R. Davletov: “Jazo katta-yu kichik «baliq”larga birdek muqarrar boʻlishi kerak»
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov korrupsiyaga qarshi eng yaxshi chora haqida @huquqiy_gap telegram kanalida oʻz fikr-munosabatlarini bayon qildi:
«Korrupsiyaga qarshi eng yaxshi chora qaysi? Koʻpchilik oʻlim jazosi deydi. Qonun ustuvorligi yuqori va korrupsiya darajasi past davlatlar qonunchiligini koʻrsangiz, birontasida oʻlim jazosi yoʻq. Ular zamonaviy, madaniy usullar bilan bu natijalarga erishgan.
Hamma Singapurni misol keltiradi. Singapurda korrupsiya uchun eng yuqori qamoq muddati 7 yilgacha qilib belgilangan. Bizda esa 15 yil, lekin korrupsiya koʻrsatkichi yuqori.
Koʻrinadiki, gap jazoning katta-kichikligida emas, muqarrarligida. Jazo kattayu kichik “baliq”larga birdek muqarrar boʻlishi kerak.
Oyliklarni koʻtarish esa korrupsiyaga qarshi qisman, ammo mutlaq chora emas. Bu korrupsiya koʻrsatkichini kamaytirishi mumkin. Lekin nohalol xodimlarga nisbatan ish bermaydi.
Li Kuan Yu aytadi: “Men muttaham xodimlarga koʻp oylik bersam, ular koʻp oylik olib ham muttahamligini qilaveradi”. Shuning uchun oyliklarni oshirish bilan birga, ish jarayonlarni tahlil qilib borish va qatʼiy tozalash ishlarini olib borish lozim.
Masalan, biz notariat sohasida oyliklarni oshirish bilan birga, talabni ham qattiq qoʻydik, yaʼni “agressiv kadr siyosati”ni olib bordik. Bu obrazli qilib aytganda “boshini shart olib tashlash” degani.
Xususan, FHDYO tizimi hokimiyatdan bizga oʻtgach, xodimlarni ochiq-shaffof attestatsiya qildik, shunda ayrim hududlarda hattoki 50 foiz xodim attestatsiyadan oʻtolmadi. Bu jarayonda koʻp taʼnayu noroziliklar boʻldi bizga nisbatan, lekin tizimni tozalash yoʻlida prinsiplarimizda qatʼiy turdik. Nohalol xodim ishlagandan koʻra oʻsha joy boʻsh turgani yaxshi. Notariatda, davlat xizmatlari sohasida ham shu yoʻlni tutdik.
Koʻplar diniy taʼlim bersak, halol haromni oʻrgatsak, korrupsiya chekinadi deydi. Lekin diniy taʼlimni tugʻilganidan miyasiga quyadigan davlatlarni koʻrsak, ularning korrupsiyaga qarshi kurash natijalari havas qilarli emas. Biz buni oʻrganganmiz, tahlil qilganmiz, diniy voizlarni jalb etganmiz, ular maʼruzalar qilishgan. Bu ham maʼlum bir qatlamga, maʼlum bir jarayonda taʼsir qiladi.
Shuningdek, madaniyat va milliy mentalitet ham korrupsiyaga taʼsir qiladi. Urugʻ-aymoqchilik, mahalliychilik, traybalizm kabi omillarning salbiy taʼsirini rad etolmaymiz.
Demak, rivojlanishimizga salbiy taʼsir qiladigan odatlar boʻlsa, ulardan voz kechish kerak. Mana, toʻylardagi odatlarni xalqning oʻzi ham tanqid qiladi, odamlar oʻzi ham bu urf-odatlardan noroziku. Xitoyda ham siyosatchilar prokuror, sudyalar va advokatlar orasida norasmiy munosabatlar borligini tan olib, umuman shu insonlar uchun shaxsiy munosabatlarni taqiqladi. Demak, muammoni tan oldi va shunga qarshi zarba berdi.
Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashda konkret bitta usul samarali deyish notoʻgʻri. Hukumat bu masalaga institutsional, tizimli va kompleks yondashishi, katta sotsiologik tadqiqotlar qilinishi, institutlar ishlashi kerak. Yaʼni muammo ilmiy yondashilgan holda hal etilishi muhim».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring