Rossiya harbiylari Tojikistonda yangi qurolni sinovdan oʻtkazadi

23:32 18 Noyabr 2021 Dunyo
1295 0

Foto: Sputnik

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ning Tojikistondagi mashgʻulotlarida rossiyalik razvedkachilar birinchi marta yangi quroldan foydalanadi.

Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga koʻra, Rossiyaning harbiy bazasi 201-razvedkachi bataloni harbiylari Tojikistonda boʻlib oʻtayotgan “Kobalt-2021” KXSHT qoʻshma mashgʻulotlarida ilk bor AK-12 avtomatidan foydalanadi.

“Tojikiston poligonlarida boʻlib oʻtayotgan mashgʻulotlar doirasida yaqinda foydalanishga topshirilgan AK-12 avtomati birinchi marta qoʻllaniladi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Aniqlik kiritilishicha, 201-razvedkachi bataloni harbiylari AK-12 avtomatlarini shu yilning sentyabr oyida ilgari foydalanishda boʻlgan AK-74 avtomatlari oʻrniga qabul qilib olgan.

Bu vaqtgacha harbiylar yangi quroldan faqat oʻt ochish mashgʻulotlarida, taktik vaziyatdan tashqarida nazorat otish mashqlarini bajarishda foydalangan.

AK-12 avvalgi avlod shu turdagi qurollardan ancha takomillashtirilgan. U oʻq otuvchiga har qanday pozitsiyadan nishonni aniq moʻljalga olish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, chiroq, lazer nishon kabi qoʻshimcha jihozlar bilan jihozlangan.

Bir kun avval Tojikistonda KXSHTning “Kobalt – 2021” mashgʻulotlari boshlandi. Unda ichki ishlar vazirligining maxsus kuchlari, KXSHT Tezkor harakat kuchlari, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlari, shuningdek, Rossiyaning 201-razvedkachi bataloni harbiylari ishtirok etmoqda. Maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlarining faol bosqichi 19-noyabrga belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?