Rossiyalik tahlilchilar Maduroning agʻdarilishi neft narxining pasayishiga olib kelishidan xavotirda
Rossiyada yetakchi tahlilchilar AQSH prezidenti Donald Trampning Venesuelaga doir rejalari Rossiya iqtisodiyoti uchun keng koʻlamli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Taʼkidlanishicha, Venesuela dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega boʻlsada, arab davlatlari va Rossiyaga nisbatan juda kam hajmda neft eksport qiladi. Mamlakatdagi “PDVSA” neft kompaniyasi samarasiz va ish qobiliyati past deb baholanadi. Shuningdek, AQSH sanksiyalari esa mamlakatning neft eksportini yanada cheklab qoʻygan.
Bugunga kelib, Venesuelaning ulkan neft zaxiralari Amerika korporatsiyalari uchun katta salohiyat sifatida koʻrilmoqda. Donald Tramp bu borada oʻz niyatlarini yashirmagan va avvalroq biz juda yirik neft kompaniyalarimizni mamlakatga yuboramiz, degan edi.
Mazkur vaziyat Rossiya uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanib, mamlakatdagi neft narxi davlat byudjeti uchun hal qiluvchi omildir. Rossiya moliya vazirligi 2026-yil byudjeti rejasida “Urals” neftining bir barreli uchun 59 dollarlik narxni nazarda tutgan, biroq hozirda uning qiymati 50–52 dollar atrofida saqlanmoqda. Tahlilchilarga koʻra, narx yana biroz pasaysa, byudjetda jiddiy taqchillik kuzatilishi mumkin.
AQSHning Venesueladagi operatsiyasidan biroz avval milliy energetika xavfsizligi jamgʻarmasi tahlilchisi Igor Yushkov “finance.mail.ru” portaliga bergan intervyusida Maduroning omon qolishi Rossiya uchun ham iqtisodiy ham siyosiy jihatdan muhim ekanini taʼkidlagan. Tahlilchining fikricha, Maduroning hokimiyatdan agʻdarilishi Rossiyaga qarshi keyingi harakatlar uchun namuna boʻlishi mumkin.
Rossiyalik iqtisodchi Sergey Suverov “Argumenty i Fakty” gazetasiga bergan intervyusida AQSHning muvaffaqiyatli operatsiyasidan soʻng neft narxlari pasayishi kutilayotganini yashirib oʻtirmagan. Uning aytishicha, keyingi ikki–uch yil ichida amerikaliklar global bozorga neft yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniga ega boʻladi.
Bundan tashqari, rossiyalik oligarx Oleg Deripaskaning Telegram kanalida qoldirgan xabari ham turli muhokamalarga sabab boʻldi.
“Koʻrinishidan ularning rejasi neft narxini barreli uchun 50 dollardan oshmasligini taʼminlash”, — deb yozgan Deripaska.
Uning fikricha, bu holat Kremlni xarajatlarni qisqartirish, davlat mulkini sotish yoki xususiy sektorga qoʻshimcha soliqlar joriy etishga majbur qilishi mumkin. Deripaska bu jarayonni amerikaliklar dunyo neft zaxiralarining yarmidan ortigʻini nazorat qilayotgani bilan izohlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring