Sayyohlik salohiyatining betakror jilosi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga har safargi tashrifida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalar ekan, uning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish, buning uchun sayyohlik infratuzilmasini xalqaro andozalarga tenglashtirish borasida bir qator koʻrsatmalar beradi.
Joriy yilda viloyatga xorijlik sayyohlar sonini 500 mingga, mahalliy sayyohlar sonini 2,5 millionga, sayyohlik xizmatlari eksportini 150 million dollarga yetkazish belgilangan. Bu 2024-yilga nisbatan qariyb bir, bir yarim baravar koʻp demakdir. Albatta, buning mustahkam nazariy va amaliy asoslari bor.

Boisi ulugʻ shoir nomi bilan ataluvchi viloyat maʼmuriy birlik sifatida navqiron boʻlishiga qaramasdan, insoniyat moddiy va maʼnaviy mulkiga aylangan osori-atiqa va betakror tarixiy obidalarga boy hududlardan biri sanaladi.
Birgina Sarmishsoy darasidagi qoyatosh surat, yaʼni petrogliflar 4,5-5 ming yillik tarixga ega boʻlib, u Nurota togʻ tizmalarining oftobroʻy etaklarida yashagan ajdodlarimiz hayoti, daraning qadim hayvonot va nabotot olamidan hikoya qiluvchi bebaho manbadir. Uchtut chaqmoqtosh shaxtalari esa yer osti konchiligining ibtidosi hisoblanishi bilan jozibador. XV asrda bunyod etilgan Raboti Malik, Sardoba, Deggaroniy ziyoratgohi, Mir Said Bahrom maqbarasi, XVI asr tarixiy obidasi – Qosim Shayx majmuasi, Nurota chashmasidagi noyob meʼmoriy obidalar, Mingbuloqdagi tosh oʻrmon, Zarafshon shahri va Sentob qishlogʻi yaqinidan topilgan petrogliflar har doim mahalliy va xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotgan. Bundan tashqari, toʻrt fasl xislatlarini oʻzida jamlagan soʻlim maskanlar, ekstremal tasnifdagi bepoyon Qizilqum ekologik sayyohlikni yoʻlga qoʻyishning betakror manbalaridir. Muxtasar qilsak, norvegiyalik arxeolog olim taʼkidlaganidek, bunday bebaho tarixiy boyliklar bilan Oʻzbekiston insoniyat tamadduni beshigiga daʼvogarlarning sardorlaridan biri sanaladi.

— Bugungi kunda sayyohlarni jalb qilish uchun viloyatimizda 437 ta madaniy meros obyektlari mavjud boʻlib, ularning 70 tasi arxitektura, 306 tasi arxeologiya va 45 tasi monumental obyektlarni tashkil etadi, — deydi Navoiy viloyati Turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hamdam Muhiddinov. — Turizm sohasida ulkan salohiyatga ega viloyatimiz oʻzining ana shu yuqorida qayd etilgan koʻp sonli qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati va fayzli goʻshalari bilan tashrif buyurgan sayyohlarni oʻziga rom etmoqda.
Mamlakatimiz rahbari belgilagan vazifalar ijrosini taʼminlash yoʻlida 2024-yil davomida umumiy qiymati 231.6 mlrd. soʻmlik 34 ta (10 ta mehmonxona, 17 ta oilaviy mehmon uyi, 4 ta xostel hamda 3 ta oʻtovli oromgoh) joylashtirish vositalari tashkil etilib, umumiy soni 238 taga, ulardagi oʻrinlar soni 6983 taga yetkazildi. Shuning hisobiga 326 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Misol uchun: Navoiy shahri markazida 100 oʻrinli “Shedevr Plaza” va 120 oʻrinli “Tinchlik Plaza-2” mehmonxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 22 ta turkompaniyalar yangidan ish boshladi.

Oʻtgan yili turmarshrutlar soni 70 taga yetkazilib, Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana, Qiziltepa tumanlarini qamrab olgan 340 km masofada 60 ta obyektdan iborat Navoiy “turizm halqasi” yoʻnalishi doirasida transportda va piyoda sayohat qilish boʻyicha alohida turistik marshrutlar yaratildi.
Viloyatdagi termal buloqlardan samarali foydalangan holda, Xatirchi tumani “Oltinsoy” MFY hududida 1 ta sogʻlomlashtirish obyekti, “YURT CAMP” MCHJ tomonidan Konimex tumanidagi “Yangiqazgʻon” MFYda 500 oʻrinli oʻtovli lager, otda va tuyada sayr qilish, ov qilish, 2 ta restoran, savdo doʻkonlari, transport hamda turkompaniya xizmatlarini oʻz ichiga olgan turizm klasteri tashkil etildi.

“QIZILQUM KEMEL TRAVEL” MCHJ tomonidan Aydarkoʻl boʻyida loyiha qiymati 18,3 mlrd. soʻm boʻlgan dam olish maskani hududida mehmonxona, 5 ta kemping, 2 ta glemping, basseyn, restoran hamda turkompaniya xizmatlari asosida turizm klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada choʻlda ov va jonli ulovlarda sayr qilish, choʻl qumidan shifo maqsadlarida foydalanish uchun oʻtgan yili 10 ming nafarga yaqin xorijiy, 32 300 nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi.
— Xatirchi tumanidagi Langar mahallasiga “Turizm mahallasi” maqomi berilishi, ushbu qishloqda 20 ta oilaviy mehmon uyi va 5 turdagi qoʻshimcha xizmat turlari tashkil etish orqali 80 kishining bandligini taʼminladi, — deya davom etadi H. Muhiddinov. — Shu bilan bir qatorda “Turon bank” ATB tomonidan Langar mahallasida loyiha qiymati 1,5 mlrd. soʻm boʻlgan Selfi maydonchasi va 5 ta kemping tashkil etildi. Bundan tashqari, MFY hududida amalga oshiriladigan 50 million dollar investitsiyalarni jalb qilish loyihalar “paketi” ishlab chiqildi. Joriy yilda tumanning soʻlim Angidon qishlogʻiga ham “Turizm qishlogʻi” maqomini olish rejalashtirilgan.

Viloyatda ziyorat sayyohligini rivojlantirish maqsadida barcha muqaddas qadamjolar hamda madaniy obyektlar roʻyxat-xaritasi shakllantirilib, hududlarda ularga olib boruvchi yoʻllar atrofi va bu yodgorliklarning ichki, tashqi tomonlari obodonlashtirildi. Yoʻl belgilari uch tilda yozib, oʻrnatildi. 4 ta madaniy meros obyektlarida (Gʻozgʻon shahridagi “Shohimardon”, Karmana tumanidagi “Mirzachorbogʻ”, “Mavlono Orif Deggaroniy” madaniy meros obyektlari, Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” davlat muzey qoʻriqxonasi) 2,2 mlrd. soʻmlik qurilish, taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Joriy yilda esa Nurota tumani hududida joylashgan Aydarkoʻl suv havzasi atrofida 150 gektar yer maydonida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish uchun Turizm zonasini tashkil etilib, biryoʻla 10 ming nafargacha xorijiy va mahalliy sayyohlarga zamonaviy xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan mehmonxona, dam olish va koʻngilochar maskanlar barpo qilinadi. Qiziltepa tumanidan oʻtuvchi M-37 xalqaro avtomagistral yoʻli boʻyidagi hududda, Karvonsaroy hamda Toʻdakoʻl suv havzasi atrofida joylashgan 90 ga yer maydonida “Toʻdakoʻl” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etiladi. Shuningdek, Zarafshon shahridagi Marvarid koʻli atrofida kanat yoʻli, suzish havzasi, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur chora-tadbirlar viloyatning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini oshirish bilan birga sayyohlik industriyasini yaratish, uning yalpi hududiy ichki ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish orqali mehnat bozoridagi muvozanatni barqarorlashtirishga turtki beradi. Qolaversa, sayyohlik nafaqat manzillar va xalqlar, balki dillar hamda taraqqiyotlarni bir-biriga bogʻlovchi beminnat omildir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring