Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi O.Malginov Tashqi ishlar vazirligiga taklif etildi

18:49 21 Dekabr 2023 Siyosat
3101 0

2023 yil 21 dekabr kuni Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Malginov taklif etildi. Uchrashuv davomida Rossiya vakiliga «Rossiya segodnya» matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda «Spravedlivaya Rossiya – za pravdu» partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazildi.

Rossiya Federatsiyasi kabi do‘st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi. 
Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokasion ruhda bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
O‘z navbatida, O.Malginov to‘liq mas’uliyat bilan Z.Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining do‘st va mustaqil O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozisiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi vakili sifatida Elchi «O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan»ligini ta’kidladi.

O.Malginov, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa bo‘yicha izoh berishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Tashqi ishlar vazirligi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?