Rossiyada barmoq izlari tekshiruvidan oʻtgan migrantlar patentsiz ishlashlari mumkin boʻladi

20:58 22 Mart 2025 Jamiyat
289 0

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin chet el fuqarolariga barmoq izlari, yuqumli kasalliklar boʻyicha tibbiy koʻrikdan oʻtgan boʻlsa, mamlakatda patentsiz ishlashga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Kommersant” nashri.

Xabarda aytilishicha, Rossiyada patentsiz ishlashni istagan chet elliklar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar shaxsini aniqlash uchun IIVning hududiy organida barmoq izlari orqali identifikatsiyadan oʻtishlari shart boʻladi.

Bundan tashqari, narkotik yoki psixotrop moddalarni shifokor retseptisiz isteʼmol qilganlik boʻyicha test topshirish hamda ayrim yuqumli kasalliklarga tekshiruvini oʻz ichiga oluvchi tibbiy koʻrikdan oʻtish talab qilinadi.

Maʼlumot uchun, 2024-yilda Rossiya hukumati migratsiya siyosatini kuchaytirdi. Shu jumladan, nazorat ostidagi shaxslar reyestri shakllantirilib, noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jarimalar kuchaytirilgan edi.

2025-yilning mart oyida hukumat Davlat Dumasiga patent boʻyicha mamlakatda ishlayotgan xorijliklarga yuklatilgan talablarni yumshatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etgan. Mazkur hujjatga asosan, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan chet ellik shaxslarga faqat kelgan hududida emas, balki unga qoʻshni hududlarda ham ishlash uchun ruxsat berilishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер