Quyosh panellari daromad keltirmoqda

12:11 09 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
144 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Energiya samaradorligini oshirish boʻyicha Samarqand viloyati hududlarida amaliy ishlar olib borilmoqda. Aholi va ijtimoiy soha obeʼktlarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlash maqsadida viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 2023-2024-yilllar davomida 1 779 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga muqobil energiya vositalarini sotib olish uchun 157 464 million soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan. Jumladan, 1 426 nafar fuqaroga 40 010 million soʻm, 353 nafar yuridik shaxslarga 117 455 million soʻm kredit berilgan. Shuningdek, 2024-yil davomida 234 nafar jismoniy shaxslarga 6 747 million soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.

– Juvozxona mahallasida birinchilardan boʻlib mening xonadonimga quysh panellari oʻrnatildi. 25 million soʻmlik kredit evaziga oʻrnatilgan mazkur panellarning qulayligini birdan sezdim, – deydi Payariq tumanidagi 14-maktab direktori Gʻulom Eshatov. – Mahallamizda yaqinda elektr energiyasida uzilish boʻldi. Aynan quyosh paneli sabab xonadonimda chiroq oʻchmadi. Istaganda televizor tomosha qilamiz. Maishiy texnikalarni ishlatamiz.

Quyoshli kunlar koʻp yurtimizda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish juda samarali. Bugungi kunda tejamkor qurilmalardan foydalanib, uyini elektr bilan taʼminlashdan tashqari choʻntagiga daromad ham keltirayotganlar koʻp.

Past Dargʻom tumani Nayman mahallasida yashovchi Alisher Hamroyev oʻz xonadoniga quyosh batareyalari oʻrnatib daromad olayotganlardan biri. U ikki yildan buyon 15 KValik quyosh panellari orqali muzlatkich, 2 ta konditsioner, televizor, oʻnga yaqin tejamkor chiroqlardan foydalanib keladi.

– Uydan tashqari ustaxonamda ham turli qurilmalar ishlataman, – deydi usta A.Hamroyev. – Shu paytgacha elektr energiyasi uchun koʻp mablagʻ sarflardim. Hisoblagichimda puli tugab qolsa, asabim buzilardi. Quyosh panellari oʻrnatganimda ayrim tanishlarim “uning foydasi yoʻq, muzlatkich va konditsionerni yoqishga kuchi yetmay tez ishdan chiqadi”, deyishdi. Shunday boʻlsada, 28 dona panelni batareyasi bilan keltirib oʻrnatdik. Betoʻxtov ishlab turibdi. Ehtiyojdan ortgan elektr quvvatini sotib, daromad ham qilyapman.

Yaqinda Alisher Hamroyev uyiga quyosh nurlari bilan isitiladigan geliokollektor ham oʻrnatdi. Bu issiq suv muammosini hal etdi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazga boʻlgan talab yildan-yilga ortib borayotgan bugungi kunda tabiiy energiya manbalarini saqlab qolish, muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish barcha uchun qulay.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер