Rossiyalik ekspertlar: “Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat Oʻzbekistonning dadil qadami bilan mutlaqo yangicha tus kasb etmoqda”

Mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona ichki hamda tashqi siyosat samaralari Rossiya matbuoti va ekspertlarining ham yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Prezident Vladimir Putinning yurtimizga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakat siyosiy doiralari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston mavzusiga yanada kengroq eʼtibor qaratyapti.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda Rossiya va Oʻzbekiston tovar ayirboshlash hajmini joriy yilning oʻzida 5 milliard dollarga yetkazishi mumkinligini aytgan.
Yu. Ushakovning fikricha, ushbu koʻrsatkichga erishish uchun tomonlar barcha imkoniyatga ega. Prezident yordamchisi 2018 yilning yetti oyi mobaynida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yilning shu davridagiga nisbatan 32 foiz ortganini qayd etib oʻtdi.
Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining kutilayotgan uchrashuviga toʻxtalar ekan, rasmiy vakil ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi mexanizm tashkil etilishini alohida taʼkidladi. Ushbu mexanizm Hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya koʻrinishida shakllantirilib, unga ikki davlat Bosh vazirlari rahbarlik qiladi.
Oliy darajadagi muzokaralarda muhokama qilinadigan mavzular orasida Afgʻonistondagi vaziyat hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ham alohida koʻrsatib oʻtildi. Imzolanishi kutilayotgan idoralararo, hukumatlararo va tijoriy hujjatlar Oʻzbekiston — Rossiya aloqalarining yangi amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qiladi.
Yu. Ushakovning maʼlum qilishicha, ikki mamlakat rahbarlari ishtirokida qurilishiga tantanali start berilishi kutilayotgan atom elektr stansiyasining qiymati 11 milliard AQSH dollariga yaqin boʻlib, birinchi energoblok 2028 yili ishga tushirilishi moʻljallangan.
“Moskovskiy komsomoles” gazetasida Rossiyaning Markaziy Osiyo siyosatida Oʻzbekiston oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotgani qayd etiladi.
“Oʻzbekiston mintaqa davlatlari orasida iqtisodiy oʻsish surʼatlari boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga erishmoqda. Tabiiyki, ushbu mamlakatga deyarli barcha xorij davlatlari katta qiziqish bildiryapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida Vashingtonga muvaffaqiyatli tashrifni amalga oshirdi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻp milliardlik sarmoyaviy loyihalarni tasdiqladi, noyabr oyida kutilayotgan Investitsion forum esa Oʻzbekiston bozori uchun boshlangan raqobat maydoniga aylanadi”, deb yozadi gazeta sharhlovchisi Sergey Valchenko.
Rossiyalik ekspert-tahlil doiralari vakillari Oʻzbekistonning Moskva tashqi siyosatidagi oʻrni va ahamiyati keskin ortganini eʼtirof etmoqdalar.
Xususan, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Tahliliy markazi direktori, siyosiy fanlar doktori Andrey Kazansevning fikricha, Oʻzbekiston mintaqaning markaziy mamlakati boʻlib, aholi soni boʻyicha eng yirik davlatdir. Buning ustiga, u muhim strategik joylashuvga ega.
— Shu sababli, Oʻzbekiston bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirish Rossiya uchun nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, nihoyatda qisqa muddat mobaynida ikki mamlakat aloqalarini mustahkamlash uchun katta ishlarni amalga oshirdi, — deydi mutaxassis.
Rossiya Fanlar akademiyasi Kavkaz va Markaziy Osiyoni oʻrganish instituti katta ilmiy xodimi Aleksandr Vorobyevning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonning Rossiya uchun ahamiyati ortib borayotir:
— Boshqa koʻplab mamlakatlar bilan hamkorlik cheklanib borayotgan bir paytda Moskvaning Toshkent bilan aloqalari barcha sohada kengayib, rivojlanish tendensiyasini namoyon etmoqda. Iqtisodiyot deysizmi, xavfsizlikmi, gumanitar masalalarmi, hamma yoʻnalishda oʻsish kuzatilayotir. Ushbu ijobiy jarayonga hamkorlikning qandaydir institutsional formatlar bilan cheklanmasdan, ikki tomonlama asosda qurilayotgani ham koʻmaklashmoqda.
Yevrosiyo tahliliy klubi eksperti Nikita Mendkovichning soʻzlariga qaraganda, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat bugun Oʻzbekistonning dadil qadami bilan mutlaqo yangicha tus kasb etmoqda.
Oʻzbekiston nafaqat mintaqada eng koʻp sonli aholiga ega, balki transport yoʻlaklari kesishgan nuqtadir, deydi mutaxassis. Afgʻoniston bilan bevosita temir yoʻl aloqasini yoʻlga qoʻyib, respublika qator muhim siyosiy tashabbuslarni ilgari surdi. Bu ushbu mamlakatda tinchlik oʻrnatish jarayonida muhim rol oʻynamoqda.
Shu mavzudagi fikrlari bilan oʻrtoqlashar ekan, Anʼanaviy madaniyatlar markazi direktori Aleksandr Sobyanin “oʻzbek diplomatiyasi” Afgʻonistonda oʻzaro kurashayotan barcha tomonlar bilan muloqot oʻrnatganini yuqori baholaydi. Zero, shu paytgacha “Tolibon” harakati hech qaysi davlatga ishonib, oʻz vakillarini muzokara oʻtkazish uchun yubormagan. Oʻzbekiston bu maʼnoda istisno boʻldi. Respublika tez orada tolibonlarni ham, afgʻon hukumatini ham muzokaralar maydoniga toʻplashiga shubha yoʻq.
Siyosatshunos Aleksandr Xrolenkoning taʼkidlashicha, Rossiya va Oʻzbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Prezident Vladimir Putinning davlat tashrifi mobaynida imzolanadigan hujjatlar esa ikki tomonlama aloqalarning amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qiladi.
Anvar MIRZAYEV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring