Ravon yoʻllar taraqqiyotga eltadi

11:48 04 Dekabr 2024 Jamiyat
185 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Ravon yoʻllar har bir mamlakat iqtisodiyotining rivoji, aholi farovonligining koʻzgusidir.

Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga har bir tashrifida yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ayniqsa, qishloq joylarida harakat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish vazifalariga alohida eʼtibor qaratadi. Misol uchun toʻrt yil avval qariyb oltmish yil mobaynida xatarli boʻlib kelgan Qoraqargʻa dovoni pasaytirilib, yoʻlning eni 9 metrdan 15 metrga kengaytirilib oʻtkir burilishlar bartaraf etildi. Bugun navoiylik yoʻlsozlar Xatirchi va Paxtachi tumanlarini bogʻlovchi 4R56 “Oqtosh sh.-Yangirabot sh.-Langar q.-Chuya q.” avtomobil yoʻlining 10,2-kmda joylashgan (Zarafshon daryosi ustidan oʻtuvchi) koʻprikda rekonstruksiya ishlarini nihoyasiga yetkazmoqda.

— Obyektning kapital taʼmiri joriy yilda boshlangandi, — deydi qurilish prorabi Muhsin Aglamov. — Uning loyihaviy quvvati – 108 pogonametr boʻlib, shu kunga qadar ushbu avtomobil yoʻli 2-toifadan 1-“b” toifaga oʻtkazildi. Bir tomondan yangi koʻprik qurilishi toʻliq tugallandi. Avtomobillar uchun qatnov yoʻlga qoʻyildi. Ikkinchi tomon koʻprik qurilishida balkalar oʻrnatilgan, tekislovchi qatlamda beton ishlari, BK, PTM plitalarni oʻrnatish va yoritish tizimi tayanchlarini oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirda pudratchi tomonidan mazkur avtomobil yoʻlining 10—11-km oraligʻida 30 000 m³ tuproq, 6 400 m2 qum shagʻal aralashmasidan asos qurish, hamda 800 metr qismida piyodalar yoʻlagi qurish va bordyurlar oʻrnatish ishlari bajarildi. Shu bilan birga 11—16-km oraligʻida 1 km yoʻlni qaytadan qurish, 3,5 kmlik piyodalar yoʻlagi tortish, 131 dona yoritish tarmogʻi tayanchlarini oʻrnatish va kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshirildi.

— Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2024-yil 7-avgustdagi majlis bayonida Sangijumon darasiga olib boruvchi mahalliy ahamiyatdagi 4N400 “Achchi q.-Koriz q.-Sangijumon q.“ avtomobil yoʻlining 5 kmlik (9—14) qismini hamda 2,8 km ichki yoʻllarni taʼmirlash belgilangan, — deya davom etadi M. Aglamov. — Hozirda boshqarma buyurtmachiligidagi 4N400 “Achchi q.-Koriz q.-Sangijumon q.“ avtomobil yoʻlining 9—14-kmda taʼmirlash ishlari Xatirchi tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan 2,8 mlrd.soʻmlik ishlar bajarildi. Shu bilan birga, unga olib boruvchi uzunligi 2,8 km ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari “Navoiy mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” DM buyurtmachiligida olib borilmoqda.

Yoʻllar har bir hudud sayyohlik jozibadorligining garovi. Shu jihatdan mazkur yoʻnalishdagi yoʻlning rekonstruksiya qilinib, xavfsizligining oshirilishi Nurota va Xatirchi tumanlariga sayyohlik oqimining oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Respublika Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Navoiy viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi hamkorligida viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari uchun oʻtkazilgan press-turda ishtirokchilar viloyat yoʻlsozlari joriy yilda yoʻllar holatini yaxshilash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, viloyatning Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy darasi”ga eltuvchi yoʻlning rekonstruksiyasi, yoʻl infratuzilmasining yangilanishi, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari, bugun yoʻlsozlar ixtiyoridagi texnikalar boʻyicha toʻliq maʼlumotga ega boʻldi.

— Ish unumi va sifati oshishida mamlakatimiz Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni faoliyatimizni isloh etish bilan birga, yoʻl qurilishi va ulardan foydalanish borasida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, — deydi bosh boshqarma boshligʻi Alisher Halimov. — Mazkur islohotlarga qadar faoliyatimizda har doim koʻplab muammolarni yoʻl-yoʻlakay bartaraf etishimizga toʻgʻri kelardi. Ham texnik, ham maʼnan eskirgan texnikalar, xom-ashyo taʼminotidagi uzilishlar tufayli yoʻl qurilishi, taʼmirlash maqsadlariga ajratilgan mablagʻlarni qiyinchilik bilan oʻzlashtirib, yillik rejalarimizni zoʻrgʻa uddalardik. Bugungi kunda tizimimizdagi yoʻl korxonalarida jami 10 dona asfalt-beton ishlab chiqarish zavodlari mavjud. Shuningdek, barcha turdagi yoʻl qurilishi texnikalariga egamiz.

Press-tur ishtirokchilari matbuot anjumanida soha bilan bogʻliq savollariga batafsil javob olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер