R.Kusherbayev: Endi navbat sudyalarga kelibdi: karantin qonunsizlik, degani emas

11:42 12 Iyul 2020 Siyosat
1680 0

Oʻzbekiston milliy axborot agentligining maʼlum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida sud xodimi doʻpposlangan, sudyalar esa odamlar oldida atayin obroʻsizlantirilibdi.

Yomon tomoni bu ishni tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan IIB boshligʻi, oʻrinbosari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi masʼullar qilishgan. Yaʼni sudyalarning xizmat mashinasi tuman markaziga kiraverishda toʻxtatilib, oʻtkazilmagan, qonunga koʻra huquqini talab qilgan haydovchi doʻpposlanib, yengil tan jarohati yetkazilgan va hibsxonaga qamab qoʻyilgan. Mashina ichidagi sudyalarni esa bir guruh formalilar odamlarni oldida namoyishkorona “kalaka” qilishib, videoga olishgan.

Mana sizga ahvol. Karantin bahona boʻlib ayrim “formalilar” va “hokimlar” amaldagi qonunlarga tupurib qoʻyib kimdan alami boʻlsa, maza qilib «humoridan chiqyapti», karantinni qonunsizlik va zoʻravonlik davri sifatida butun dunyoga namoyon qilyapti.

Fikri ojizimcha mana shunday zoʻravon, oʻquvsiz, madaniyatdan yiroq boʻlsa ham adashib lavozimga kelib qolganlarning dastida karantin jarayoni salbiy koʻrsatkichlar bilan oʻtayapti, odamlarda nafrat, gʻazab va ishonchsizlik ortib, tartibga atayin boʻysunmaslik kayfiyati kuchaymoqda.

Kamiga Oliy sudda ham bu kabi vaziyatlarda qatʼiy pozitsiyaning yoʻqligi, oʻz ishi qolib, ijroning ishi boʻlgan «snos» kabilarga aralashib, asosiy vazifasini anglamasligi, tizimda adolat uchun jurʼatning haliyam pastligi joylarda istagan odam sudyalarni oyoqosti qilishiga sabab boʻlyapti. Ayrim sudyalarning hokimlar tomonidan qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish darajasiga yetib borgani ham mustaqil boʻlishi kerak boʻlgan sud tizimining atayin himoyasiz ahvolga tashlab qoʻyilganiga ishora qilmoqda.

Bir narsa aniq: toki ongsiz robotdek emas ongli fikrlovchi, kitob oʻqigan, jurʼatli kadrlar joylarda munosib lavozimda boʻlmas ekan, qonunlar ustuvor boʻlgan fuqarolik jamiyatini qurishni tushimizda koʻraveramiz.

Jarqoʻrgʻondagi zoʻravon masʼullarining harakatiga esa Bosh prokuratura qatʼiy huquqiy baho berishi va jazoga tortishi shart.

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер