oyi ekani aytilgan:
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kecha-kunduzida doʻzaxdan ozod qilingan (banda)lar boʻlur. Ulardan har biri uchun qabul boʻladigan bir duo bor”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Mana shunday lahzalarda Haq taolodan moʻmin-musulmonlarimiz tutadigan roʻzalari qabul, ibodatlari maqbul va duolari mustajob boʻlishini soʻraymiz. Alloh taboraka va taolo ezgu maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimizni roʻyobga chiqarsin!
Prezidentimiz sogʻ-salomat, Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti bundan-da farovon, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik, hamjihatlik muhiti barqaror boʻlsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring