Rishtondagi maktabdan boshlangan “yashil tashabbus” butun tumanga yoyildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabi pedagogik jamoasi tomonidan ilgari surilgan innovatsion gʻoya tez orada butun tuman miqyosida keng qoʻllab-quvvatlandi. Gap shundaki, maktab rahbariyati foydalanilgandan soʻng koʻcha-koʻyga tashlab ketiladigan plastmassa idishlarni yigʻish uchun ulkan quti — plastik idish shaklidagi maxsus konteyner tayyorladi.
Ushbu noyob quti oʻquvchilar va ota-onalar tomonidan ham iliq kutib olindi. Endi maktab oʻquvchilari boʻshagan plastmassa idishlarni axlatga tashlash oʻrniga bir joyga jamlashga odatlana boshlashdi. Bu tashabbus bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish, maktab hududini ozoda saqlash va qayta ishlashga yoʻnaltirilgan faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Ayni paytda bilim dargohida 1016 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya oladi, — deydi maktab direktori Sayyodjon Sharopov. — Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida bu tajriba keng ommalashib, tumandagi boshqa maktablar jamoasidan buyurtmalar tushmoqda. Hozirda maxsus fan oʻqituvchilari buyurtma asosida ana shunday qutilar tayyorlab berishyapti.
Yigʻilgan plastmassa idishlarni ulgurji sotib oluvchilar ham paydo boʻldi. Yaqingacha chiqindi hisoblangan buyumlardan foyda olish imkoniyati vujudga keldi.

Ilk muvaffaqiyatdan ilhomlangan oʻqituvchilar bu tashabbusni yanada kengaytirishga kirishdi. Endi qogʻoz chiqindilari uchun ham maxsus quti tayyorlanayotir. U dastlab maktabda sinovdan oʻtkaziladi, soʻngra boshqa taʼlim muassasalari uchun ham tayyorlab berish rejalashtirilgan.
— Ona tabiatga mehr, ekologik muvozanatni taʼminlash shu kabi kichik va oddiy odatlardan boshlanadi, — deydi tashabbuskor maktab direktori. — Shu bois oʻquvchilarimizga chiqindini toʻgʻri va belgilangan joyga tashlash, plastik mahsulotlardan kamroq foydalanish, suv va elektr energiyasini tejash, yashil maydonlarni asrash va koʻpaytirish koʻnikmalarini oʻrgatyapmiz. Sogʻlom va toza muhitda oʻqish yangi avlodni ona tabiatga doʻstona munosabatda boʻlishga ragʻbatlantiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring