Sahro javohiri

06:43 20 Mart 2025 Jamiyat
138 0

1

— Bu yoqqa qarang! — xitob qildi uchogʻimiz Haydarkoʻldan oʻtganda oykulchaday oynadan osmonni tomosha qilib kelayotgan hamrohim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli fotomuxbir Abdugʻani Juma. — Kim aytadi bu yerlarni Qizilqum deb, choʻl deb?!

Oʻrnimdan yarim koʻtarilib, tashqariga moʻralayman. Qarayman-u, yuragim hapriqib ketadi. Pastda ertaklarda “Qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadi” deyilmish choʻl — Qizilqum emas, afsonaviy eram bogʻlari yastanib, tovlanib yotganday. Saraton quyoshida tuya oʻrkachlari misoli saf-saf barxanlar aro kezingan sap-sariq sarob yolqinlari bugun xuddi moviy dengiz toʻlqinlariga aylanib, bahor havolarida beshik-beshik toʻlgʻanayotganday...

— Qayerda bor bunday goʻzallik! — samolyotni boshiga koʻtargudek hayqiradi Abdugʻani Juma. — Navoiy deydilar buni!

— Har qadami tillo — oltin, kumush, marmar, fosforit, uran, kvars, feruza, ohaktosh... — deya maqtanishda toʻxtamaydi u:

— yurtimizdagi eng boy va bepoyon choʻl qayerda? — Navoiyda;

— eng yirik oltin va kumush konlari-chi? — Navoiyda;

— eng katta issiqlik elektr stansiyasi,

— eng ulkan sement zavodi,

— dunyodagi eng bebaho sur teri,

— Oʻzbekistondagi mashhur kimyo korxonalari va marmar konlari ham Navoiyda.

Bekorga sahro javohiri, demaydilar.

Sarmishsoy, Sangijumon, “Tosh oʻrmon” moʻjizalarining esa Yer yuzida qiyosi yoʻq. Quchogʻining kattaligi, bagʻrining kengligini aytmaysizmi?

 

Oʻzbekistonda Qoraqalpogʻistondan boʻlak hududi unga teng keladigan viloyat yoʻq! Bir yogʻi Qoraqalpogʻiston-u Haydarkoʻl, Qozogʻiston-u Buxoro, yana bir tomoni Samarqand-u Jizzax. Yana deng, dunyodagi Malavi, Lesoto, Sloveniya, Sent-Lyusiya, Yangi Kaledoniya degan davlatlardan bir necha barobar katta.

— Bilaman, — sherik boʻlaman fotograf doʻstimning iftixoriga. — Qizilchaning oʻziga Tinch okeanidagi Tonga degan davlatning ikki-uchtasi oʻynab-oʻynab singib ketadi. Navoiy mamlakatimiz viloyatlari orasida eng kenjasi boʻlishiga qaramay...

— Shunday. 1982-yilda asos solingan, 1988-yilda tugatilgan. 1992-yili Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan yana qayta tashkil etilgan, — deb soʻzimni boʻladi u. — Aholisiyam uncha koʻp emas, 1 milliondan sal ziyod. Lekin bu viloyat tarixi ana shu yillardan boshlanadi, degani emas. Uning insoniyat tamadduniga katta hissa qoʻshgan qadimiy va boy oʻtmishi bor. Qizilqumda, Qoratovda, Nurota atroflarida qadimiy manzillar shu qadar koʻpki, ularning baʼzilarini yurtdoshlarimiz ham yaxshi bilmaydi. Masalan, “Uchtut” chaqmoqtosh shaxtasi. Olimlar bundan 200 — 100 ming yillar avvalgi ibtidoiy davrlardayoq odamlar bu yerdan chaqmoqtosh qazib olganini isbotlashgan. Dastlabki paytlarda ochilib qolgan yerlardagi chaqmoqtosh gʻuddalari yirik toshlar bilan urib ushatilgan. Keyinroq bu yumush yogʻoch tayoqlar, undan keyin Buxoro ohusining shoxlaridan, yovvoyi hoʻkiz, bugʻu va boshqa jonivorlar suyaklaridan yasalgan choʻkichlar, kuraklar yordamida amalga oshirilgan. Hozirgacha 48 ta shaxta oʻrganilgan va har biri oʻrtacha 35 — 45 kilogrammdan boʻlgan 8000 ta gʻudda qazib olingan. Bu joy ibtidoiy davrda Markaziy Osiyoda chaqmoqtosh olingan yagona makon hisoblanadi. Bunaqa shaxtalar jahonda kamdan-kam uchraydi.

2

Hamrohimning soʻzlari “Ochiq osmon ostidagi muzey” — Sarmishsoyni esga tushirdi.

Sarmishsoy petrogliflari — Oʻzbekiston hududida eng koʻp, eng beqiyos qoyatosh rasmlari saqlab qolingan vodiy hisoblanadi. Bu yerdagi qoyatosh suratlarida, bundan 5 — 7 ming yil avvalgi hayot tasvirlangan. Sarmishsoyda qariyb 22,5 kilometr masofadagi qoyatoshlarga oʻyib solingan 10 mingdan ortiq rasmlar bilan yuzma-yuz kelgan kishi beixtiyor ming-ming yillar avvalgi odamlar davrasiga tushib qolgandek sehrlanadi, oʻyga toladi; qoʻlidagi uzun nayzalarni oʻqtalgancha hay-haylagan koʻyi bahaybat hayvonlarni quvib borayotgan ovchilarning jangovar hayqiriqlarini eshitganday bir gʻalati titroq qoplaydi jon-u jahonini. Qizil va qora rangli qumtoshlarga hamda slanesli qoyalarning tik va yotiq sirtiga solingan tasvirlar afsonaviyligi bilan maftun qiladi; gajakdor shoxli arxarlar, togʻ echkilari, yovvoyi buqa-yu toʻngʻizlarni nayza-kamonda ovlayotgan ovchilarga qoʻshilib ketayotgandek sezasiz oʻzingizni.

Tasvirlarning yana bir hayratli jihati shundaki, ularning baʼzilari yomgʻir yoqqanda koʻrinsa, ayrimlari quyosh nuri tik tushganda paydo boʻladi. Shunday suratlar ham borki, uni koʻzingiz yorugʻlik qiya tushganda yoki soyada ilgʻaydi.

Faqat shu emas, Sarmishsoy azaldan oʻziga xos juda boy hayvonot dunyosiga ega manzil hisoblangan. Bu yerda oʻsimliklarning 62 oilasiga mansub 650 turi uchraydi. Ularning anchasi Oʻzbekiston “Qizil kitob”iga; kapchabosh ilon, echkiemar, burgut, qora baliq, koʻlvor ilon, sariq ilon, joʻrchi, zargʻaldoq, kaklik, bedana, jayralar esa Xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan.

Umumiy maydoni 5000 gektardan moʻlroq boʻlgan va “Sarmish” tabiat bogʻi deb eʼlon qilingan ushbu tarixiy meros petrogliflari jahon miqyosida madaniy yodgorlik sifatida tan olingan.

Xatirchining Sangijumon qishlogʻidagi tebranib turuvchi antiqa tosh ham dunyodagi kamyob moʻjizalar sirasidan.

Sangijumon — forschada “tebranuvchi”, “qimirlovchi tosh”, deganidir. Qishloq nomi ham sehrkor tosh nomidan kelib chiqqan. Haybatli toshning aylanasini 20, balandligini 6 metr, vaznini esa 280 tonna, deyishadi. Lekin shunday katta xarsangni hamma bemalol qimirlatishi mumkin. Tebranish toshning biqiniga tirab qoʻyilgan choʻplarning egilishidan bilinadi.

Arxeologlarning taʼkidlashicha, Sangijumon 280 million yil avval yer qaʼridan koʻtarilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo boʻlgan. Ular oʻz vaqtida yer qobigʻini yorib chiqa olmasdan, taxminan 250 million yil oldin maʼlum chuqurlikda qotib qolgan. Sodir boʻlgan kuchli va murakkab tektonik harakatlar hamda eroziya natijasida massivning toʻshi ochilgan. Bu yerdagi jinslar bundan kamida 10 ming yillar ilgari yuzaga chiqqan. Dengiz sathidan 800 — 900 metr balandlikda joylashgan mazkur xarsang darani qoplab yotgan granit toshlarning yirik bir boʻlagi.

Eng qizigʻi, hududda turli nomdagi toshlar juda koʻp. Toshlarga koʻrinishi va shakliga qarab nomlar berilgan. Masalan, “Kobra tosh”, “Besh panja”, “Ayiqning boshi”, “Jayra tosh”, “Hassa tosh”, “Qoʻziqorin tosh”. Tebranuvchi tosh yaqinida “Teshik tosh” degan yana bir tosh bor. Rivoyatlarga qaraganda, bu toshning teshigidan faqat gunohi yoʻq odam oʻta oladi.

Teshik tosh yonidagi yassi tosh ustida ulkan oyoq izlari koʻzga tashlanadi. Baʼzi rivoyatlarda Nuh kemasi Oqtovning eng yuqori choʻqqisi — Langar togʻida langar tashlagani taʼkidlansa, boshqa birida toshdagi izlar toʻfon suvi qaytganidan soʻng yerga qadam qoʻygan paygʻambarning izlari ekani aytiladi.

3

Bilasizmi, mamlakatimizdagi qazilma boyliklarning 20 foizi Navoiy zaminida, — deya davom etdi safardoshim. — Muruntov dunyodagi eng yirik konlardan biri. Bu zamin javohirotlar makoni. Shuning uchun ham Navoiyni “Ona yurtimizning oltin sandigʻi” deyishadi. Ammo... — u chuqur xoʻrsindi, oʻylanib qoldi.

Hamma biladi, Navoiy tuprogʻi nodir va qimmatbaho maʼdanlarga boy.

Oʻzbekiston zaminida oʻrganilgan 60 dan ortiq oltin konlarining 40 tasi Qizilqumda. Mazkur javohirlar bugun tillo kamarlarini belga mahkam bogʻlab yurtimizga, xalqimizga xizmat qilmoqda.

Oltinimiz yuqori sifati bilan ham jahonga mashhur. 1998-yili Tokio birjasi oltinlarimizni sifat etaloni, deya eʼtirof etdi. 2019-yilda London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi tomonidan bozor talablariga toʻla rioya qilish borasida navbatdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etildi.

2011-yili “Muruntov” konida dunyoda oʻxshashi yoʻq yutuq — Tik-qiya konveyer majmuasi ishga tushirildi. Umumiy uzunligi 3 kilometr boʻlgan majmuaning foydalanishga topshirilishi bilan yukni yetkazib berishdagi xarajatlar 50 foizga kamayib, kon chuqurligidagi maʼdanlarni tashishda avtoagʻdargichlarning koʻtarilish balandligi 300 metrga qisqardi.

Kanadada joylashgan “KITKO” xalqaro tahlil markazi xulosasiga koʻra “Muruntov” koni 2020 va 2021-yillarda jahonda birinchi, 2022-yili esa ikkinchi oʻrinni egalladi.

Soʻnggi yetti yilda yangi konlar ochildi, 5 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati hamda Nurota tumanidagi “Pistali” koni negizida 6-gidrometallurgiya zavodi foydalanishga topshirildi. “Auminzo-Amantoy”, “Balpantov”, “Turbay” konlari ishga tushirildi. Natijada qayta ishlash quvvati 2016 — 2024-yillarda 60 million tonnadan 105 million tonnaga koʻpaydi. Oʻsish surʼati 2023-yildagiga nisbatan 105,3 foizga teng boʻldi. Oltin ishlab chiqarish rejasi 105,2 foiz, kumush ishlab chiqarish esa 113,4 foizga bajarildi.

— Bir joyda oʻqidim, — deb jimlikni buzdi Abdugʻani. — 2024-yilning oʻzida kombinat 93,9 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqaribdi. Salkam 94 trillion! Hazil gapmi bu? Endi hisoblang, mustaqillikkacha oʻtgan yillarda qancha oltin olingan?

Ming afsuski, bu oltinlarning, hatto, changi ham nasib etgan emas oʻzimizga. Muruntovni mashhur geolog, nuktadon olim Ibrohim Hamroboyev ochgan. Xazinatopar bu siymo konni ochishga ochgan-u ammo keyinchalik bu ishidan qanchalar pushaymon boʻlgani yolgʻiz oʻzi va Allohga ayon boʻlsa kerak. Chunki xazinani uni egallab olgan shimollik xoʻjayinlar talaydi, eshelon-eshelon tashib ketadi. Hatto, Istiqlolning dastlabki vaqtlarida ham uncha-muncha oʻzbek bolasi qadam bosolmasdi kombinat ostonasiga. Men shu yerlikman, yaxshi bilaman, yaqinlashtirilmas, kiritilmas, mahalliy aholi uchun taqa-taq yopiq edi eshigidan tuynugigacha.

 

Doʻstimning kuyunishlari behuda emas. Garchand, 1958-yili “Muruntov” koni ochilib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilgan, kombinat uran, oltin va kumush ishlab chiqaradigan ulkan korxonaga aylanib, “Asr moʻjizasi” deya tan olingan esa-da, javohirlar qatra-qatrasigacha tashib ketilar edi. 1969-yili kondan ilk marta 11 kilogramm 820 grammlik sof oltin yombisi olinadi. 1971-yildan 999.9 probali oltin chiqarila boshlandi. Ammo ushogʻigacha yalab-yulqib olib ketildi bu boyliklar ham.

— Endi u kunlarga tosh otishdan foyda yoʻq...

— Toʻgʻri! — shartta soʻzimni boʻladi Abdugʻani. — Ketgani — ketdi. Ammo haligacha manqurtcha fikrlovchilarning borligi va ularning “Oʻsha paytlari kolbasa falon soʻm, goʻsht pismadon soʻm edi” qabilidagi yozgʻirishlari alam qiladi odamga. Gʻazabim qaynaydi. Eng yomoni, qashshoq yoki kambagʻal emas, surishtirsangiz, bittasi omadi chopmagan alamzada, boshqasi qaysidir vazifani eplolmay yumshoq kursisidan ayrilgan sobiq amaldor boʻlib chiqadi ular. Rostini aytsam, ichim achiydi ularga, insof bersin, elga qoʻshilsin, deyman. Lekin qachon qutulamiz bunday irkit koʻrlikdan. Kishanlangan qoʻl-oyoq, zanjirband erk, gʻijimlangan adolat, oʻz uyingdagi xoʻrlik, maʼnaviy azob... Oʻlchab boʻlarkanmi bularni yarimqadoq kolbasa bilan?! Yaratganning buyuk tuhfasi, bobolarimizning yuz yillik orzu murodi-ku, Mustaqillik! Qul boʻlib qolaversak, oltin daryolarimiz burilarmidi oʻzimizning bogʻlarga, oʻzimizning dasht-u dalalarga, oʻzimizning koʻchalarga? Qachon koʻrardik bugungi obodliklarni?!

Fotograf bekorga gʻazablangani yoʻq. Toʻgʻri, togʻ boshi tumansiz, kurash bexatar boʻlmaydi. Yuz yil qul boʻlib yashagandan, bir kun hur boʻlib yashagan ulugʻ baxt ekanini his qilmaydigan, bir gramm oltinning bahosi qancha ekanini bila turib, oʻzini anqovga solguvchi ruhan qashshoq shaxslar oʻtkinchi.

“Millatning ulugʻ martabasini, saodatini saqlamoq, uning dardlariga darmon boʻlmoq vazifangizdir”. Bugungi tahlikali zamon sohibqiron bobomiz Amir Temurning bu vasiyatini quloqlarga qoʻrgʻoshinday quyib olishni talab qilmoqda. Tangriga shukr, mamlakatimizda el elga yondashib alpona mushtlarga, irmoqlar irmoqlarga qoʻshilib, joʻshqin daryolarga aylanayotir. Yangiliksiz, gʻalabasiz kun yoʻq. Qalbni iftixorga toʻldiradi Navoiy viloyatidagi yuksalishlar ham.

Marjon shodalari kabi tovlanadi, koʻzlarni quvontiradi bu gʻalabalar. Ayniqsa, 2017 — 2024-yillarga oid mumtoz maʼlumotlarning baʼzilariga bir qur koʻz tashlagan kishining koʻksi gʻururga toʻladi, ruhi togʻday koʻtariladi.

2024-yili viloyatda 145 069,6 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu 2017-yildagidan 11-marta koʻp. 21 813,1 milliard soʻmlik qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, baliq mahsulotlari tayyorlandi. Bu 2017-yildagiga nisbatan 3,2-marta ortiq. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 2017-yildagiga qiyoslaganda 7,5 karra oshib, 117 297,7 milliard soʻmga yetdi.

Shuningdek, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar oʻtgan yili 2017-yildagiga nisbatan 8,6-marta, pudrat ishlari 9 karra, chakana savdo aylanmasi 3,5 barobar, xizmatlar hajmi 6,5-marta, tashqi savdo aylanmasi 2 karra, eksport 3,7 barobar oshdi. 64 ming 700 ta ish oʻrni yaratildi. 3 — 6 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish 34,1 foizdan 86 foizga, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni esa 132 tadan 1750 taga yetdi.

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari soni 378 ta boʻldi. Prezident maktabi va 11 ta “Barkamol avlod” maktabi, viloyat Bolalar kutubxonasi, ikkita davlat va ikkita xususiy universitet tashkil etildi.

Sportchilar 2024-yilning oʻzida respublika miqyosida va xalqaro maydonlarda 1857 ta medalni qoʻlga kiritishdi. Ularning 506 tasi oltin, 467 tasi kumush, 786 tasi bronza.

Navoiy viloyatida turistik manzillar nihoyatda koʻp boʻlishiga qaramay, sohaga uzoq yillar uncha eʼtibor berilmadi. Masalan, 2017-yilga qadar viloyatda bor-yoʻQi 5 ta oilaviy mehmon uyi, 5 yoʻnalishda turistik marshrut va bitta turkompaniya faoliyat yuritgan. Keyingi yillarda oilaviy mehmon uylari 122 taga, turmarshrutlar 70 taga, turfirmalar 75 taga yetdi. 490 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Sayyohlar safi 635 ming nafardan 2,2 million nafarga koʻpaydi.

Turizm qishlogʻiga aylantirilgan Nurota tumanining Sentob ovulida 9,4 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 5 kilometr yoʻl, 2 ta selfi zonasi va boshqa turizm infratuzilmasi yaxshilandi. 2 ta mehmonxona bilan 20 ta mehmon uyi ochildi, 60 kishi ishli boʻldi.

Endilikda qishloqqa har kuni oʻrtacha 300 nafar, bir yilda 44 ming nafar sayyoh kelyapti. Barcha xonadon turizmdan daromad olmoqda.

Yana Xatirchining Langar mahallasida 20 ta oilaviy mehmon uyi, loyiha qiymati 1,5 milliard soʻmlik selfi maydonchasi, 5 ta kemping tashkil qilinib, 80 nafar aholi ish bilan taʼminlangan boʻlsa, Konimex tumanidagi “Yangigʻazgʻon” MFYda 500 oʻringa ega oʻtovli lager, otda va tuyada sayr, ov qilish, 2 ta restoran, savdo doʻkonlari, transport hamda turkompaniya xizmatlarini oʻz ichiga olgan turizm klasteri ish boshladi.

Haydarkoʻl boʻyidagi loyiha qiymati 18,3 milliard soʻm boʻlgan dam olish maskanida zamonaviy mehmonxona, 5 ta kemping, 2 ta glemping, basseyn, restoran hamda turkompaniya xizmatlarini oʻz ichiga olgan turizm klasteri tashkil etildi. Shuningdek, Nurotadagi “Chashma majmuasi”, Konimexdagi “Mix ota” masjidi, Navbahordagi “Sarmishsoy” davlat muzey-qoʻriqxonasi obod qilindi. 1,3 milliard soʻmlik mablagʻ evaziga Uchquduq tumanidagi “Tosh oʻrmon” tabiiy arxeologik obyektida restavratsiya va konservatsiya ishlari amalga oshirilib, atroflari balandligi 1,8 metr, uzunligi 1,3 kilometr boʻlgan panjara bilan oʻraldi, tungi yoritish chiroqlari, kuzatuv kameralari oʻrnatildi.

Umuman, oxirgi ikki yilda viloyatda 395 milliard soʻmlik 129 ta turizm loyihasi ishga tushdi, 340 kilometr masofada 60 ta obyektdan iborat 14 ta turizm marshrutini oʻz ichiga olgan Navoiy “turizm halqasi” ishlab chiqildi.

Nurota togʻlari quchogʻidagi Sentob qishlogʻi Butunjahon turizm tashkiloti — UNWTOning Samarqand sammitida “Eng yaxshi turizm qishlogʻi” deb eʼlon qilindi va Butunjahon turizm qishloqlari roʻyxatiga kiritildi. “Raboti Malik”, “Sardoba”, “Mirsaid Bahrom”, “Qosim Shayx”, “Mavlono Orif Dehgaroniy” kabi madaniy meros obyektlari YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari roʻyxatidan joy oldi.

Xudo xohlasa, hademay, Navoiy shahrining Islom Karimov koʻchasida 1,5 kilometr masofada loyiha qiymati 12 milliard soʻm boʻlgan Turizm koʻchasi tashkil etiladi.

Ha, Navoiy viloyati har jihatdan mamlakatimizning “Oltin sandigʻi”ga aylanib bormoqda.

4

Shu joyda bitta haqli savol tugʻiladi: xoʻsh, “Oltin sandiq”ni kim ochdi?

Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga qilgan tashriflari mazkur savolga aniq va mukammal javob beradi.

Eʼtibor bering, Prezident 2017-yildan buyon hududga 7-marta tashrif buyurdi. Bu tashriflarning har biri viloyat tarixida yangi va goʻzal sahifalar ochdi. Mana, ularning ayrimlari:

2017-yil. Shu yilgi tashrifdan soʻng Navoiy issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi poydevoriga tamal toshi qoʻyildi.

“Marmarobod” davlat unitar korxonasining tashkil etilishi, Nurota Chashmasida keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi va Navoiy viloyatining erkin iqtisodiy zonaga aylanishi 2018-2019-yillardagi tashriflar natijasidir.

“National plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sanoatning yangi tarmogʻi PVXdan profil va boshqa turdagi mahsulotlar, “Green Line Profil” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan alyuminiy profil va alyuminiy mahsulotlar ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilgani, Toʻdakoʻl suv ombori hududida “Golden lake fish” masʼuliyati cheklangan jamiyati tuzilgani, “Yangi Asr” fermer xoʻjaligi tomonidan loyiha qiymati 60 milliard soʻmlik naslli qoramolchilik hamda sutni qayta ishlash sexi ishga tushirilgani; Nurota va Tomdi tumanlarida “Yoshlar mehnat guzarlari” qurilib foydalanishga topshirilgani; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qaroriga muvofiq, Gʻozgʻon shahri tashkil etilgani ham Prezident tashriflarining shirin mevalari hisoblanadi.

Endi 2021-2022-yillardagi tashriflar haqida. 2021-yilgi tashrifdan keyin Karmana tumanida mamlakatimizdagi ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishlay boshladi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga start berildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi foydalanishga topshirildi.

2022-yilgi tashrifdan soʻng “Zarafshon Oyna” MCHJda qiymati 250 million dollarlik, “Zarafshon industrial technology” qoʻshma korxonasida 60 million dollarlik, “JVContinaz” MCHJ QKda 62,5 million dollarlik, “Chemistry International” MCHJ korxonasi tomonidan qiymati 16 million dollarlik, “Uzbekistan Hydrogen Peroxide” MCHJ QKda 27 million dollarlik loyihalar amaliyotga tatbiq etildi.

Navoiy shahridagi 3 ta chorrahada tarixda birinchi marta sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan “Aqlli chorraha” tizimi joriy qilindi.

Yangi Navoiy shahrini qurish uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga oʻtkazildi.

Mamlakat rahbarining bulturgi tashrifi doirasida esa shaharning Farovon mahallasida “GRATIS BUILDINGS” MCHJ tomonidan kongress-xoll, 27 qavatli mehmonxona, biznes markazi, koʻp qavatli turarjoy kompleksi qurilishiga start berildi.

Yangi Navoiy shahrida ishbilarmonlik markazi va “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining qurilishi uchun 50 million dollar hamda 100 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Bulardan tashqari, 3 milliard 600 million dollarlik 15 ta loyiha boʻyicha Konimex tumanida yonuvchi slaneslarni qazib olish va qayta ishlashning birinchi bosqichi, Karmana tumanida 300 megavatt quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi, Navoiy shahrida texnik gaz ishlab chiqarish, Gʻozgʻon shahrida marmar va Zarafshon shahrida granit toshlarni qayta ishlash, Uchquduq tumanida kaolin qazib olish va boyitish, Xatirchi tumanida baliq ozuqasi tayyorlash korxonalari qurilishlari boshlab yuborildi.

Endi soʻnggi yillarda aholini elektr, gaz, ichimlik suvi, uy-joy bilan taʼminlash yoʻnalishiga doir misollarga murojaat qilamiz:

2017 — 2024-yillarda xalqni tabiiy gaz bilan taʼminlash 61,5 foizga, toza ichimlik suviga ehtiyojini qoplash 85,4 foizga yetdi. 2391 kilometr avtomobil yoʻllari, 4695 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 155 kilometr tabiiy gaz, 4575 kilometr irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Yetti yilda 19640 xonadonli 1,2 million kvadrat metr uy-joy qurildi.

Investitsiyalar va sanoatni rivojlantirish hisobiga 3,4 ming, xizmatlar va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 40,8 ming, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida 74,1 ming, qurilish sohasida 5 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlanishi tufayli bir yilda ishsizlik darajasi 6,3 foizdan 1,9 foizga tushirildi.

Bunday muhtasham raqamlarning hamma-hammasida Yurtboshimizning mehnati, mehri mujassam. Ular davlatimiz rahbarining olis-olislarni koʻzlagan adolatli siyosatining ilk hosilalaridir.

Rejalar esa...

5

Rejalar olamiga oʻtishdan avval Navoiydagi yana bir moʻjiza — “Tosh oʻrmon” haqida ikki ogʻiz soʻz.

U Uchquduqning Mingbuloq qishlogʻidan oʻttiz chaqirimcha naridagi Jaraquduq darasida joylashgan. Ilmiy farazlarga koʻra bundan taxminan 90 — 95 million yillar avval chinorlar-u qirqquloqlar toshga aylanishi natijasida “tosh oʻrmon” yuzaga kelgan.

Dunyoning baʼzi mamlakatlarida ham noyob toshlarning sehrli olamini oʻzida mujassam etgan “tosh oʻrmon”lar mavjud. Xitoyning Yunan muzofotidagi, Rossiyaning Lena daryosi boʻyidagi, Bolgariyaning Varna va Sofiya shaharlari oraligʻidagi, AQSHning Arizon choʻli va Madagaskarning Singi-de-Bemaraxa milliy bogʻidagi “tosh oʻrmon”lar shular jumlasidandir.

Qizilqum “Tosh oʻrmon”ining boshqalarga oʻxshamaydigan jihati shundaki, bu manzilda tosh qotgan chigʻanoqlar, akula tishlari va suyaklari, daraxt tanasi va mevalaridan tortib, oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarigacha uchraydi. Bularning barchasi qachonlardir Qizilqum oʻrnida ulkan ummon boʻlganidan dalolat beradi.

“Tosh oʻrmon”ning shakllanishiga oid quyidagi farazlar bor: oʻsha davrda daraxtlar va suv ostida oʻsadigan past butalar daryo boʻylarida joylashgan. Atrofdagi qumlar suv bilan oqib kelishi natijasida asta-sekinlik bilan daraxt atroflariga yigʻilib, toshga aylana boshlaydi. Natijada oʻsimliklar quriydi. Butunlay qurib bitgan daraxtlar oʻrnida boʻshliq paydo boʻladi hamda bu boʻshliq qum va choʻkindilar bilan qoplanadi. Million yillar davomida bu choʻkindilar toshga aylanadi.

“Har ishning oʻz chamasi, har daryoning oʻz kemasi bor”, deydilar. Yoʻl bilmagan manzilga yetolmaganidek, uzoqni chamalab, rejasiz safarga chiqqan kema ham toʻfonlar girdobiga tushib qolishi mumkin.

Navoiyliklarning 2025 — 2030-yillarga moʻljallangan rejalari esa aniq va quyma.

Bir qarashda osmon moʻjizalarini koʻrib boʻlmaganidek, bir maqolada ham katta viloyat koʻzlayotgan manzillarni qamrab olish mumkin emas. Shu bois bepoyon rejalarning ayrimlarini tilga olamiz. Eng avvalo, noyob xazinalar haqida. 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish — 1,5 barobar, kumush — 3 karra, uran — 3-marta, mis — 3,5 barobar oshadi. Kon-metallurgiya kombinatida 20 dan ziyod yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

1 trillion soʻmdan ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 16 taga yetadi.

Zarafshon va Gʻozgʻon shaharlari hamda Uchquduq tumanidagi 3 ta ixtisoslashtirilgan sanoat zonasida 57 ta loyiha ishga tushiriladi.

Kimyo sanoatida 525 million dollarlik 62 ta loyiha amalga oshiriladi.

Eksport 5 barobar koʻpayib, uning yillik hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etadi.

Viloyatning erkin va kichik iqtisodiy sanoat zonalarida, Yoshlarning tadbirkorlik va sanoat zonalarida 290 ta loyiha ijrosi taʼminlanib, qariyb 6000 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

6000 ta ish oʻrni.

Bu raqam, agar mazkur oilalarning har birida ikkitadan jon boʻlsa 12 ming, uchtadan boʻlsa 18 ming, toʻrttadan boʻlsa 24 ming insonning qalbiga quvonch, dasturxoniga toʻkinlik, oilasiga xotirjamlik, ertangi kuniga ishonch olib kirdi, deganidir!

Bundan tashqari, shaharlarda 14 364 ta xonadonli 159 ta koʻp qavatli uy bunyod etilishi, 30 964 ta xonadondan iborat 774 ta uyning taʼmirlanishi, tumanlarda 2158 xonadonli 55 ta uy-joy qurilishi bu hisobga kirmaydi.

Tijorat banklari ham qarab turmaydi. Ular 15 744 nafar kishiga 4 533 milliard soʻm ipoteka krediti ajratadi.

Yana: 232,3 kilometr uzunlikda sugʻorish tarmoqlari quriladi.

136,9 kilometr kollektor-drenaj tarmogʻi qurilib, 1650 kilometr kollektor-drenaj tiklanadi, 125 ta kuzatuv qudugʻi taʼmirlanadi.

Xatirchi tumanidagi Langar, Angidon, Nurota tumanidagi Chuya qishloqlari “Turizm mahallasi” va “Turizm qishlogʻi”ga aylantiriladi...

Bunday muallo raqamlar bilan yuzma-yuz turganda beixtiyor Abdulla Oripovning mashhur satrlarini hayqirib-hayqirib takrorlaging keladi:

Mustaqillik nashʼasin, haqqing bordir, sur endi,

Qoʻlni berib qoʻllarga, bir tan boʻlib yur endi!

6

— Qaniydi qushga aylanib qolsam, — xayolimni boʻldi Abdugʻani Juma. — Juda boshqacha boʻladi-da Qizilqumning bahori. Hammayoq yam-yashil. Maysalar boʻliq, giyohlar zangor, qizgʻaldoqlar gʻunchalagan, chumolilar oʻt-oʻlanlar bargida yuguradi, oʻynaydi. Yer-u jahon koʻklam hidiga toʻla... — Abdugʻani chechaklar nafasi gurkurab dimogʻiga urilayotgandek entikadi.

— Filning tushiga Hindiston kirarmish... Har qushga oʻz butasi aziz-da.

— Har bitta koʻkatniyam suygan tuprogʻi bor! Odamga kindik qoni tomgan yerdan ulugʻi yoʻq. Abdulla akam bekorga:

“Qorliklarni makon etgan boʻlsayding,

Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?” demaganlar.

Fotograf doʻstimning qush boʻlib uchishiga hojat qolmadi.

Salonda styuardessaning jarangdor ovozi yangradi:

— Hurmatli yoʻlovchilar, samolyotimiz bir necha daqiqadan keyin Navoiy shahrining xalqaro aeroportiga qoʻnadi.

Biz gʻazal mulkining sultoni, ulugʻ mutafakkir, betakror siymo Alisher Navoiy hazratlari nomi bilan atalguvchi oʻlka — ona yurtimizning “oltin sandigʻi” — Navoiy viloyatiga yetib kelgan edik...

Abdusaid KOʻCHIMOV,

Oliy Majlis Senati aʼzosi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер